Sport

Futboldagi inqilob: Yevropa superligasi haqida nimalar maʼlum

Futbolnoye pole - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 19.04.2021
Yevropa superligasi tashkil etilishi nafaqat Yevropa, balki butun dunyo futboli uchun olamshumul voqea boʻldi. Uning atrofidagi bahs-munozaralar tinmayapti.
TOSHKENT, 19 apr — Sputnik. Kecha futbol muxlislari uchun kutilmagan voqea roʻy berdi. Yangi Yevropa superligasi tuzilgani haqida rasman eʼlon qilindi. Bu futbol olamida qizgʻin muhokama va eʼtirozlarga sabab boʻlmoqda. Xoʻsh, Superliga xususida nimalar maʼlum va nimalarni bilish zarur?

Nima boʻldi?

Qitʼaning 12 ta yirik klubi Superliga tashkil etilishini rasman eʼlon qildi. Yangi musobaqa tashkil etishning asosiy sababi, ular oʻz daromadlarini kambagʻal jamoalar va UYEFA bilan boʻlishishni istashmaydi.
UYEFA esa yangi turnirga qoʻshilishga rozilik bildirgan klublarni barcha ichki va xalqaro musobaqalardan chetlatilishi, bundan tashqari ushbu klublarda toʻp surayotgan futbolchilar terma jamoalarda oʻynay olmasligini bildirdi.

Tashabbus kimdan chiqdi?

Florentino Peres va Andrea Anyelli. Ikkinchisi nafaqat “Yuventus” prezidenti, balki 246 futbol klubi manfaatlarini himoya qiluvchi Yevropa klublari assotsiatsiyasi (ECA) rahbari hamdir. “Real Madrid” xoʻjayini Florentino Peres yangi turnirning prezidenti boʻldi. Uning oʻrinbosarlari - Joel Gleyzer (“Manchester Yunayted”) va Andrea Anyelli.
Peresning ishonchi shunchalik kuchli boʻlganki, hatto Xosep Bartomeu (“Barselona”ning sobiq prezidenti) ham uning taʼsiriga tushgan.
La Liga prezidenti Xavyer Tebas bu xususda shunday dedi:
“Menimcha, Bartomeuni Florentino Peres boshqargan. Ushbu ligani yaratish hamisha “Real” prezidentining orzusi edi. U bu loyiha ustida uzoq vaqt ishlagan, shuning uchun bu yangilik emas. Ilgari “Barselona” La Liga, UYEFA va FIFA bilan ishlashda oʻz fikriga ega edi. Ammo soʻnggi 3 yildan buyon ular “Real”ning harakatlarini takrorlamoqda”.

Kimning pullari evaziga?

Maʼlum boʻlishicha, bosh homiy mashhur JP Morgan banki boʻladi. Ular ligaga 4,6 milliard funt sarmoya kiritishga shay. Bank oʻz mablagʻlarini efirga uzatish huquqlarini sotishdan va kelajakdagi boshqa daromadlardan qaytarishni rejalashtirmoqda.
Superligani, shuningdek, startaplar va yosh loyihalarni barpo etadigan Key Capital Partners kompaniyasi ham qoʻllab-quvvatlaydi. KCP yetarli mablagʻga ega emas. Ular 2007 yildan beri 100 million funt sarmoya kiritgan, xolos. Ammo kompaniya yangi homiylarni jalb qilishi mumkin.
!Corriere dello Sport” nashri xabariga koʻra, DAZN televizion huquqlar uchun 3,5 milliard yevro toʻlashga tayyor. Ammo kompaniyaning oʻzi hozircha bu xabarni inkor etmoqda (Reuters).
Superligaga asos solgan top-15 ta klub rivojlanish uchun umumiy hisobda 3,1 mlrd funt oladi (har bir jamoa 89 milliondan 310 mln funtgacha). Ular ushbu mablagʻlarni oʻz stadionlarini taʼmirlashga, mashgʻulot bazalariga yoki COVID-19 tufayli chiptalar savdosidan koʻrilgan zararlarni qoplashga sarflashi mumkin.

Shakl qanday boʻladi?

Taʼsischilar rejasiga koʻra, Superliga 20 ta klubdan iborat boʻladi. Jamoalar 10 tadan ikkita guruhga boʻlinadi va uy-safar tizimida oʻyinlar oʻtkazadi. Shunda har bir ishtirokchi klub uchun 18 ta oʻyin oʻtkazish kafolatlanadi. Chempionlar ligasining yangi shakdida esa bu koʻrsatgich 10 tani tashkil etadi. Joriy yilning avgustida boshlash moʻljallanmoqda.
Uchrashuvlar hafta oʻrtalarida (Chempionlar ligasi oʻrniga) oʻtkaziladi, shu sababli jamoalar oʻz chempionatlarida ham oʻynashlari mumkin, agar UYEFA ularni bu huquqdan mahrum etmasa, albatta.
Guruhdan eng yaxshi natija qayd etgan 3 tadan jamoa keyingi bosqichga chiqadi. 4- va 5-oʻrinlarni egallagan klublar esa keyingi bosqichga chiqish uchun oʻzaro pley-off oʻyinida ishtirok etadi. Chorak va yarim final bahslari odatdagidek uy-safar tizimida oʻtkaziladi. Final uchrashuvi esa may oyi oxirlarida neytral maydonda boʻlib oʻtadi.
Tashkilotchilar keyinchalik huddi shu formatda ayollar oʻrtasida ham Superligani oʻtkazishni koʻzlashmoqda.

Kimlar rozilik bildirdi?

12 ta klub: “Manchester Yunayted", "Liverpul", "Manchester Siti", "Arsenal", "Chelsi", "Tottenxem", "Barselona", "Real", "Atletiko", "Inter", "Milan" va "Yuventus".
“Barselona” uchun qarorni sobiq prezident Xosep Bartomeu qabul qilgan. U oʻz lavozimidan ketishga bagʻishlangan matbuot anjumanida Superligaga qoʻshilish haqida quyidagi fikrlarni bildirgan edi:
“Men sizga gʻayrioddiy yangiliklarni aytib berishim mumkin. Kecha biz klubning kelajakdagi moliyaviy barqarorligini kafolatlaydigan boʻlajak Yevropa Superligasida ishtirok etish taklifini va klublar oʻrtasidagi jahon chempionatining yangi formatini qabul qildik”.

Kimdir rad etdimi?

Ha, "Borussiya Dortmund", "Bavariya" va PSJ bu gʻoyani qoʻllab-quvvatlamagani aniq. “The Athletic” va “The New York Times” nashrlarining yozishicha, nemis klublari hozirgi tuzilma va qadrdon musobaqadan voz kechishni xohlamagan.
Ammo PSJ bilan yanada qiyinroq. Birinchidan, parijliklar bunday musobaqada faqat boy jamoalar ishtirok etmasligi kerak deb hisoblashadi. Ikkinchidan, PSJ prezidenti Nosir Al-Xelayfi UYEFA direktorlar kengashida faoliyat yuritadi. Bundan tashqari u “beIN Media Group”ni boshqaradi. Qatar telekompaniyasi Chempionlar ligasi uchrashuvlarini efirga uzatish uchun UYEFAga millionlab pul toʻlagan.

Nega aynan hozir?

Dastlab Chempionlar ligasining yangi formati mart oxirida taqdim etilishi kerak edi, ammo kerakli sanaga qadar UYEFA Yevropa klublari assotsiatsiyasi (ECA) bilan kelishuvga erisha olmadi.
Yevropa klublar assotsiatsiyasi UYEFAning klub musobaqalari qoʻmitasi bilan boʻladigan yigʻilishdan bir kun oldin ular hali ham oʻzaro kelishuvga erisha olishmaganini maʼlum qildi. Gap shundaki, top-klublar koʻproq kuchga ega boʻlishni, shuningdek, tijorat va efirga uzatish huquqlarini sotishda faol ishtirok etishni xohlaydi.

UYEFA va ligalar nima deydi?

UYEFA, Ispaniya, Angliya, Italiya federatsiyalari qoʻshma bayonot berdi - inqilobchilarni koʻngilsizliklar kutmoqda. Bayonotda Yevropa Superligasi loyihasida ishtirok etishdan bosh tortgan nemis va frantsuz klublarga minnatdorchilik ham bildirilgan.
Rossiya premyer ligasi ham yangi klub turniri tashkil etilishiga qarshi chiqdi.
FIFA ham oʻz navbatida Yevropa futbol superligasi tashkil etilishini maʼqullamasligini bildirdi, zero musobaqa xalqaro futbol chegarasidan tashqariga chiqadi.
“Sky Sport Italia” tarqatgan xabarga koʻra, UYEFA Superligada ishtirok etadigan har bir klub va har bir futbolchini oʻz musobaqasidan chetlatmoqchi. Bundan tashqari, UYEFA ushbu klublarga nisbatan 50-60 milliard yevro miqdorida daʼvo arizasi bilan murojaat qiladi.
Manba.
Yangiliklar lentasi
0
Avval yangilariAvval eskilari
loader
LIVE
Zagolovok otkrыvayemogo materiala