Ko‘p xonadonli uylarni boshqarish shirkatlarining 30% yaxshi ishlaydi xolos – prezident

Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 27.04.2021
Obuna bo‘lish
Ko‘p xonadonli uylar muammolari o‘rganib chiqilib, ularni hal qilish uchun ta’mirlash jamg‘armalari, har bir uyning alohida xisob raqami hamda uy quruvchi tashkilot javobgarligi belgilanadi.
TOShKENT, 27 apr – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimiga oid taqdimot bilan tanishdi.
Unda aytilishiga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda ko‘p xonadonli uylarni boshqarish shirkatlari jami soni 4 ming 430 ta bo‘lib, shundan atigi 1 ming 350 tasi yoki 30 % yaxshi ishlaydi, xolos, qolgani o‘rta va og‘ir sharoitda.
Asosiy muammolar quyidagilar:
tariflarning norentabelligi;
hisob-kitoblarning shaffof emasligi;
muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarining eskirgani;
ko‘p shirkatlar, kadrlar yetishmasligi tufayli, o‘z vazifasini bajarmaydi.
Oqibatda xonadon egalarining shirkat va boshqaruv kompaniyalariga ishonchi yo‘qolgan. Badallarning to‘liq yig‘ilmasligi tufayli debitorlik qarzdorligi oshib ketgan.
Ushbu va boshqa muammolar chet ellik mutaxassislar yordamida o‘rganilib quyidagi takliflar ishlab chiqilgan.
1.
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining hududiy boshqarmalari huzurida Ko‘p kvartirali turar joy fondini ta’mirlash jamg‘armasini tashkil etish, uni 35 % respublika budjeti, 35 % - mahalliy budjet va qolgan 30 % - mulkdorlar to‘lovidan jamg‘ariladigan mablag‘lar hisobidan shakllantirish rejalashtirilgan.
2.
Hisob-kitoblarning shaffofligini ta’minlash maqsadida boshqaruv tashkilotlari va shirkatlarning elektron reyestrini yuritish, har bir ko‘p qavatli uyga alohida shaxsiy hisob raqam ochish, uyning xizmat ko‘rsatish hududini aniq belgilash, mulkdorlarga hisobot berish tartibini takomillashtirish, hisob-kitoblarga billing tizimini joriy qilish mo‘ljallangan.
3.
Yangi ko‘p qavatli uylar foydalanishga topshirilganidan keyin ikki yil mobaynida quruvchi tashkilot boshqaruvida bo‘lishini belgilash, turar joylarni saqlash va undan texnik foydalanish qoidalarini ishlab chiqish ham talab etilmoqda. Boshqaruv kompaniyalari va shirkatlar xodimlarini o‘qitish tizimini tubdan takomillashtirish ham nazarda tutilmoqda.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda 37 ming 402 ta ko‘p qavatli uy, ularda 1 million 300 mingdan ortiq xonadon bor. Bu uylarning 68 %ga shirkatlar, 24 %ga boshqaruv kompaniyalari xizmat ko‘rsatadi, 8 % uylar esa mulkdorlar tomonidan umuman boshqarilmaydi.
Yangiliklar lentasi
0