Erkak o‘qituvchilar, qayerdasiz?

© AFP 2023 / FREDERICK FLORINShkolnie prinadlejnosti
Shkolnie prinadlejnosti - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 31.08.2021
Obuna bo‘lish
O‘zbekistonda so‘nggi 5-yilda tizimga qariyb 45 ming nafar erkak o‘qituvchi qaytgan. Bu yaxshi natija. Biroq ishdan bo‘shab ketayotganlar ham yo‘q emas.
TOShKENT, 31 avg – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bir nechta chiqishlarida, jumladan, parlamentga yo‘llagan murojaatida erkak o‘qituvchilarni zudlik bilan maktablarga qaytarish zarurligi yuzasidan o‘z fikrlarini bildirgan edi. Sputnik muxbiri mazkur jarayon qanday kechayotgani bilan qiziqdi.
Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 31.10.2020
Mirziyoyev ziyolilar missiyasi va yangicha dars metodikasi haqida
Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati rahbari Laylo Rustamovaning ma’lum qilishicha, amalga oshirilgan islohotlar natijasida so‘nggi 5-yilda tizimga qariyb 45 ming nafar erkak o‘qituvchi qaytgan. Nihoyatda salmoqli raqam.

“BMTga rahbar bo‘lsam...”

Javlonbek Toshboltayev 2014-yildan beri Farg‘ona viloyati Toshloq tumanidagi 35-umumta’lim maktabida ingliz tilidan dars berib keladi. 2016-yilda uch oygina boshqa tashkilotda ishlaganini hisobga olmasa, mehnat daftarchasida shu birgina yozuv bor: O‘qituvchi! O‘zi oliy toifali, xalqaro sertifikatga ega. Shularning hisobiga 4 mln so‘m atrofida maosh oladi.
“Yoshligimdan xalqaro siyosatga qiziqqanman, - deydi Javlonbek. – Birlashgan Millatlar Tashkilotiga rahbar bo‘lishni orzu qilganman. Shu sababli Universitetga o‘qishga kirayotganda ingliz tiliga topshirdim. Yaqinda Yaponiya hukumatining “Mext Teacher Training” granti g‘olibi bo‘ldim va Xokkaydo, Miyagi, Xogo yoki Koto universitetlaridan birida malaka oshirish imkonini qo‘lga kiritdim”.
Javlonbek kuni kecha Xokkaydo Dorilfununiga borishi haqida xabar oldi. U oktabr oyida jo‘nab ketadi va 1,5 yil davomida Yaponiya maktab ta’limi tizimi hamda xorijiy tillarni o‘qitishning ilg‘or metodikalarini o‘rganadi.
Qahramonimizning so‘zlariga ko‘ra, u ishlaydigan maktabda 20 dan ziyod o‘qituvchi bor. Shulardan 10 tasi erkak kishi. Ta’limda erkak muallimning o‘rnini oilada ota o‘rniga qiyoslash mumkin – bu Javlonbek o‘zi kashf etgan haqiqatlardan biri.
“O‘quvchilarimga 9 sinfda IELTS sertifikatini olish maqsadini qo‘yaman. Toki 10-11sinflarda boshqa fanlardan test imtihonlariga xotirjam tayyorlanish imkoniga ega bo‘lsin. Maosh masalasiga kelsak, faqat oylikka qarab o‘tirsangiz, kun o‘tishi qiyin... Qishloq maktablarida ishlaydigan hamma o‘qituvchilarning mol-holi, tomorqasi bor. Men qo‘shimcha repetitorlik ham qilaman", - deydi u.
Darvoqe, Javlonbek yoshligidagi orzusidan voz kechmagan.
“Yaponiya grantini yutganim – bu yo‘ldagi birinchi qadam, - deydi u. - Agar BMTga rahbar bo‘lsam, tobora ko‘payib borayotgan nizolarga barham berishga harakat qilaman, chunki ularda asosan tinch aholi jabr ko‘rayapti. Bundan tashqari, iqlim o‘zgarishining oldini oladigan texnologiyalarni keng targ‘ib etgan bo‘lardim. Bunday texnologiyalarni yaratish uchun ilm kerak. Modomiki, menga ilm berish baxti nasib etgan ekan, maktabdagi faoliyatimdan, kasbimdan roziman”.

“Bir o‘qituvchiga qirq hunar oz”

Farg‘ona viloyati Xalq ta’limi boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatdagi mavjud 948 ta umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida 50 595 nafar pedagog faoliyat olib boradi. Shundan 13 950 nafari yoki 27,5 foizi erkaklardir. 2019-yilda esa 11 515 nafar bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich ikki yilda salkam 2,5 mingga ortgani yaxshi, albatta. Farg‘onaning ayrim tuman va shaharlari misolida ko‘rib chiqsak, vaziyat yanada oydinlashadi. O‘sish sur’ati Rishton tumanida – 11,9 foiz, Toshloq tumanida – 10, 6 foiz bo‘lsa, Qo‘qon shahrida 5 foizga teng. Qishloq bilan shahar o‘rtasidagi farq yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Shkolnie budni - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 24.02.2021
O‘zbekistonlik o‘qituvchilar fikrini xalqaro miqyosda o‘rganish istiqbollari muhokama qilindi
Buning sababi Javlonbekning yuqoridagi so‘zlarida ham bir oz oydinlashganday bo‘lgan edi. Ya’ni erkak o‘qituvchilarning ta’limga qaytishi ko‘proq qishloq maktablarida kuzatilayotgani – maoshdan tashqari tomorqa va chorvadan daromad olish imkonining mavjudligida. Soddaroq qilib aytganda, qishloq o‘qituvchilari “davlat qachon oylik berarkan” deb qarab o‘tirmaydi. Lekin shaharda buning imkoni yo‘q. Repetitorlik bilan shug‘ullanmaydiganlar uchun yagona daromad manbai – maktabning o‘zi. Shu ma’noda qishloq o‘qituvchilari uddaburonroq – ular bo‘sh vaqtda ham chorvador, ham dehqon...

“Notekis” raqamlar

Maqolani tayyorlash jarayonida ayrim suhbatdoshlarimiz tomonidan maktabga qaytayotgan erkaklar asosan qishloq hududlariga to‘g‘ri keladi, degan fikrlar bildirildi. Shahar statistikasi berilsa, umumiy manzarani bir oz “buzib” qo‘yishi mumkinligi ham aytildi.
Nima bo‘lganda ham, vazirlikdan olingan raqamlar quyidagicha: 2020-yil sentabr holatiga ko‘ra, Toshkent shahrida jami 23 530 nafar o‘qituvchi faoliyat yuritgan bo‘lsa, shundan 3 210 nafari erkaklar. Bu taxminan, 13,7 % demakdir. Respublika ko‘rsatkichiga (31,3 %) nisbatan olganda, haqiqatan manzarani “buzadigan” raqam ekan. Shuni ham asosan yarim stavka-chorak stavka ishga qabul qilingan Pedagogika universitetining bitiruvchi kurs talabalari tashkil etadi.

Tekis raqamlar...

O‘zbekistonda so‘nggi besh o‘quv yiliga oid raqamlar: 2016/2017 o‘quv yilida 390,6 ming nafar o‘qituvchidan 114,4 ming nafari erkaklar. 2017/2018 o‘quv yilida 409,4 ming nafar o‘qituvchi faoliyat ko‘rsatgan, shundan 119,1 ming nafari erkak o‘qituvchilar. 2018/2019 o‘quv yilida 444,2 ming o‘qituvchidan 133,2 ming nafari, 2019/2020 o‘quv yilida esa 486,6 ming o‘qituvchidan 148,7 minggi erkak o‘qituvchilar. Va 2020/2021 o‘quv yilida 507,7 ming o‘qituvchidan 159,1 ming nafari erkak o‘qituvchilardir.
© “Taraqqiyot strategiyasi” markaziMaktab o‘qituvchilari soni
Maktab o‘qituvchilari soni  - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 31.08.2021
Maktab o‘qituvchilari soni

Inklyuziv ta’lim izidan

Navoiy davlat pedagogika institutining tarix fakultetida tahsil olgan Muhammadorning (ismi o‘zgartirilgan) hikoyasi ham ancha qiziq. U Alisher Navoiy nomidagi davlat stipendiyasiga sazovor bo‘lgan, o‘qishni qizil diplom bilan tamomlagan. O‘g‘li nogiron bo‘lgani sababli oilasi bilan Toshkentga ko‘chib kelishiga to‘g‘ri kelgan. Muhammadorning so‘zlariga ko‘ra, hududlarda inklyuziv ta’lim sifati ko‘ngildagidek emas.
Poytaxtga kelgach, Yunusoboddagi umumta’lim maktabida yarim stavka ishlagan va 700 ming so‘m atrofida maosh olgan. “Nega to‘liq stavka ishlamadingiz, maosh ko‘proq bo‘lardi-ku?” degan savolimizga, “to‘liq ishlaganimda ham 2 million atrofida olardim, bu bilan oila tebratib bo‘lmaydi. Qo‘shimcha ishga vaqt orttirish kerak edi. O‘zimiz 250 dollarga ijarada turamiz”, deya javob berdi.
Perviy zvonok v Tashkente - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 14.10.2020
O‘zbekiston maktablarida inklyuziv ta’lim joriy qilinadi
Xususiy maktablarda 8 mln oylik beradi degan gapni eshitgach, bir oz ishlab ko‘rgan, lekin amalda bu pullarning yarmi ham to‘lanmagach, hafsalasi pir bo‘lgan. Bunday paytlarda ilmi boru, lekin puli yo‘q mutaxassis nima qiladi? Albatta, repetitorlik-da!
“Shogirdlarim orasida o‘qituvchilik kasbini tanlagan o‘g‘il bolalar borligini bilmayman - deydi Muhammador. - Bo‘lsa ham, bir-ikki yilda boshqa sohaga o‘tib ketgan”.

“Propiska yo‘qmi? Unda, uzr...”

Qahramonimizning “sarguzashtlari” shu bilan tugamadi. Hali maorifdan ko‘ngli sovimagan paytlarda Toshkent viloyati ta’lim muassasalarida ham dars berdi. Ko‘plab maqolalar yozdi. Viloyat miqyosida “Yilning eng yaxshi o‘qituvchisi” degan nomga sazovor bo‘ldi.
Eng avvalo, unga uy kerak edi. Yunusobod tumani hokimi “Uy berilsin” deya buyruq chiqardi, lekin ijrochi tashkilotlar “Propiskangiz qayerda bo‘lsa, uyni o‘sha yerdan olasiz” deyishdi. Propiska esa Navoiyda edi. Navoiyda esa, yuqorida aytilganidek, nogiron farzand uchun sifatli ta’lim olish imkoni yo‘q edi...
“Chekka hududlarga borib ishlaydigan o‘qituvchilarga yuqori haq to‘lanadi”. Ana shu yangilikdan ruhlangan Muhammador “rezume”sini deyarli barcha viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalariga jo‘natdi. Munosib maosh bo‘lsa, O‘zbekistonning istalgan hududida ishlashga rozi edi. Lekin uning so‘rovlariga faqatgina bitta javob keldi – Urgut tumanidagi tojik maktabidan. Bu tilni bilmasa, u yerda nima qiladi?
Natsionalnaya valyuta Uzbekistana — sum - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 24.09.2020
Yordam va ijara puli: olis hududlarda ishlash uchun boradigan xodimlar rag‘batlantiriladi
“Yana bironta xususiy maktabga harakat qilib ko‘raman, o‘xshamasa, chet elga ishlagani ketaman”, deydi u. Qahramonimiz-ku, ishini topib ketar, lekin qaysidir umumta’lim maktabi bolalikdan o‘qituvchi bo‘lishni orzu qilgan fidoyi bir mutaxassisdan mosuvo bo‘lgani qoladi...

Orzular olamida oylik qancha yoxud o‘qituvchilikdan kirakashlik sari

Yana bir qahramonimiz Bahrombek (ismi o‘zgartirilgan) asli Namangandan. Uni ham orzulari Toshkentga yetaklab kelgan. 2013-yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutini tamomlagan. Mirzo Ulug‘bek tumanidagi kollejlardan biriga ishga joylashib, 600 ming so‘m atrofida tuzukkina maosh olgan. Vaqtinchalik propiskaning muddati tugaganda esa cho‘zdirishning ilojini topolmasdan, ishdan bo‘shashga majbur bo‘lgan.
“Institutda “Milliy g‘oya, huquq va ma’naviyat asoslari” yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olganman. Yo‘nalishga hamohang, qalbimdagi vatanparvarlik tuyg‘ulari ham juda avj pardalarda edi. Bu qiyinchiliklarni o‘tkinchi deb bilardim. O‘z vatanimda, o‘zim tanlagan kasb bo‘yicha o‘zim istagan joyda ishlashim nega birgina muhrga bog‘liq bo‘lishi kerak, deb o‘ylab ham ko‘rmaganman” - deydi Bahrombek.
Pop tumanida 2-yil mehnat qilgach, yana markazga – orzular makoniga qaytdi. Poytaxt tumanlaridan birining xalq ta’limi bo‘limida ishlab yurgan kezlari uning kuch-g‘ayrati, fidoyiligini ko‘rgan maktab direktorlaridan biri ishga taklif qiladi. Bahrombek bu yerda o‘rinbosar lavozimida ikki yil astoydil ishladi. Lekin ikki million ikki yuz ming so‘mlik maosh ro‘zg‘orga yetmagani uchun shu yil 15-iyul kuni ishdan bo‘shadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, u bilan ishlagan erkak mutaxassislarning bir qanchasi boshqa sohalarga o‘tib ketgan. Hammasining sababi bir xil – maosh kamligi. Vaholanki, ular o‘z kasbini sevadigan, ilmli, izlanuvchan insonlar edi.
“Aytsam, ehtimol ishonmassiz, lekin har oy oxirida qarz olishga majbur bo‘lardim, keyingi oylikkacha yetib olish uchun”, - deydi Bahrombek.
Hozir Bahrombek kirakashlik qiladi, kunlik daromadi – 200 ming so‘mdan oz emas. O‘ziga xon, o‘ziga bek, bo‘sh vaqtida yana qo‘shimcha ish olish mumkin. Mijoz bo‘lmagan paytlarda, kafelarda pishirilayotgan taomlarni buyurtmachilarning uyiga eltib beradi. Ro‘zg‘orga-ku yetadi, biroq ko‘ngil qurg‘ur maktabda qolib ketgan.
O‘sha maktab direktori Umida opaning (ismi o‘zgartirilgan) so‘zlariga qaraganda, o‘sha yili biryo‘la besh nafar erkak o‘qituvchini ishga qabul qilingan. So‘nggi yilda ulardan ikki nafari bo‘shab ketgan.
Umida opa maktabda erkak o‘qituvchilarning o‘rni juda muhim deb hisoblaydi. Sababi hozirgi ayrim bolalar erkaroq, sirkasi suv ko‘tarmaydigan bo‘lib o‘sayapti. Yana ba’zilarining esa ota-onasi xorijga ishlagani ketgan. Mana shunday sharoitda qat’iyatli, salobatli, ba’zida qattiqqo‘l erkak muallimning o‘zi ham, so‘zi ham, hayotiy tajribasi ham nihoyatda qo‘l keladi. Bundaylardan maktabda uchtagina. Qirqdan ortiq o‘qituvchining orasida uch nafar erkak. Ular ham “chemodan” kayfiyatda. Shu bois uyda repetitorlik bilan shug‘ullanishiga imkon qadar sharoit yaratib berilgan.

Pul bilan o‘lchanmaydigan qadriyatlar ham bor

Pedagogika fanlari doktori, professor Qahramon Olimov pul yaxshiligi, biroq u bilan o‘lchanmaydigan qadriyatlar ham borligini ta’kidladi. Hozirgi yoshlar “Mana, bizning davrimizda...” degan gaplarni ko‘pam xushlashmaydi. Buni qarilik alomati deb bilishadi.
“Lekin o‘rta avlod, ayniqsa katta avlod vakillari fidoyi o‘qituvchilar qo‘lida tahsil olgan. Kasbdan pulni ustun qo‘ygan muallimni men ham, men tengilar ham ko‘rmaganmiz. To‘g‘ri, hozir ehtiyojlar ortgan, bu ehtiyojni qondiradigan vositalar ham ko‘paygan. Ularni qo‘lga kiritish uchun pul kerak. Lekin, hurmatli o‘qituvchilar, kasbga sadoqat, fidoyilik va burch degan qadriyatlar hozircha bekor bo‘lgani yo‘q. Ular hali ham amalda. Qalbingizga quloq solib ko‘ring, “men o‘qituvchiman, bolalarni yaxshi ko‘raman, ziyo tarqataman” degan so‘zlarni eshitsangiz, bilingki, sizda puldan ustunroq xazina bor ekan, bu xazinani millat farzandlariga ulashishga burchlisiz”, - deydi Olimov.

Xulosa o‘rnida

Albatta, har qanday mehnat rag‘batlantirilishi lozim. Ayniqsa, o‘qituvchining mehnati. Ayniqsa, hozirgi davrda... Maqolani ko‘rib chiqqan o‘quvchida faqat yomonlamasdan, yaxshi taraflarini-da yozish kerak, degan fikr tug‘ilgan bo‘lishi mumkin. To‘g‘ri, o‘qituvchini mamnun qiladigan yangiliklar ro‘y berayapti, ulardan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Masalan, maktab direktori Umida opaning so‘zlariga ko‘ra, “majburiy obunalar bekor qilindi, obodonlashtirish ishlariga jalb qilishmayapti, qog‘ozbozlik kamaygan...”. Bularning bari zamonaviy til bilan aytganda – “pozitiv”.
Lekin, nazarimizda eng katta “pozitiv” bu – maosh miqdoriyu, bolalarning tobora “erkatoylashib” borayotganiga qaramasdan, fidoyilik bilan mehnat qilayotgan 507 700 nafar o‘qituvchining borligida. Nimasini aytasiz, tirikchilik tashvishi boshqa yo‘lga boshlaydiganlar ham bo‘ladi, biroq qalban “men o‘qituvchiman” deya sohaga kirib kelayotganlar har doim ko‘pchilikni tashkil etaveradi. Buni yuqorida keltirganimiz – yaxshi ma’nodagi tekis raqamlar ham ko‘rsatib turibdi...
Prezident Uzbekistana Shavkat Mirziyeyev - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 23.08.2019
Mirziyoyev o‘qituvchilar maoshi va nufuzini yanada oshirmoqda
Yangiliklar lentasi
0