Roʻyxatdan oʻtish muvaffaqiyatli boʻldi!
Iltimos, ga joʻnatilgan xatdagi havolaga oʻting
Jamiyat

Rasmiylar "qoʻylar mitingi" voqeasiga izoh berdi

© AFP / DPA / KARL-JOSEF HILDENBRANDStado ovets v gorax
Stado ovets v gorax - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 09.04.2021
TOSHKENT, 9 apr - Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatidagi Nurobod tumani hokimligi binosi oldida 6 ming bosh qoʻy haydab kelingani haqida video va xabarlar tarqalgan edi.
OʻzA xabariga koʻra, Samarqand viloyati hokimligida Nurobod tumani sektor rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani oʻtkazilib, unda qoʻy haydab kelganlarga nisbatan chora koʻrmaslik qarori qabul qilingan.
Tuman hokimi Faxriddin Zoyirovning aytishicha, tuman asosan chorvachilikka ixtisoslashgan va fermer xoʻjaliklar va aholi asosan chorvachilik bilan shugʻullanadi.
"Ular shu paytgacha tumanimizda mavjud yaylovlardan foydalanib kelgan. Davlatimiz rahbari tomonidan 2020 yil 2 sentyabrda "Oʻzbekiston Respublikasida pillachilik va qorakoʻlchilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi farmon qabul qilingach, tumanimizdagi 348,2 ming gektar yaylov yerlar Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasi balansiga berildi. Ana shu yerlar “Samarqand qorakoʻl klaster” (151 ming gektar) hamda “SP LUXE” (197, 2 ming gektar) klaster korxonalariga ajratib berilgan. Bu korxonalar oldiga hududda chorvachilikni rivojlantirish, sohaga zamonaviy innovatsiyalarni jalb qilish, mahsulotni qayta ishlash va eksport qilish, yangi ish oʻrinlari yaratish kabi vazifalar qoʻyilgan. Endilikda aholi, fermer xoʻjaliklari mazkur klaster korxonalari bilan shartnoma asosida ishlashlari talab etiladi. Bu mavjud yaylovlardan foydalanish, goʻsht, teri, jun mahsulotlari realizatsiyasi, chorva naslini yaxshilash bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Tuman hokimligi oldiga qoʻy suruvi haydab kelingan Qilichli mahallasi hududida ham “Sohibkor Hojiakbar” fermer xoʻjaligi klaster korxonasi bilan shartnoma imzolab, 1440 bosh chorvasini boqish uchun 837 gektar yaylov yer maydonini 49 yilga ijaraga olgan. Ammo fermer oʻzi uchun ajratilgan yerga koʻrsatilganidan koʻp miqdorda, yana 1000 boshdan ziyod qoʻy olib kelib boqqani va bu chorva mollari aholi yaylov sifatida foydalanib kelayotgan yerlarga oʻtib ketishi mumkinligi sababli fuqarolar bundan norozi sifatida ana shu qoʻy suruvini hokimlik binosi oldiga haydab kelgan. Shu kunning oʻzida klaster korxonasi taʼsischisi, fermer xoʻjaligi va aholi bilan ushbu masala yuzasidan gaplashib, fermerning belgilanganidan ortiqcha chorvasi bu yerdan chiqarib yuborildi. Shuningdek, mahalla hududida yana 2-3 ta fermer masʼuliyati cheklangan jamiyat tarzida korxona tashkil etib, ularga aholi aʼzo boʻlishi va klaster bilan shartnoma asosida ish olib borishga kelishib olindi", - deya iqtibos keltiradi hokim soʻzlaridan nashr.
Tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi, 3-sektor rahbari A.Ochilov Qilichli mahallasi uning sektori hududiga kirishi va yil boshidan buyon mahallada aholi bilan toʻrt marta uchrashuv oʻtkazgan boʻlsa-da, yaylov masalasida murojaat tushmaganini qayd etgan.
"Kechagi voqealar yangi tartib boʻyicha aholi oʻrtasida tushuntirish ishlarini keng koʻlamda olib borish lozimligini koʻrsatdi va bu boradagi ishlarni yanada jonlantiramiz", -deya vaʼda bergan tuman IIB rahbari hamda ushbu holat yuzasidan hech kimga nisbatan biror bir huquqiy chora koʻrilmasligini maʼlum qilgan.
Yangiliklar lentasi
0
Avval yangilariAvval eskilari
loader
LIVE
Zagolovok otkrыvayemogo materiala