Jamiyat

Birinchi avgustdan nimalar oʻzgardi?

© Foto : Gena96Kalendar s chislami
Kalendar s chislami - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 01.08.2021
Hokimliklarning yerni toʻgʻridan-toʻgʻri ajratish vakolatidan mahrum boʻlishi, amaldorlarga biriktirilayotgan avtomobillar, YAIDXPda yangi xizmatlar – batafsil maqolada.
TOSHKENT, 1 avg — Sputnik. Adliya vazirligi 1 avgustdan mamlakat qonunchiligida nimalar oʻzgarishi haqida maʼlumot tayyorladi.
1. Hokimliklarning yerni toʻgʻridan-toʻgʻri ajratish vakolati bekor qilinadi.
Hokimliklarning yerga oid quyidagi vakolatlari bekor qilinadi:
yerni toʻgʻridan-toʻgʻri ajratish, foydalanishga berish, zaxiralash, biriktirish, obodonlashtirish uchun berish yoki yerlarni boshqacha yoʻl bilan tasarruf qilish;
tuman va shahar hokimliklari tomonidan yerga boʻlgan huquqlarni belgilash, eʼtirof etish, oʻzgartirish, bekor qilish;
sugʻoriladigan yerlarni sugʻorilmaydigan yerlar toifasiga yoki boshqa yer toifasiga, sugʻorilmaydigan qishloq xoʻjaligi yerlarini boshqa yer toifasiga oʻtkazish;
jamoa bogʻdorchiligi, uzumchiligi va polizchiligi hamda yordamchi qishloq xoʻjaligini yuritish uchun yer berish;
xususiylashtiriladigan yerga nisbatan investitsiya majburiyatlari yoki xususiy mulkni erkin tasarruf etishni cheklaydigan boshqa majburiyatlarni belgilash.
2. Ayni bir hujjat bilan yoki bir vaqtning oʻzida yerni olib qoʻyish, zaxiraga olish, boshqa shaxsga ajratish taqiqlanadi.
Yangi tartib bilan yer uchastkalari xususiy sektorga – mulk va ijara huquqi asosida, davlat organlari, muassasalari, korxonalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga – doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi.
Meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik, doimiy egalik, vaqtincha foydalanish huquqi bilan yer ajratish tartibi bekor qilinadi, bunda ilgari ajratilgan yer uchastkalariga boʻlgan bunday huquqlar ularning egalarida amaldagi tartibda saqlanib qoladi.
Ijaraga olingan yer uchastkasida qurilgan koʻchmas mulk obʼyektiga mulk huquqi boshqa shaxsga oʻtgan taqdirda, yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqi ham yangi mulkdorga oʻtadi.
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar ochiq elektron tanlov yakunlariga koʻra, faqat ijara huquqi asosida ajratiladi.
3. Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimi joriy etiladi.
Baholash tizimi boʻyicha sport sinovlari maxsus va ixtiyoriy ravishda aholining yetti yoshdan yetmish yoshgacha boʻlgan qatlami va undan kattalarning jismoniy tayyorgarligini aniqlaydi.
Sport sinovlari 15 turdagi mashqlardan iborat boʻladi.
Ishtirokchilarga 11 ta yosh toifasi boʻyicha egallagan oʻrni va darajasiga qarab sport razryadlari va unvonlari beriladi.
4. Xorijdan mahsulot sotib olib, import qilmasdan uchinchi davlatga toʻgʻridan-toʻgʻri sotishga ruxsat beriladi.
Hukumat qarori bilan bojxona rejimi talabida xorijiy buyurtmachi mavjud boʻlmagan hollarda ham qayta ishlash operatsiyalariga ruxsat beriladi;
tadbirkorga chetdan xomashyo sotib olib, ularni respublika hududida bojxona toʻlovlari toʻlamagan holda qayta ishlagandan soʻng istalgan xorijiy hamkoriga sotish imkonini beradigan olib chiqish, olib kirish, sotish va sotib olish boʻyicha yangi turdagi tashqi savdo kontraktlari amaliyotga kiritiladi;
mahalliy eksport qiluvchi tashkilotlarga xorijiy davlatdan mahsulot sotib olib, import qilmasdan uchinchi davlatga toʻgʻridan-toʻgʻri sotishga ruxsat beriladi;
olib kirish kontraktini olib chiqish kontrakti bilan, shuningdek, sotib olish kontraktini sotish kontrakti bilan oʻzaro bogʻliq holda monitoring qilish tartibi joriy qilinadi.
5. Davlat boshqaruvi organlarining xizmat avtotransport vositalari ularning rahbarlariga shaxsan biriktiriladi.
xizmat avtotransport vositalari respublika davlat boshqaruvi organlarida, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlarida rahbarlar hamda ularning oʻrinbosarlariga biriktiriladi;
respublika davlat boshqaruvi organlari tizimidagi tashkilotlar va ularning hududiy boʻlinmalarida birinchi rahbarlarga shaxsan biriktiriladi.
Bundan tashqari, respublika davlat boshqaruvi organlarida autsorsing shartlari asosida avtobus, taksi va boshqa avtotransportlar xizmatlaridan foydalanish tizimi joriy etiladi.
Yangi tipdagi davlat raqami belgilari bilan qayta roʻyxatdan oʻtkazilmagan tegishli xizmat avtotransport vositalarining harakatlanishi taqiqlanadi.
6. Hududlardagi nodavlat taʼlim tashkilotlarining binoni ijaraga olish xarajatlari bir qismi qoplab beriladi.
2024 yil 1 yanvargacha taʼlim jarayonida foydalaniladigan bino va inshootlar ijara toʻlovi xarajatlarining 50 foizigacha davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.
Ushbu tartib Toshkent va Samarqand shaharlarida joylashgan va taʼlim jarayonida foydalaniladigan bino va inshootlarga tatbiq qilinmaydi.
7. Majburiy toʻlovlarni onlayn rejimda toʻlash imkoniyati yaratiladi.
1 avgustdan davlat bojlari, yigʻimlar, jarimalar va boshqa majburiy toʻlovlarni onlayn rejimda toʻlash imkoniyati yaratiladi.
8. Haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish uchun barcha hujjatlarni YAIDXP orqali ham taqdim etish imkoniyati yaratiladi.
YAIDXP orqali xizmat koʻrsatiladi:
avtomototransportlar va shahar elektr transportlari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatuvchi yuridik shaxslarning oʻquv guruhlarini roʻyxatga olish;
avtomototransportlar va shahar elektr transportlar haydovchiligiga nomzodlardan imtihonlarni qabul qilish uchun hujjatlarni va milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish.
9. Homilador ayollarni kompleks kuzatish boʻyicha yagona tizim joriy etiladi.
Homilador ayolning kompleks kuzatuvi yagona maʼlumotlar bazasini yaratiladi.
Perinatal va skrining markazlari hamda birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalaridagi onalar va bolalar salomatligiga masʼul tuzilmalar tomonidan yagona maʼlumotlar bazasiga zarur maʼlumotlarni kiritish, shuningdek, homilador ayollarning tibbiy kartasini yuritiladi.
Shakllangan maʼlumotlarga asosan homilador ayollarga zarur maslahatlar beriladi.
10. Davlat xaridlari sohasida oʻtkaziladigan tender natijalarini majburiy tarzda ochiq eʼlon qilish yoʻlga qoʻyiladi.
Davlat xaridlari sohasida shaffoflik va qonuniylikni taʼminlash, korruptsiyaviy holatlarning oldini olish maqsadida davlat xaridlari sohasida oʻtkazilayotgan tender (tanlash) natijalarini majburiy tarzda ochiq eʼlon qilish amaliyoti joriy etiladi.
Yangiliklar lentasi
0
Avval yangilariAvval eskilari
loader
LIVE
Zagolovok otkrыvayemogo materiala