Analitika

Quvonch industriyasi: Oʻzbekistonda oʻyinchoq sanoati qay ahvolda?

© Sputnik / Ramiz BaxtiyarovProizvodstvo igrushek v Uzbekistane (Polimer plastik)
Proizvodstvo igrushek v Uzbekistane (Polimer plastik) - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 21.09.2021
Pandemiya davrida dunyo miqyosida transport, turizm, xizmat koʻrsatish va boshqa sohalar kasodga uchragan boʻlsada, oʻyinchoq sanoati 30 % oʻsdi. Oʻzbekistonda ham shunday oʻsish kuzatildimi?
Oʻyinchoq ishlab chiqarish sanoati dunyoda serdaromad sohalardan biri hisoblanadi. Oʻzbekistonda uzoq yillar davomida bu bozor chet el mahsulotlari bilan toʻldirib kelingan edi. 2017 yilda qabul qilingan Prezident Qaroridan keyin tizimda qanday oʻzgarishlar yuz berdi? Mahalliy korxonalarda ishlab chiqarilayotgan oʻyinchoqlar xorij mahsuloti bilan raqobat qila olayaptimi? Oddiy xaridorlar oʻyinchoqlarga qanday talablar qoʻyishadi? Bu haqda Sputnik muxbirining maqolasida soʻz boradi.
Qoʻgʻirchogʻim Natasha, yeb qoʻyibdi koʻp kasha...
Bolalik davrining eng yaqin hamrohlari – oʻyinchoqlardir. Qadimda oddiy yogʻochdan yoki loydan yasalgan soddagina oʻyinchoqlar bugun ilm-fanning soʻnggi yutuqlari asosida tayyorlanmoqda. Oʻzbekistonda 14 yoshgacha boʻlgan bolalar 10 175 819 nafar (2021 yil 1 yanvar holatiga koʻra) ekani eʼtiborga olinsa, bu bozorning imkoniyatlari qanchalik keng ekani oydinlashadi. Toʻgʻri, bu yerda chaqaloqlar ham hisobga olingan, lekin chaqaloqlar oʻyinchoq oʻynamaydi degan xayolga asti bora koʻrmangki, beshiklarga rang-barang shaqildoqchalarni osib qoʻyadigan – oʻzimiz. Xoʻsh, ana shu moddiy va maʼnaviy jihatdan beqiyos ahamiyatga ega sohaning bugungi ahvoli qanday?
1/3
2/3
3/3
1/3
2/3
3/3
Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonda soʻnggi uch yildagi tugʻilishlar soni quyidagicha: 2018 yilda – 768 520; 2019 yilda – 814 960; 2020 yilda esa 841 817 nafar. Yaʼni aholi soni muttasil va tez surʼatlarda ortib borayapti. Oʻyinchoqlar industriyasi shu shiddat ortidan qanchalik ulgurayotgani yoki ulgurmayotgani haqidagi savol nihoyatda muhim, albatta. Chunki buning ortida yangi korxonalar, oʻn minglab ish oʻrinlari, milliardlagan pul aylanmalari, byudjetga tushumlar hamda bularning baridan-da ustun jihat – bola quvonchi va maʼnaviy toʻgʻri shakllanishi masalasi turibdi.
Avvalboshdan boshlaydigan boʻlsak, bir oz tarixga qaytishga toʻgʻri keladi. Bir vaqtlar Toshkentda butun mintaqaga dong taratgan “Toshoʻyinchoq” zavodi faoliyat yuritgan. Katta avlod vakillari mazkur korxona mahsulotlarini yaxshi eslashadi. Zavod nima sababdan oʻz faoliyatini toʻxtatganiyu qancha vaqt boʻsh yotganini aniqlash – maqolamiz maqsadiga kirmaydi. Bir narsa aniqki, “Toshoʻyinchoq” zavodining 12 ming kv. metrli asosiy binolari va inshootlari uzoq muddat davomida boʻsh qolib, ishlab chiqarish liniyalari yaroqsiz holga kelib qolgan...”. Bu Oʻzbekiston Prezidentining Toshkent shahrida bolalar buyumlari va oʻyinchoqlarini ishlab chiqaruvchi zamonaviy korxonani tashkil etish yuzasidan 2017 yil 6 iyulda qabul qilingan Qaroridan koʻchirma.
1/5
2/5
3/5
4/5
5/5
1/5
2/5
3/5
4/5
5/5
Qaror eʼlon qilingandan soʻng oradan toʻrt yildan koʻproq vaqt oʻtdi. Bu orada matbuotda, jumladan Sputnik saytida ham mazkur hududda yangi korxonalar ish boshlagani haqida ayrim xabarlar va fotoreportajlar berildi. Biz esa ushbu maqola orqali Oʻzbekistonda umuman oʻyinchoq sanoatining ahvoli, yutuq-kamchiliklari, mutaxassislar fikri va yechimini kutayotgan masalalar haqida fikr yuritmoqchimiz.
Darvoqe, bundan 30-40 yil ilgari jajji qizaloqlar sevib kuylagan “Qoʻgʻirchogʻim Natasha...”dagi oʻsha qoʻgʻirchoqlar ham aynan shu “Toshoʻyinchoqda” tayyorlangan...
Har yomonning bir yaxshisi bor...
Oʻyinchoqlar industriyasi tendentsiyalarini oʻrganib chiqqan Iqtisodiyot universiteti kafedra mudiri Ibodulla Hotamovning maʼlum qilishicha, jahon oʻyinchoqlar bozorining daromadlari 2023 yilga kelib 120 milliard dollardan oshadi. Bu davrga qadar sohaning yalpi yillik oʻrtacha oʻsishi (CAGR) 4 % ni tashkil etadi.
Keyingi ikki yilda eng urf soʻzga aylangan pandemiya bu sohaga ham taʼsir oʻtkazmay qolmadi. Xoh ishoning, xoh ishonmang – yaxshi maʼnoda. Sababi juda oddiy: 2020 yilda koʻplab davlatlarda taʼlim muassasalari karantinga yopildi. Har xil bayramlar, tadbirlar bekor qilindi. Bogʻchaga, maktabga qatnaydigan bolajonlarimiz uyda qoldi. Ota-onalar esa ularni band qilish maqsadida oʻyinchoqlar olib berishdi. Natijada savdo koʻrsatkichlari keskin ortdi. Maʼlumotlarga koʻra, ayrim xorij kompaniyalari bu borada 30 foizlik oʻsishni qayd etgan. Mana sizga hamma yomonlagan pandemiyaning ijobiy tarafi. Har yomonning bir yaxshisi bor, deb shuni aytsalar kerak-da...
Sifat zoʻr, faqat buyurtma yoʻq
Sobiq “Toshoʻyinchoq” zavodi hududida bugun 5 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Biz shulardan ikkitasi bilan bevosita tanishdik. Yonma-yon joylashgan ikkita korxonada ikki xil holat. Biri – “Neshnl Prodeks”. Yelim oʻyinchoqlar ishlab chiqaradi.
Renat Kenzyabayev – korxona direktori: “Misol uchun, 57 ta detaldan iborat oʻyinchoq mashinalarni biz 25 ming soʻmdan chiqaramiz, bozorda 100 ming soʻmgacha, undan ham qimmat sotiladi. Vaholanki, sotuvchilar bilan shartnoma tuzayotganda, ustama narxni 10 foizdan oshirmaslik koʻrsatilgan boʻladi. Lekin qoʻldan-qoʻlga oʻtib, xaridorga yetib borguncha... Oʻzimiz sotaylik desak, firma doʻkonimiz yoʻq, doʻkon ochaylik desak, soliqlar baland, ijara puli qimmat”.
Korxona 2019 yilda bir marta eksportga mahsulot chiqargan ekan. Oʻshandan beri tashqi bozor mavzusi yopiq. Bu yerda jami 30 kishi ishlaydi, lekin xodimlarning yarmi taʼtilga chiqarilgan.
“Pandemiya bizga yomon taʼsir qildi, buyurtma yoʻq, deydi Renat aka. Bundan tashqari, xom ashyo masalasi chatoq. “Oʻz-Kor Gaz”da chiqadigan polipropilenni toʻgʻridan-toʻgʻri xarid qilolmaymiz, birja orqali olish kerak. Oqibatda, xom ashyo yetkazib berishda uzilishlar boʻladi. Mana shunday masalalar hal etilsa, xorij bozoriga bemalol chiqishimiz mumkin. Negaki, bizning oʻyinchoqlarimiz xavfsizlik va sifat koʻrsatkichlari boʻyicha Yevropa standartlariga javob beradi. Bu balandparvoz gap emas, tegishli hujjatlar bilan tasdiqlangan”.
© Sputnik / Ramiz Baxtiyarov
Proizvodstvo igrushek v Uzbekistane (Neshnl Prodeks) - Sputnik Oʻzbekiston
1/4
© Sputnik / Ramiz Baxtiyarov
Proizvodstvo igrushek v Uzbekistane (Neshnl Prodeks) - Sputnik Oʻzbekiston
2/4
© Sputnik / Ramiz Baxtiyarov
Proizvodstvo igrushek v Uzbekistane (Neshnl Prodeks) - Sputnik Oʻzbekiston
3/4
© Sputnik / Ramiz Baxtiyarov
Proizvodstvo igrushek v Uzbekistane (Neshnl Prodeks) - Sputnik Oʻzbekiston
4/4
1/4
2/4
3/4
4/4
Hamma gap qolipda...
Mazkur hududda faoliyat yuritayotgan korxonalardan yana biri – “Polimer plastik” MCHJ. Uning asoschisi Alijon Yusupov bu sohada katta tajribaga ega, oʻz faoliyatini “Toshoʻyinchoqda” boshlagan. Bu yerda ish avjida ekan – Qirgʻizistonga navbatdagi partiya joʻnatilayotgani ustidan chiqdik.
© Sputnik / Ramiz BaxtiyarovProizvodstvo igrushek v Uzbekistane (Polimer plastik)
Proizvodstvo igrushek v Uzbekistane (Polimer plastik) - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 21.09.2021
Proizvodstvo igrushek v Uzbekistane (Polimer plastik)
“Bu qutilarda oʻyinchoq bouling, qizaloqlar uchun har xil idishlar, yigʻma Legolar bor, deydi Alijon aka. Qirgʻizistondan tashqari, Qozogʻiston, Tojikiston, Rossiya, Ozarbayjonga eksport qilamiz. 2019 yilda 400 ming, oʻtgan yili 500 ming dollarlik mahsulotimizni chetga sotdik. Bu yilgi koʻrsatkichimiz 20-25 foiz yuqori boʻlishi kutilmoqda. Hozir Turkiya bozoriga kirish boʻyicha muzokaralar olib borayapmiz”.
Ichki bozorda esa uchta firma doʻkoni faoliyat yuritadi. Mahsulot turi jami 300 dan ortadi. Ayniqsa, bogʻchalardan buyurtma koʻp.
Alijon aka bizga ikkita oʻyinchoq ekskavator koʻrsatdi. Biri Germaniyada, ikkinchisi shu korxonada tayyorlangan. Tashqi koʻrinishi, hajmi oʻxshash, bajaradigan funktsiyasi ham bir xil. Faqat narxida farq bor: xorijniki 10 yevro (126 000 soʻm), mahalliysi 0,75 tsent (taxminan 8 000 soʻm). Bu qoliplarning sifati bilan belgilanadi.
Har ikkala ishlab chiqaruvchi bilan suhbatdan shu narsa maʼlum boʻldiki, oʻyinchoq sanoatida eng qimmat narsa – press qolip ekan. Oʻyinchoqdagi har bir shaklning oʻz qolipi bor. Bitta oʻyinchoq esa yuqorida koʻrganimizdek, oʻnlab detallardan iborat boʻlishi mumkin. Deyarli har biri uchun alohida qolip zarur. Eng qizigʻi, maʼlum bir shakldagi oʻyinchoqni ishlab chiqarish toʻxtatilsa, uning qolipi ham oʻz-oʻzidan keraksiz matohga aylanadi.
“Vaholanki, Turkiyada bitta qolip 25 ming dollar turadi, to bizga yetib kelguncha yanada qimmatlashadi”, deydi Renat aka.
“Oʻzbekistonda qolip ishlab chiqaruvchilar, nari borsa, oʻntadan oshmaydi” – Bu Alijon akaning fikri.
© Sputnik / Ramiz Baxtiyarov
Proizvodstvo igrushek v Uzbekistane (Polimer plastik) - Sputnik Oʻzbekiston
1/3
© Sputnik / Ramiz Baxtiyarov
Proizvodstvo igrushek v Uzbekistane (Polimer plastik) - Sputnik Oʻzbekiston
2/3
© Sputnik / Ramiz Baxtiyarov
Proizvodstvo igrushek v Uzbekistane (Polimer plastik) - Sputnik Oʻzbekiston
3/3
1/3
2/3
3/3
Uch tonna qoʻgʻirchoq
Statqoʻmdan olingan maʼlumotlarga koʻra, 2019 yilda Oʻzbekistonda inson qiyofasidagi qoʻgʻirchoqlar ishlab chiqarish hajmi 1,6 tonnani (bu koʻrsatkich tonnada hisoblanar ekan) tashkil etgan, 2020 yilda esa – 3 tonna. Jonivorlar va boshqa mavjudotlar koʻrinishidagi oʻyinchoqlar boʻyicha pasayish bor – mos ravishda 117 293 va 39 363 dona. Oʻyinchoq poyezdlar, yigʻma oʻyinchoqlar hamda konstruktorlar – 46 va 27 tonna. Gʻildirakli oʻyinchoqlar, qoʻgʻirchoqlar uchun aravachalar ishlab chiqarish ham sezilarli kamaygan – 1 140,5 hamda 584,5 tonna. Boshqotirma oʻyinchoqlar ishlab chiqarish hamjmining pasaygani ayniqsa achinarli – 36 574 va 6 210 dona.
Oʻyinchoq boshqotirmalarga talab yoʻq deyolmaymiz – ularga nafaqat bolalar, hatto kattalar ham qiziqadi. Demak, hosil boʻladigan boʻshliqni import hisobiga toʻldirishga toʻgʻri keladi. Darvoqe, import haqida. Oʻzbekiston 2021 yilning yanvar-avgust oylarida 33 ta mamlakatdan qiymati 9,4 mln. dollarga teng oʻyinchoqlarni import qilgan. Bu oʻtgan yilning shu davriga solishtirganda, 3,8 mln. dollarga koʻp demakdir. Bu borada yaqqol yetakchi – Xitoy – 8,3 mln. dollar. Ikkinchi oʻrindagi Tojikistonning koʻrsatkichi – 516,9 ming.
Arzonning shoʻrvasi tatimas
Toshkentda oʻyinchoqlar bilan savdo qiladigan doʻkonlarning son-sanogʻi yoʻq. Ularda ham mahalliy, ham xorijiy mahsulotlarni uchratish mumkin. Farzandingizning qiziqishi, aniqrogʻi hamyoningiz imkoniyatlariga qarab, istaganingizni tanlayverasiz. Toshkentning asosan markaziy hududlarida faoliyat yuritadigan mashhur oʻyinchoq doʻkonlari tarmogʻi mavjud. Mazkur doʻkonlar asosan yuqori daromadga ega mijozlarni jalb etadi. Bu yerda 6-7 yoshli qizaloqlar uchun “Barbi” qoʻgʻirchoqlari 200 ming soʻmdan 3 mlngacha, oʻgʻil bolalarning “moshinachasi” 700 ming soʻmgacha. Sal yoshi kattaroqlar uchun koʻrinishi “dahshat” avtomobillar 1,5 milliondan 5-6 milliongacha. Lekin sifati ham shunga yarasha – yuqori.
Xalq bozori – “Oʻrikzor”da shaklan shunga oʻxshash qoʻgʻirchoq 40-50 ming soʻm, “moshinacha”lar 10 ming soʻmdan 100 ming soʻmgacha. Bu yerda ham bir qarashda kishi aqlini shoshiradigan, tashqi koʻrinishi chiroyli ishlangan ajabtovur oʻyinchoqlarni uchratish mumkin. Narxlari markazdagi doʻkonlardan ancha arzon. Faqat sifat masalasi oqsaydi.
“Lekin sifatli ekan deb, hammayam qimmat oʻyinchoq olib berolmaydi. Bizni talabimiz bitta – ham sifatli, ham arzon boʻlsin! Qoʻgʻirchoqlar qizlarda ibo-hayoni, nazokatni shakllantirishga xizmat qilsin” – bu nabiralarini yetaklab oʻyinchoq rastalarini oralayotgan onaxonning soʻzlari.
Salohiddin amaki: “Oʻgʻil bolalar albatta oʻyinchoqlarning ichida nima borligini bilgisi keladi. Sindirib boʻlsa-da, ochib koʻradi. Oʻzimiz ham shunaqa edik. Ishlab chiqaruvchilar ana shu tarafini inobatga olishlari kerak. Toki bola oʻsha oʻyinchoqni boʻlaklarga ajratib, koʻngli joyiga tushgandan keyin, uni yana qayta yigʻish mumkin boʻlsin”.
Hikmat aka: “Bundan tashqari, xavfsizlik masalasi nihoyatda muhim. Ilgari oʻyinchoqlarda sifat belgisi boʻlar edi. Hozirgilarida yopishqoq qogʻozda necha yoshli bolaga moʻljallangani yozilgan boʻladi. Bu qogʻoz zavodda yopishtirilganmi yoki sotuvchilarning oʻz “ijodi”mi, bilib boʻlmaydi”.
Ismini sir tutgan xaridor: “Bola borki, oʻyinchoqni buzadi, sindiradi. Bunisi mayli, lekin ayrim oʻyinchoqlarni uyga yetkazib borishga ulgurmaysiz, yoʻlning oʻzida buzilib boʻladi. Sal insofam kerak-da, ishlab chiqaruvchilar!”
© Sputnik / Dilshoda RaxmatovaKak sozdayutsya igrushki: fotoreportaj s tashkentskoy fabriki
Kak sozdayutsya igrushki: fotoreportaj s tashkentskoy fabriki - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 21.09.2021
Kak sozdayutsya igrushki: fotoreportaj s tashkentskoy fabriki
“Muzqaymoqni chet elniki desa...”
Toshkentdagi “Optima Best Plast” korxonasi bolalar maydonchalari uchun jihozlar ishlab chiqaradi. Ichki bozorda qiziqish oz emas, kuni kecha BMT Taraqqiyot dasturidan har bir viloyatga mana shunday toʻplamlar yetkazib berish boʻyicha buyurtma olindi. Mazkur korxona asoschilari oʻz faoliyatini oʻyinchoq ishlab chiqarishdan boshlagan.
“Bir zamonlar boʻldi, ichki bozorimizni toʻlaligicha xorijliklarga berib qoʻydik. Oʻyinchoqlarga ehtiyoj yuqori edi, mahalliy ishlab chiqaruvchilar faoliyati esa toʻxtab qolgandi. Bizning korxonamiz 2012 yilda ish boshlagan. Bolalar uchun obruchlar, Lego toʻplamlari, oʻyinchoq bouling kabi mahsulotlarni chiqarganmiz. Albatta, bu bozorni qoplash uchun yetarli emasdi. 2017 yilgi Qarordan soʻng vaziyat oʻzgardi”, deydi korxona vakili.
Suhbatdoshimizning soʻzlariga koʻra, ish jarayonida baʼzan qiziq voqealar ham roʻy berar ekan. Yangi tashkil etilgan bogʻlardan birini jihozlash uchun korxona vakillari oʻz mahsulotlarini taklif etishadi. Biroq mutasaddilar uncha ruyxush bermaydi. Oradan ikki-uch kun oʻtib, ularning mahsulotini Toshkentda tadbirkorlik bilan shugʻullanayotgan turkiyalik hamkorlar koʻrib qoladi va bir-ikkita namunasini olib, oʻsha bogʻ maʼmuriyatiga koʻrsatishadi. Mutasaddilar “Ha bu boshqa gap, chet elliklar yomon narsa taklif qilmaydi” deya oʻsha mahsulotlarni boqqa oʻrnatishga shartnoma imzolaydi...
© Sputnik / Ramiz BaxtiyarovDetskaya ploщadka vo dvore doma v Tashkente
Detskaya ploщadka vo dvore doma v Tashkente - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 21.09.2021
Detskaya ploщadka vo dvore doma v Tashkente
“Mahsulotlarimizga chet elda ham qiziqish bor. Yaqinda Qozogʻistonlik bir mijoz xususiy bogʻcha uchun toʻplam sotib oldi. Lekin chegaradan oʻtkazish nihoyatda murakkab boʻldi. Chunki Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlarining oʻz talablari bor, hujjatlashtirishda qiyinchilik kelib chiqadi. Tadbirkorlikni rivojlantirishga masʼul idoralar mana shunday masalalarda kichik korxonalarga yordam bersa, ayni muddao boʻlar edi”.
“Landi-landi, oʻyinimiz boshlanmadi...”
Psixolog Iroda Hakimovaning fikriga koʻra, 21-asrga kelib harakatli oʻyinlar kamayib ketgani bor gap. Bu hech kimni ajablantirmay ham qoʻydi. Lekin chuqurroq oʻylab koʻrilsa, harakatli oʻyinlar ozaygani faqatgina bolalar jismonan kamharakat boʻlib qolayapti, degani emas. Bu – bola jamoada oʻzini tutishi, jamoa manfaatlarini oʻz manfaatlaridan ustun qoʻyishi, doʻstlarni himoya qilish, sheriklariga yaxshilik qilish kabi fazilatlar shakllanishidan maʼlum miqdorda mahrum boʻlishi demakdir.
“Bolaga oʻyinchoq tanlayotganda, tashqi koʻrinishiga jiddiy eʼtibor berish kerak, deydi suhbatdoshimiz. Toki uning rangi, shakli, tuzilishi agressiya uygʻotmasin, aksincha, quvonch, shodlik baxsh etsin. Bola oʻyinchoqlarda koʻrganini oʻz hayotiga tadbiq etishga harakat qiladi. Shuning uchun depressiv, maʼyus oʻyinchoqlarni olib berishdan oldin oʻylab koʻring. Bundan tashqari, ayrim Barbi qoʻgʻirchoqlari oʻta zamonaviy kiyintirilgan boʻladi. Demak, qizaloq ham unga oʻxshashni xohlaydi va shunday liboslar olib bering, deb ota-onasiga xarxasha qiladi. Qolaversa, bunday qimmat qoʻgʻirchoqlarni quchoqlab boʻlmaydi, koʻylagi gʻijim boʻlib qoladi. Bolaga bagʻriga bosadigan oʻyinchoqlar olib berish kerak, toki unda mehr ulashish istagi shakllanib borsin”.
Xuddi Kumushbibiday...
Dono opa Muhamedova hunarmandlar oilasida katta boʻlgan. Buvisiga qiziqib, oʻzi ham kichik yoshidan chevarlik bilan shugʻullangan, turli “fason”lar kashf qilgan ekan.
Dono Muhamedova: “Ilgaridan qoʻl mehnatiga qiziqqanman. Milliy qoʻgʻirchoqlar tayyorlay boshlaganimga taxminan toʻrt yil boʻldi. Baʼzan bozorlarda koʻrib qolaman, har xil koʻrinishdagi qoʻgʻirchoqlarga milliy kiyimlar kiydirib qoʻyishadi. Lekin... Mening qoʻgʻirchoqlarimga chet elliklar koʻproq qiziqish bildiradi. Esdalik uchun sotib olishadi. Narxi 200 ming soʻmdan 500 ming soʻmgacha. Oʻzimning oʻnta qiz nabiram bor. Hammasining tugʻilgan kunida shu qoʻgʻirchoqlarimdan sovgʻa qilaman, jon deb oʻynaydi”.
Dono opa shu kunlarda milliy ruhdagi kompozitsiyalar yaratishni yoʻlga qoʻydi. Quyidagi suratlarda siz “Sovchilar”, “Aravada kelin”, “Alla”, “Bozor”, “Oʻzbek xonadoni”, “Kelin salom”, “Ibn Sino”, “Amir Temur”, “Choyxona” kabi mavzulardagi ijod namunalaridan bahra olishingiz mumkin. “Aravada kelin” kompozitsiyasiga qarab, zamonaviy ZAGSlarda xoʻjakoʻrsin uchun qoʻsha-qoʻsha mashinalar ovora qilinayotgan bir zamonda, asli ziynat kamtarlikda ekani yodingizga tushadi, “Kelin salom”da iymanibgina turgan kelinchakning labi ustidagi xolini koʻrib esa Qodiriyning Kumushbibisimi deysiz...
“Oʻyinchoq ishlab chiqaruvchilarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash kuchaytirilsa, ayni muddao boʻlar edi, deydi Dono opa. Masalan, muzeylarda milliy kompozitsiyalar bor, lekin juda joʻn ishlangan. Mana bunday kompozitsiyalarni muzeylarga joylashtirsa, qanchalab sayyohlar bahra oladi”.
© Sputnik / Ramiz BaxtiyarovIzgotovleniye traditsionnыx kukol v Uzbekistane (Dono Muxamedova)
Izgotovleniye traditsionnыx kukol v Uzbekistane - Sputnik Oʻzbekiston
1/5
Izgotovleniye traditsionnыx kukol v Uzbekistane (Dono Muxamedova)
© Sputnik / Ramiz BaxtiyarovIzgotovleniye traditsionnыx kukol v Uzbekistane. Master Dono Muxamedova.
Izgotovleniye traditsionnыx kukol v Uzbekistane - Sputnik Oʻzbekiston
2/5
Izgotovleniye traditsionnыx kukol v Uzbekistane. Master Dono Muxamedova.
© Sputnik / Ramiz BaxtiyarovIzgotovleniye traditsionnыx kukol v Uzbekistane. Master Dono Muxamedova.
Izgotovleniye traditsionnыx kukol v Uzbekistane - Sputnik Oʻzbekiston
3/5
Izgotovleniye traditsionnыx kukol v Uzbekistane. Master Dono Muxamedova.
© Sputnik / Ramiz BaxtiyarovIzgotovleniye traditsionnыx kukol v Uzbekistane. Master Dono Muxamedova.
Izgotovleniye traditsionnыx kukol v Uzbekistane - Sputnik Oʻzbekiston
4/5
Izgotovleniye traditsionnыx kukol v Uzbekistane. Master Dono Muxamedova.
© Sputnik / Ramiz BaxtiyarovIzgotovleniye traditsionnыx kukol v Uzbekistane. Master Dono Muxamedova.
Izgotovleniye traditsionnыx kukol v Uzbekistane - Sputnik Oʻzbekiston
5/5
Izgotovleniye traditsionnыx kukol v Uzbekistane. Master Dono Muxamedova.
1/5
Izgotovleniye traditsionnыx kukol v Uzbekistane (Dono Muxamedova)
2/5
Izgotovleniye traditsionnыx kukol v Uzbekistane. Master Dono Muxamedova.
3/5
Izgotovleniye traditsionnыx kukol v Uzbekistane. Master Dono Muxamedova.
4/5
Izgotovleniye traditsionnыx kukol v Uzbekistane. Master Dono Muxamedova.
5/5
Izgotovleniye traditsionnыx kukol v Uzbekistane. Master Dono Muxamedova.
Yangiliklar lentasi
0
Avval yangilariAvval eskilari
loader
LIVE
Zagolovok otkrыvayemogo materiala