Jamiyat

Sergeli tumanidagi istirohat bogʻining taqdiri nima boʻladi?

© Sputnik / Ramiz BaxtiyarovBыvshiy park kultы i otdыxa "Yangi Sergeli"
Bыvshiy park kultы i otdыxa Yangi Sergeli - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 15.09.2021
Siz “Yangi Sergeli” madaniyat va istirohat bogʻi haqida eshitganmisiz? Aslida, sobiq bogʻ desak toʻgʻri boʻlar, bugungi kunga kelib, uning faqat nomi qolgan...
Mana bir necha yildirki, Toshkent shahridagi kattagina bogʻlardan biri tashlandiq ahvolda. U aslida qaysi tashkilotga tegishli ekani va kim uni tartibga olishi kerakligi yuzasidan aniq maʼlumot yoʻq. Yon-atrofda yashaydigan minglab aholi esa hordiq chiqarish uchun ancha olisdagi boshqa bogʻlarga qatnashga majbur boʻlmoqda.
Roman va bogʻ: oʻxshashliklarni toping...
Buyuk rus yozuvchisi Mixail Bulgakovning “Usta va Margarita” romanidagi Voland taʼrifida keltirilgan jumlalar yodingizda boʻlsa kerak: “...har xil idoralar bu odamning qiyofasi haqida har xil maʼlumotlar berishdi... Chunonchi, birinchi maʼlumotda oʻsha odamning pakana, tilla tishli va oʻng oyogʻi oqsashi haqida xabar qilingan boʻlsa, ikkinchisida u odam bahaybat, tishiga platina qoplama qoʻydirgan, chap oyogʻi oqsoq deyilgan edi. Uchinchi maʼlumotda: u odamning diqqatga molik hech qanday alomati yoʻq, deb loʻnda qilib yozilgan edi. Eʼtirof etish kerakki, bu maʼlumotlarning birontasi ham toʻgʻri emas edi”.
Buni boqqa qanday aloqasi bor, deysizmi? Aloqa emasu, oʻxshashligi shundaki, bogʻning holatiyu kelajagini ham hamma har xil tasavvur qilar ekan. Oddiy fuqarolardan “kattakon”largacha. Bir amaldorning fikriga koʻra, bogʻ 3 yildan beri ishlamayotgan boʻlsa, shu atrofdagi mahalla raisining soʻzlariga qaraganda, uning yopilganiga 10 yildan oshdi. Mahalliy hokimiyat vakili tez orada “jiddiy oʻzgarishlar” boʻlishini taʼkidlasa, tuman kengashi deputati bunday quruq vaʼdalarning oxiri yoʻq va ular hammaning meʼdasiga tegib ketgan, deydi. Kimdir bogʻ Toshkent hokimining buyrugʻiga binoan shahar madaniyat boshqarmasi tasarrufiga oʻtkazilgan desa, kimdir bunday hujjat hech qachon boʻlmagan, deydi. Mana shunaqa ajabtovur oʻxshashliklar... Omon boʻlsak, maqola davomida yana koʻrarmiz.
© Sputnik / Ramiz BaxtiyarovBыvshiy park kultы i otdыxa "Yangi Sergeli"
Bыvshiy park kultы i otdыxa Yangi Sergeli - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 15.09.2021
Bыvshiy park kultы i otdыxa "Yangi Sergeli"
Biz Toshkent shahrida joylashgan oddiy bogʻ haqida aniq maʼlumot olish shunchalik mushkul boʻladi, deb oʻylamagan edik... Gap shundaki, Sergeli tumanini shaharning markaziy qismi bilan bogʻlaydigan asosiy yoʻl – “Yangi Sergeli” koʻchasi boʻyida, shundoqqina hokimiyat binosi roʻparasida bir necha gektar hududni band etgan bogʻ mavjud. Xaritalarda uning nomi “Yangi Sergeli” madaniyat va istirohat bogʻi, deyilgan. Aslida, sobiq bogʻ desak toʻgʻri boʻlar. Chunki bugungi kunga kelib, uning faqat nomi qolgan. Tashlandiq, qarovsiz ahvolda...
Kim oladi-yo shuginani-yo
Uzoq urinishlar va behisob qoʻngʻiroqlardan keyin bogʻ Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi balansida ekani maʼlum boʻldi.
“Bogʻ amalda bizning tasarrufimizda, lekin hujjatda emas, deydi Kengash vakili. Taxminan bir yil oldin Toshkent hokimining buyrugʻiga binoan, u shahar madaniyat boshqarmasi balansiga oʻtkazilgan. (Toshkent shahar Matbuot xizmati bu maʼlumotni, yaʼni bogʻ Madaniyat boshqarmasiga oʻtkazilganini rad etdi). Biz esa uni topshira olmaymiz, sababi, bir necha yil odin bogʻda qurilish taʼmirlash ishlari oʻtkazilgan. Amalda emas, qogʻozda. Qurilish tashkiloti gʻirromlik qilib, smetada koʻrsatilgan ishlardan birontasini bajarmagan. Bajarmagandan keyin, tabiiyki, biz ham hujjatlarga qoʻl qoʻymaganmiz. Bu 2014-2015 yilgi gaplar. Agar hozir bogʻ boshqa idoraga berib yuborilsa, oʻsha qurilish tashkiloti silliqqina qutulib qoladi.”
© Sputnik / Ramiz BaxtiyarovBыvshiy park kultы i otdыxa "Yangi Sergeli"
Bыvshiy park kultы i otdыxa Yangi Sergeli - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 15.09.2021
Bыvshiy park kultы i otdыxa "Yangi Sergeli"
Maʼlumotlarga koʻra, bu ish sudda koʻrilib, tegishli qaror chiqarilgan. Oʻsha paytdagi sud ijrochilari jalb etilib, mablagʻni undirishga harakat qilingan. Lekin tizimli oʻzgarishlar yuz berib, sud ijrochilari instituti oʻrniga Majburiy ijro byurosi tashkil etilishi natijasida jarayon oxiriga yetmay qolgan. Bularning bari Yoshlar ittifoqi xodimining fikri. Biz vaziyatga oydinlik kiritishni soʻrab, Majburiy ijro byurosiga ham murojaat qildik. Ammo afsuski, maʼlumotlar bazasida ham, arxivda oʻsha ishga oid hujjatlar saqlanib qolmagan ekan, Hatto oʻsha qurilish tashkilotining nomini aniqlash imkoni boʻlmadi.
“Bogʻim boru, bogʻim bor...”
Bular-ku, hammasi bir necha yil oldingi gaplar. Lekin bogʻning hozirgi holati-chi, unga kim masʼul? Yuqorida aytilganidek, bogʻ Yoshlar ittifoqi, aniqrogʻi, “Kamolot Yoshlar bogʻi” MCHJ tasarrufida. Mazkur MCHJ rahbari va ayni paytda Sergeli tuman hokimining yordamchisi bilan esa, afsuski, bogʻlanishning imkoni boʻlmadi. Na qoʻngʻiroqlarga javob berildi, na telegram orqali yuborilgan xabarlarga...
Bogʻning atrofida bir necha oʻnlab, hatto yuzlab koʻp qavatli uylar mavjud. Aholi nihoyatda gavjum. Moliyaviy nuqtai nazardan qaraganda ham, bu yerdan ozmuncha foyda olish mumkinmidi? Esiz, byudjetga tushishi mumkin boʻlgan pullar...
© Sputnik / Ramiz BaxtiyarovBыvshiy park kultы i otdыxa "Yangi Sergeli"
Bыvshiy park kultы i otdыxa Yangi Sergeli - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 15.09.2021
Bыvshiy park kultы i otdыxa "Yangi Sergeli"
Bogʻ yaqinida joylashgan “Yangi Sergeli” MFY raisi Shorahim aka:
“Bu bogʻ olti-yetti yildan beri ishlamayapti. Har bir yangi hokim oʻz faoliyatini boshlaganda bogʻni ishga tushirishga harakat qilib koʻradi. Shunday paytda hammamizda umid uchqunlari uygʻonib qoladi. Lekin, afsus... Allaqanday sabablarga koʻra, shu masala hech yechim topmayapti. Birgina bizning mahallamizda 4 mingga yaqin aholi yashaydi. Oilaviy hordiq chiqarish imkoniga ega bogʻ boʻlsa, qani edi. Lekin oʻzimiz uni ishga tushirish yuzasidan hech qayerga murojaat qilmaganmiz. Chunki bogʻ bizning hududimizda emas-da...”
Shunaqa gaplar. Albatta, bogʻ butun tuman aholisiga xizmat qilishi mumkinligi inobatga olinsa, qaysi mahalla hududida ekani u qadar muhim emas. Muhimi shuki, aholi murojaat qilgan taqdirda, nimadir oʻzgarishi dargumonga oʻxshaydi. Bu muammo bir emas, bir necha marta hokimiyatning oʻzida ham muhokama etilgan...
Xalq deputatlari tuman kengashi deputati:
“...Lekin har safar shu masalani koʻtarganimizda mavzuga darrov nuqta qoʻyiladi. Bogʻ oʻz faoliyatini toʻxtatganiga 10 yildan oshdi. Hokimiyat vakillari esa juda tez fursatda oʻzgarish boʻlishi haqida gapiradi, biroq hali-hanuz hech qanday yangilik yoʻq. Bundan umidimizni ham uzganmiz”.
Ilgari bu yerda tuman miqyosidagi katta tadbirlar, Navroʻz va Mustaqillik shodiyonalari oʻtkazilgan. Bogʻ Sergeli ahlining sevimli maskanlaridan biri boʻlgan.
Aslidaku, tuman aholisining sonini eʼtiborga olganda, mavjud bogʻni yopish emas, 3-4 ta yangisini tashkil etish kerak edi. Oʻzingiz hisoblab koʻring: Janubiy vokzaldan Sergeli tomonga yurganda, yoʻl-yoʻlakay Noʻgʻayqoʻrgʻon, Kubaytepa, Junariq, Yuqori darxon, Mehrigiyo, Ezgulik, Habibiy, Oʻzgarish, Madadkor, Ziynat, Yangi sergeli, Sohibqiron, Soʻgʻdiyona, Sofdil, Qipchoq... kabi mahallalar bor. Bu hali “Yarmarka” bekatigacha boʻlganlari. Undan narida yana shunchasini sanash mumkin. Va bu mahallalarning xar birida kamida 4-5 mingdan aholi yashaydi, 7 ming kishilik mahallalar ham bor.
© Sputnik / Ramiz BaxtiyarovBыvshiy park kultы i otdыxa "Yangi Sergeli"
Bыvshiy park kultы i otdыxa Yangi Sergeli - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 15.09.2021
Bыvshiy park kultы i otdыxa "Yangi Sergeli"
“Hozir aholi dam olish uchun “Yoʻldosh” shaharchasidagi “Grin park”ka yoki “Mirzo Ulugʻbek” metro bekati yonida joylashgan Gʻafur Gʻulom nomidagi boqqa borishga majbur. Lekin mazkur hudud uchun ikkisi ham uzoq. Axir boqqa hordiq chiqargani borasiz. Bu bogʻlarga esa borish-kelishning oʻzi charchatib qoʻyadi”, deydi deputat.
Bogʻ taqdiriga aloqador hujjatlar masalasiga aniqlik kiritish uchun shahar hokimiyatining Madaniyat boshqarmasi xodimiga qoʻngʻiroq qildik. Mutaxassislardan maʼlumot olishga vaʼda berildiyu, lekin maqola bitguncha ham hech qanday axborot olishning imkoni boʻlmadi.
Oq otli shahzoda...
Aksariyat ertaklarda oq otli shahzoda paydo boʻlib malikani asirlikdan qutqaradi va unga uylanadi. “Yangi Sergeli” bogʻini ham ana shunday taqdir kutgan ekan.
Xabaringiz borki, Oʻzbekiston Milliy gvardiyasi respublikada ot sporti rivojiga masʼul hisoblanadi. Bundan tashqari, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan, yetim bolalarning ilm olishi, kasb egallashi va jamiyat uchun munosib insonlar boʻlib voyaga yetishi uchun zarur choralarni koʻrish ham mazkur tashkilot zimmasida.
“Respublikaning barcha viloyatlarida chavandozlar maktabi, tumanlarda esa sektsiyalar tashkil etilmoqda, deydi Milliy gvardiya Axborot xizmati xodimi. Maqsad – farzandlarimizni ot sportiga qiziqtirish. Bunday maktablar 2022 yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan”.
Koʻzlangan xayrli maqsadlarni amalga oshirish uchun albatta joy kerak. Ayni paytda qarovsiz yotgan tashlandiq binolarning taʼmirlanib, boʻlajak chavandozlar ixtiyoriga berilayotgani esa ayni muddao. Sergelidagi bogʻ ham bundan buyon ana shu maqsadga xizmat qiladigan koʻrinadi. Maʼlumotlarga qaraganda, bu yerda ot sporti boʻyicha oʻquv markazi tashkil etiladi. Mehribonlik uylarida tarbiyalanayotgan bolalar jalb etiladi.
Bir qaraganda, muammo oʻz yechimini topganday. Nihoyat, bogʻning egasi paydo boʻladi, yetim bolalarga quvonch ulashiladi. Sport rivojlanadi... Lekin yon atrofda yashayotgan oʻn minglab aholi emin-erkin kirib chiqadigan, ularning bolalari argʻimchoq uchadigan, jazirama issiq kunlarida suv boʻyida yoki daraxt soyasida oʻtirib muzqaymoq yeydigan istirohat bogʻi ham kerak. Mahalliy maʼmuriyat ushbu muammoni ham hal qilsa nur ustiga aʼlo nur boʻlar edi.
Yangiliklar lentasi
0
Avval yangilariAvval eskilari
loader
LIVE
Zagolovok otkrыvayemogo materiala