Jamiyat

Mehnat bozorida Rossiya OTMlari filiallari bitiruvchilariga talab qanchalik yuqori?

© Sputnik / Ramiz BaxtiyarovFilial Rossiyskogo ximiko-texnologicheskogo universiteta imeni D. I. Mendeleyeva (RXTU) v Tashkente
Filial Rossiyskogo ximiko-texnologicheskogo universiteta imeni D. I. Mendeleyeva (RXTU) v Tashkente - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 17.08.2021
Oʻzbekistonda Rossiyaning qator oliygohlari faoliyat yuritadi. Bugungi kunda bu filial bitiruvchilari hayotda oʻz oʻrinlarini qanchalik topa olishmoqda?
TOSHKENT, 17 avg – Sputnik. Rossiya oliy taʼlim muassasalarining Oʻzbekistonga kirib kelishi 2002 yilda boshlangan edi. Oʻshanda ilk qaldirgʻoch sifatida Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent filiali oʻz faoliyatini yoʻlga qoʻydi. Birin-ketin Lomonosov nomidagi MDU (2006 yil) hamda Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti (2007 yil) filiallari tashkil etildi. Soʻnggi toʻrt yilda esa keskin oʻsish yuz berdi va jami Universitetlar soni 12 taga yetdi. Bugungi kunda Rossiya bilan hamkorlikda yigirmadan ziyod yoʻnalishlarda mutaxassislar tayyorlanmoqda. Mehnat bozorida bu mutaxassislarga talab qanchalik yuqori? Sputnik muxbiri bu savolga javob izladi.

Muvaffaqiyatlar kaliti – ustozlar bergan bilimda

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi maʼlumotlariga koʻra, joriy 2020-2021 oʻquv yili uchun mamlakatdagi Rossiya oliy taʼlim muassasalari filiallarida 2180 ta kvota ajratilgan. Bundan tashqari, Oʻzbekistonning 34 ta oliy taʼlim muassasasida rossiyalik hamkasblar bilan qoʻshma taʼlim dasturlari asosida mutaxassislar tayyorlanmoqda. Yana bir eʼtiborli raqam – har yili 200 nafardan koʻproq oʻzbekistonlik yoshlar Rossiya federal byudjeti hisobidan grant asosida ushbu mamlakat oliy oʻquv yurtlariga qabul qilinadi.
Sdacha vstupitelnыx ekzamenov na stadione Bunyodkor - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 12.08.2021
Jamiyat
Bu yilgi abituriyentlar sonining keskin kamayishi sababi nimada
Mehnat bozori tadqiqotlari instituti boʻlim boshligʻi Behzod Tagayevning soʻzlariga koʻra, “...ular (bitiruvchilar – tahr.) hali oʻqishni tugatmasdan avval ish bilan bandligi taʼminlanadi”.
Ana shunday muddatidan oldin ish joyini topgan yosh mutaxassislardan biri – I.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filiali bitiruvchisi Murodjon Usmonov.
“Oʻqishni 2014 yilda tamomlagan edim. Yoʻllanma boʻyicha Buxoro geofizika ekspeditsiyasi filialida oddiy texnik lavozimida ish boshladim. Toʻrt yil deganda Sanoat xavfsizligi, mehnat muhofazasi va ekologiya xizmati boshligʻi lavozimiga koʻtarildim. Maoshim ham shunga yarasha... Kursdoshlarim orasida kimdir ishsiz qolib ketgani yoki hayotda oʻz oʻrnini topa olmagani haqida eshitmaganman. Muvaffaqiyatlarimiz kaliti – ustozlarimiz bergan bilimda. Maxsus fanlar boʻyicha Rossiyadan oʻqituvchilar kelib imtihon qabul qilishgan. Talablar juda yuqori – ulardan “aʼlo” olish oson emas...”, - deydi Usmonov.
Oʻzbekiston Markaziy banki Ijro apparati boshqarmasi boshligʻi Shohrux Gʻaybullayevning soʻzlariga koʻra, u 2016 yilda G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti filialini tamomlagan. Oʻsha yili Markaziy bankka ishga qabul qilingan.
“Shoʻʼba mudiri, boʻlim boshligʻi, boshqarma boshligʻi kabi lavozimlarda ishladim, bugungi kunda Ijro apparati boshqarma boshligʻiman. Ilmiy faoliyatim ham toʻxtab qolgani yoʻq. Hozir sunʼiy intellekt yordamida katta hajmdagi maʼlumotlarni tahlil qilish ustida ish olib borayapman. Bu iqtisodiy samaradorlikni oshirish, xarajatlarni kamaytirishda qoʻl keladi. Amaliyotda qoʻllab koʻrdim – dastlabki natijalar chakki emas.Universitetda fidoyi oʻqituvchilar qoʻlida taʼlim olish baxti nasib etgan. Diplom ishi yozayotganimda ustozim kech soat sakkiz-toʻqqizgacha men bilan oʻtirib ishlar edi... Oʻzbekistonda bank sohasini raqamlashtirish, sohaga sunʼiy intellektni olib kirishni orzu qilaman”, - deya rejalari bilan oʻrtoqlashadi u.
Ruki na klaviature - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 20.02.2021
Jamiyat
Ayrim OTMlarda “Sunʼiy intellekt” yoʻnalishi boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi
Yana bir “Plexanov”ni tamomlagan Malika Rahimova hozirda "LUKOYL Uzbekistan Opereyting Kompani” xodimidir. U universitetni ikki yil oldin qizil diplom bilan bitirgan. Keyin “Lukoyl”ga ish yurituvchi boʻlib kirgan.
“Hozir yetakchi hisobchiman. Kompaniya doirasida oʻtkazilgan ilmiy-texnik ishlanmalar tanlovida qatnashib, ikkinchi bosqichga oʻtdim. Agar gʻolib chiqsam, imkoniyatlar yanada kengayadi. Umuman, hayotda va ishda erishayotgan barcha yutuqlarim uchun Universitetimizdan minnatdorman. U yerda izlanuvchan yoshlar uchun barcha sharoitlar muhayyo. Dunyoning koʻzga koʻringan mutaxassislaridan maʼruzalar tingladik, taʼlimdagi eng ilgʻor innovatsiyalardan foydalandik. Menga filialimiz direktori, akademik Qalandar Abdurahmonovning oʻzi ilmiy rahbarlik qilgan edi”, - deydi Rahimova.
Darvoqe, maqola davomida Rossiya oliy oʻquv yurtlariga har yili grant asosida 200 dan ziyod oʻzbekistonlik talabalar qabul qilinayotgani haqida aytgan edik. Yangi 2021-2022 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston uchun kvota qariyb ikki baravar oshirildi va 405 oʻringa yetdi.
Bundan tashqari, har yili Rossiyaning 50 ga yaqin universitetlaridan delegatsiyalar tashrif buyurib, oʻz oliy oʻquv yurtlaridagi taʼlim imkoniyatlari yuzasidan taqdimotlar, koʻrgazmalar hamda boʻlajak abituriyentlar bilan uchrashuvlar oʻtkazadi. Yana 1 500 nafarga yaqin oʻzbekistonlik esa koʻchma qabul komissiyalari orqali oʻqishga qabul qilinadi.
Toshkent shahridagi “A.I.Gertsen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti” federal davlat byudjeti oliy taʼlim muassasasi filiali ijrochi direktori, pedagogika fanlari doktori, professor Qahramon Olimovning soʻzlariga koʻra, toʻrt yil ilgari respublikada bolalarni maktabgacha taʼlimga qamrab olish 27 foiz edi, bugungi kunda 60 foizdan oshgan.
“Oʻz navbatida, pedagog kadrlarga boʻlgan talab ham kuchaydi. Shuningdek, soʻnggi yillarda bogʻchalar va maktablarda rus tilidagi guruhlar soni koʻpayishi natijasida rus tili oʻqituvchilariga va rus guruhlari uchun tarbiyachilarga ehtiyoj yuqori boʻlmoqda. Filialimiz 2021-2022 oʻquv yilidan boshlab pedagogik taʼlim, pedagogika va ijtimoiy psixologiya, maxsus pedagogika, lingvistika (rus tilini oʻqitish nazariyasi, metodikasi va madaniyatlararo kommunikatsiya) kabi yoʻnalishlarda kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyadi. Yuksak saviyali va yuqori mahoratga ega mutaxassislarni yetishtirish uchun maktabgacha taʼlim tashkilotlarida oliy maʼlumotli kadrlar salmogʻini oshirish; pedagoglarlarning kasbiy kompetentsiyalarini rivojlantirish boʻyicha uzluksiz seminarlar, treninglar va oʻquv kurslarini tashkil qilish; taʼlim va tarbiya jarayoniga innovatsion metodlarni va xorijiy tajribalarni joriy etishga eʼtiborni kuchaytirish lozim, deb hisoblayman”, - deydi Olimov.
Umuman olganda, Rossiya OTMlarida tahsil olayotgan oʻzbekistonliklar soni 2018-yildagi 26 500 dan 30 264 nafarga yetdi. Ular mashinasozlik, energetika, jumladan atom energetikasi, axborot texnologiyalari, qurilish, tibbiyot, geologiya, kimyo va biotexnologiyalar kabi yoʻnalishlarda tahsil olishmoqda. Bu sohalar mamlakat taraqqiyoti uchun qanchalar ahamiyatli ekani haqida ortiqcha soʻzga hojat boʻlmasa kerak.
Pamyatnik osnovopolojniku voyenno-polevoy xirurgii Nikolayu Ivanovichu Pirogovu v Moskve - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 01.07.2021
Jamiyat
Toshkentda Rossiya tibbiyot universiteti filiali ochiladi
Mehnat bozori tadqiqotlari instituti maʼlumotlariga koʻra, soʻnggi 11 yil davomida Oʻzbekistonda ishlab chiqarish, qurilish, aloqa va axborot, moliya hamda sugʻurta yoʻnalishlari eng koʻp haq toʻlanadigan sohalar boʻlib kelmoqda.
Bilimga asoslangan iqtisodiyotni barpo etish oliy taʼlim sifati va yetishib chiqayotgan mutaxassislarning malakasi bilan chambarchas bogʻliq. Oʻzbekistonda yoshlarni oliy taʼlimga qamrab olish darajasi 2016 yilgi 9 foizdan 28 foizga yetdi. Bu mavzuda gapirganda, oʻsib borayotgan raqamlar, jumladan, Rossiya universitetlari va ularning Oʻzbekistondagi filiallari hisobiga shakllanayotganini ham nazarda tutamiz, albatta.
Yangiliklar lentasi
0
Avval yangilariAvval eskilari
loader
LIVE
Zagolovok otkrыvayemogo materiala