Jamiyat

DTM kirish imtihonlari haqida eng koʻp soʻraladigan savollarga javob berdi

© Xokimiyat Tashkentskoy oblastiVstupitelnыe ekzamenы v Tashkentskiy filial "MISiS"
Vstupitelnыe ekzamenы v Tashkentskiy filial MISiS - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 05.06.2021
DTM matbuot xizmati rahbari Orziqul Boboyev 2021 -2022 oʻquv yilida kirish imtihonlari haqida eng muhim savollarga javob berdi.
TOSHKENT, 5 iyun — Sputnik. Bu yil kirish imtihonlari 5ta fandan boʻladi va ular 3 soatu 30 daqiqa davom etadi. Rasmiy xabarlar telegram kanali maʼlumotiga asosan.
Bu yil 5 ta fandan test sinovi belgilandi, lekin nega 3 soat 30 daqiqa berildi. Oʻtgan yili 2 ta fandan 3 soat vaqt berilgan edi?
Bu vaqtinchalik tartib oʻtgan yili yurtimizda pandemiya sharoitini hisobga olgan holda joriy etilgan edi. Bu yil sharoit oʻtgan yilga qaraganda ancha barqaror, shuning uchun Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 apreldagi 261-son qarori bilan tasdiqlangan nizomda belgilanganidek, har 30 ta test topshirigʻiga 1 soat vaqt ajratiladi.
Onlayn roʻyxatdan oʻtayotganda taʼlim yoʻnalishlarini ham oʻzbek, ham rus tilidagilarini tanlasa boʻladimi?
Yoʻq, tanlab boʻlmaydi. Taʼlim yoʻnalishlarini tanlashda taʼlim shakli va taʼlim tili bir xil boʻlishi talab etiladi.
Milliy test tizimi toʻliq joriy etildimi? Hamma fanlardan sertifikat berish boshlandimi?
Bugungi kunga qadar ona tili va adabiyot, matematika, kimyo va biologiya fanlaridan joriy etib boʻlindi. Ushbu fanlardan test sinovi oʻtkazilib, kerakli natijaga erishgan talabgorlarga milliy sertifikat topshirilmoqda.
Bulardan tashqari, garchi fizika fanidan 2022 yilda joriy etish belgilangan boʻlsa-da, bu yil uning ustuvor fanlar sirasiga kiritilganligi bois, ushbu fandan sertifikatlashni joriy yildayoq yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.
Bu yildan taʼlim yoʻnalishlari sonini cheksiz tanlash mumkinligi toʻgʻrimi?
DTM abituriyentlarning taʼlim yoʻnalishlarini tanlashda cheklovlarni olib tashlashga oid takliflar ishlab chiqdi va kerakli tashkilotlarga yubordi.
️Agar bu taklif qabul qilinib, normativ-huquqiy hujjat asosida tasdiqlansa amalga oshishi mumkin. Hozircha bu borada oʻzgarish yoʻq. Shuning uchun, 5 tagacha tanlov amalda.
Oʻtgan yillarda oʻtkazilgan test sinovlarida yozuvsiz xarita, jadval, rasmli koʻrinishdagi yangi test topshiriqlari qoʻllanilgan edi. Bu yil ham qoʻllaniladimi?
Ha, albatta. Abituriyentlarning test topshiriqlarini tez anglay olishlari, fikrlashlari va vaqt tejashlari uchun joriy yilda ham tarix, geografiya, shuningdek, ingliz, nemis, frantsuz tillari, biologiya va kimyo fanlaridan yozuvsiz xarita, jadval, rasmli koʻrinishdagi test topshiriqlari boʻladi.
Test sinovlarida nogiron abituriyentlarga qanday xizmatlar koʻrsatiladi?
Oʻtgan ikki yillarda oʻtkazilgan test sinovlarida nogironligi bor abituriyentlarni oxirgi kunlarga qoldirish, yaqin binolarga joylashtirish, binolarga olib borish, olib kelish uchun transport ajratish imkoniyatini yaratish, test sinovi topshirish jarayonida test topshiriqlarini yechib boʻlgan, lekin masalan, qoʻli titrab, javoblar varaqasini boʻyashga qiynalgan nogironlarga dalolatnoma tuzish va qolgan abituriyentlarga eʼlon qilgan holda yordam koʻrsatilgan. Bu yil ham ular eʼtiborsiz qoldirilmaydi.
Agar matematika fanidan milliy sertifikat olsa, majburiy va ixtisoslik fanidagi matematikaga oʻtadimi?
Yoʻq, u faqat ixtisoslik fanlari uchun amal qiladi. Majburiy fanlardan test sinovini topshirish kerak.
Elektron toʻlovni amalga oshirishda foiz ham olib qolinadi. Boshqa turda toʻlov qilsa boʻladimi?
Toʻlovni elektron shaklda emas, eng yaqin bankka borib amalga oshirsa ham boʻladi. Unda ortiqcha toʻlov olinmaydi.
Milliy test tizimi doirasida matematika fanidan test topshirib, 70 foizlik sertifikat oldim. Lekin koʻnglim toʻlmayapti, boshqatdan topshirsam boʻladimi?
Talabgor navbatma-navbat oʻzi tanlagan taʼlim yoʻnalishiga mos umumtaʼlim fanlaridan sertifikatlarga ega boʻlishi yoki biror fandan past ball toʻplagan taqdirda, yuqori natijaga ega boʻlish maqsadida, uni qayta topshirishi ham mumkin.
Shuningdek, abituriyent sertifikati boʻlsa ham, oʻz ixtiyoriga koʻra shu fandan kirish test sinovini topshirishi ham mumkin, monelik yoʻq, bunday hollarda sertifikatdagi emas, kirish test sinovi natijasi hisobga olinadi.
Yangiliklar lentasi
0
Avval yangilariAvval eskilari
loader
LIVE
Zagolovok otkrыvayemogo materiala