Yoshlarni birlashtirish, oziq-ovqat xavfsizligi - Mirziyoyev MO sammitida nimalarni taklif qildi

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaKonsultativnaya vstrecha glav gosudarstv Sentralnoy Azii
Konsultativnaya vstrecha glav gosudarstv Sentralnoy Azii - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 06.08.2021
Obuna bo‘lish
MO sammitida O‘zbekiston prezidentining oziq-ovqat va yoshlarni, savdo va transport, madaniyat va turizm sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga doir takliflari.
TOShKENT, 6 avg – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchinchi Maslahat uchrashuvida nutq so‘zladi.
© Press-slujba prezidenta UzbekistanaKonsultativnaya vstrecha glav gosudarstv Sentralnoy Azii
Konsultativnaya vstrecha glav gosudarstv Sentralnoy Azii - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 06.08.2021
Konsultativnaya vstrecha glav gosudarstv Sentralnoy Azii
O‘z nutqida Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo mintaqasi ko‘lamida amalga oshirilishi maqsadga muvofiq bo‘lgan quyidagi tashabbuslarni bildirdi.

Savdo-iqtisodiy aloqalar

Markaziy Osiyoda yangi o‘sish nuqtalarini, uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan yangi rivojlanish “drayver”larini aniqlash, mintaqa ichidagi savdoni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Ushbu maqsadda mavjud to‘siqlarni bartaraf etish, sanoat kooperatsiyasi, innovatsiyalar va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish natijasida qo‘shilgan qiymatning uzun zanjirlarini yaratish mumkin.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari orasida Savdo-iqtisodiy hamkorlikning umumiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi bitimni qabul qilish fursati kelganini aytdi.

Transport-tranzit xabi

Markaziy Osiyo ulkan transport-tranzit salohiyatiga ega va uni samarali ishga solishi kerak. Keng rivojlangan va integratsiyalashgan transport tizimi Yevroosiyo qit’asining muhim tranzit “xab”iga aylanishga qodir.
Shavkat Mirziyoyev xususan, Kaspiy dengizi portlari, yirik transchegaraviy logistika markazlarini imkon qadar to‘liq quvvat bilan ishlashini ta’minlashga chaqirdi.
O‘zbekiston kelajakda “Termiz – Mozori Sharif – Kobul - Peshovar” transafg‘on yo‘lagi, “Xitoy – Qirg‘iziston - O‘zbekiston” avtomobil va temir yo‘llari imkoniyatlaridan foydalanish niyatida.
Shuningdek, pandjemiya sharoitida ham sanitariya talablariga rioya qilgan holda transport qatnovlarini to‘liq tiklash muhim ekani qayd etildi.

Oziq-ovqat xavfsizligi

Pandemiya sharoitida aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashdagi muammolar o‘tkir tus olganiga e’tibor qaratildi. Dunyoning ayrim mintaqalarida narxlar o‘sishi va asosiy oziq-ovqatlarning yetishmovchiligi kuzatilayotgani aytib o‘tildi.
Shavkat Mirziyoyev mintaqa mamlakatlari qishloq xo‘jaligi vazirlarining muntazam uchrashuvlarini o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, birinchi yig‘ilish kun tartibiga oziq-ovqat xavfsizligini monitoring qilish bo‘yicha mintaqaviy tizimni joriy qilish masalasini kiritish taklifini bildirdi.
Bu oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishni ko‘paytirish hamda ularning sifatini nazorat qilish, shu jumladan, jahon bozoriga yetkazish bo‘yicha aniq yo‘nalishlar va qo‘shma dasturlarni belgilab olishga xizmat qiladi

Yoshlarni birlashtirish

Mamlakatlarimiz taraqqiyotida mintaqa aholisining aksariyat qismini tashkil etayotgan yoshlar muhim o‘rin tutishini barchamiz anglab turibmiz. Butun dunyoda yosh avlodning ongi va qalbi uchun kurash davom etayotgan bugungi kunda Markaziy Osiyo kelajagining hal qiluvchi kuchi bo‘lgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashimiz kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari kelgusi yilda O‘zbekistonda Markaziy Osiyo yoshlari forumini o‘tkazishni taklif etdi. Bu mamlakatlarimiz hukumatlari va yoshlari o‘rtasida ishonch va do‘stlikni mustahkamlash, interfaol muloqotni yo‘lga qo‘yish uchun platforma shakllantirishda muhim qadam bo‘ladi.

Turizm va madaniyat

O‘zbekiston prezidenti MO davlatlari orasida madaniy aloqalarni rivojlantirish - Xalqlar orasida qardoshlik munosabatlarini mustahkamlashning muhim omili ekanini qayd etdi.
Ushbu maqsadda MO madaniy merosiga bag‘ishlangan festivallar, madaniyat va kino kunlarini o‘tkazish, birgalikda kitoblar nashr qilish taklif qilindi.
Shuningdek o‘zaro turizmni rivojlantirish ham MO xalqlarini yaqinlashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Bu borada prezident, turizm xizmatlarining butun doirasini qamrab oladigan “Bir sayohat – butun mintaqa” qo‘shma dasturini amaliy ro‘yobga chiqarish taklifini ilgari surdi.
- Bugungi sammit muhim voqea – davlatlarimiz mustaqilligining o‘ttiz yilligi arafasida o‘tayotgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Bu yillar barchamiz uchun qiyin davr bo‘ldi. Asosiy xulosa shuki, birgalikda, jips bo‘lib, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlab, oldimizda turgan muammolarning yechimiga erishamiz, mintaqaning barqaror taraqqiyoti va aholi farovonligini yuksaltiramiz. Boshqa muqobil yo‘l yo‘q! – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
“Avaza” milliy sayyohlik zonasida bo‘lib o‘tgan Maslahat uchrashuvida Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov raislik qildi. Sammitda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, shuningdek, BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markaz rahbari Natalya German ishtirok etdi.
O‘zbekiston prezidentining MO davlat rahbarlari sammitida so‘zlagan nutqi batafsil quyida tanishish mumkin.
Yangiliklar lentasi
0