Birinchi avgustdan nimalar o‘zgardi?

© Foto : Gena96Kalendar s chislami
Kalendar s chislami - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 01.08.2021
Obuna bo‘lish
Hokimliklarning yerni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish vakolatidan mahrum bo‘lishi, amaldorlarga biriktirilayotgan avtomobillar, YaIDXPda yangi xizmatlar – batafsil maqolada.
TOShKENT, 1 avg — Sputnik. Adliya vazirligi 1-avgustdan mamlakat qonunchiligida nimalar o‘zgarishi haqida ma’lumot tayyorladi.
1. Hokimliklarning yerni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish vakolati bekor qilinadi.
Hokimliklarning yerga oid quyidagi vakolatlari bekor qilinadi:
yerni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish, foydalanishga berish, zaxiralash, biriktirish, obodonlashtirish uchun berish yoki yerlarni boshqacha yo‘l bilan tasarruf qilish;
tuman va shahar hokimliklari tomonidan yerga bo‘lgan huquqlarni belgilash, e’tirof etish, o‘zgartirish, bekor qilish;
sug‘oriladigan yerlarni sug‘orilmaydigan yerlar toifasiga yoki boshqa yer toifasiga, sug‘orilmaydigan qishloq xo‘jaligi yerlarini boshqa yer toifasiga o‘tkazish;
jamoa bog‘dorchiligi, uzumchiligi va polizchiligi hamda yordamchi qishloq xo‘jaligini yuritish uchun yer berish;
xususiylashtiriladigan yerga nisbatan investitsiya majburiyatlari yoki xususiy mulkni erkin tasarruf etishni cheklaydigan boshqa majburiyatlarni belgilash.
2. Ayni bir hujjat bilan yoki bir vaqtning o‘zida yerni olib qo‘yish, zaxiraga olish, boshqa shaxsga ajratish taqiqlanadi.
Yangi tartib bilan yer uchastkalari xususiy sektorga – mulk va ijara huquqi asosida, davlat organlari, muassasalari, korxonalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga – doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi.
Meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik, doimiy egalik, vaqtincha foydalanish huquqi bilan yer ajratish tartibi bekor qilinadi, bunda ilgari ajratilgan yer uchastkalariga bo‘lgan bunday huquqlar ularning egalarida amaldagi tartibda saqlanib qoladi.
Ijaraga olingan yer uchastkasida qurilgan ko‘chmas mulk obyektiga mulk huquqi boshqa shaxsga o‘tgan taqdirda, yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi ham yangi mulkdorga o‘tadi.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar ochiq elektron tanlov yakunlariga ko‘ra, faqat ijara huquqi asosida ajratiladi.
3. Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimi joriy etiladi.
Baholash tizimi bo‘yicha sport sinovlari maxsus va ixtiyoriy ravishda aholining yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan qatlami va undan kattalarning jismoniy tayyorgarligini aniqlaydi.
Sport sinovlari 15 turdagi mashqlardan iborat bo‘ladi.
Ishtirokchilarga 11 ta yosh toifasi bo‘yicha egallagan o‘rni va darajasiga qarab sport razradlari va unvonlari beriladi.
4. Xorijdan mahsulot sotib olib, import qilmasdan uchinchi davlatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotishga ruxsat beriladi.
Hukumat qarori bilan bojxona rejimi talabida xorijiy buyurtmachi mavjud bo‘lmagan hollarda ham qayta ishlash operatsiyalariga ruxsat beriladi;
tadbirkorga chetdan xomashyo sotib olib, ularni respublika hududida bojxona to‘lovlari to‘lamagan holda qayta ishlagandan so‘ng istalgan xorijiy hamkoriga sotish imkonini beradigan olib chiqish, olib kirish, sotish va sotib olish bo‘yicha yangi turdagi tashqi savdo kontraktlari amaliyotga kiritiladi;
mahalliy eksport qiluvchi tashkilotlarga xorijiy davlatdan mahsulot sotib olib, import qilmasdan uchinchi davlatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotishga ruxsat beriladi;
olib kirish kontraktini olib chiqish kontrakti bilan, shuningdek, sotib olish kontraktini sotish kontrakti bilan o‘zaro bog‘liq holda monitoring qilish tartibi joriy qilinadi.
5. Davlat boshqaruvi organlarining xizmat avtotransport vositalari ularning rahbarlariga shaxsan biriktiriladi.
xizmat avtotransport vositalari respublika davlat boshqaruvi organlarida, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlarida rahbarlar hamda ularning o‘rinbosarlariga biriktiriladi;
respublika davlat boshqaruvi organlari tizimidagi tashkilotlar va ularning hududiy bo‘linmalarida birinchi rahbarlarga shaxsan biriktiriladi.
Bundan tashqari, respublika davlat boshqaruvi organlarida autsorsing shartlari asosida avtobus, taksi va boshqa avtotransportlar xizmatlaridan foydalanish tizimi joriy etiladi.
Yangi tipdagi davlat raqami belgilari bilan qayta ro‘yxatdan o‘tkazilmagan tegishli xizmat avtotransport vositalarining harakatlanishi taqiqlanadi.
6. Hududlardagi nodavlat ta’lim tashkilotlarining binoni ijaraga olish xarajatlari bir qismi qoplab beriladi.
2024 yil 1-yanvargacha ta’lim jarayonida foydalaniladigan bino va inshootlar ijara to‘lovi xarajatlarining 50 foizigacha davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.
Ushbu tartib Toshkent va Samarqand shaharlarida joylashgan va ta’lim jarayonida foydalaniladigan bino va inshootlarga tatbiq qilinmaydi.
7. Majburiy to‘lovlarni onlayn rejimda to‘lash imkoniyati yaratiladi.
1 avgustdan davlat bojlari, yig‘imlar, jarimalar va boshqa majburiy to‘lovlarni onlayn rejimda to‘lash imkoniyati yaratiladi.
8. Haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish uchun barcha hujjatlarni YaIDXP orqali ham taqdim etish imkoniyati yaratiladi.
YaIDXP orqali xizmat ko‘rsatiladi:
avtomototransportlar va shahar elektr transportlari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarning o‘quv guruhlarini ro‘yxatga olish;
avtomototransportlar va shahar elektr transportlar haydovchiligiga nomzodlardan imtihonlarni qabul qilish uchun hujjatlarni va milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish.
9. Homilador ayollarni kompleks kuzatish bo‘yicha yagona tizim joriy etiladi.
Homilador ayolning kompleks kuzatuvi yagona ma’lumotlar bazasini yaratiladi.
Perinatal va skrining markazlari hamda birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalaridagi onalar va bolalar salomatligiga mas’ul tuzilmalar tomonidan yagona ma’lumotlar bazasiga zarur ma’lumotlarni kiritish, shuningdek, homilador ayollarning tibbiy kartasini yuritiladi.
Shakllangan ma’lumotlarga asosan homilador ayollarga zarur maslahatlar beriladi.
10. Davlat xaridlari sohasida o‘tkaziladigan tender natijalarini majburiy tarzda ochiq e’lon qilish yo‘lga qo‘yiladi.
Davlat xaridlari sohasida shaffoflik va qonuniylikni ta’minlash, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish maqsadida davlat xaridlari sohasida o‘tkazilayotgan tender (tanlash) natijalarini majburiy tarzda ochiq e’lon qilish amaliyoti joriy etiladi.
Yangiliklar lentasi
0