“Ulov degani quvvatli bo‘lsa-da”: O‘zbekistonda elektromobillar qanchalik xaridorgir?

© Sputnik / Vitaliy Belousov / Mediabankka o‘tishAvtomobili Tesla
Avtomobili Tesla - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 27.09.2021
Obuna bo‘lish
Bugungi kunda tejamkor, tabiatga uncha zarar yetkazmaydigan elektromobillar dunyo bozorlarini tobora egallab olishmoqda. Xo‘sh, ular O‘zbekistonda o‘z xaridorlarini topa olishaptimi, xaridorlar elektromobillar xususida qanday fikrda?
TOShKENT, 27 sen – Sputnik. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yilning yanvar-iyul oylarida O‘zbekistonga 432 ta elektromobil import qilingan. Bu yo‘llarni tobora to‘ldirib borayotgan millionlab avtomobillar orasida dengizdan tomchiday gap. Lekin asta-sekinlik bilan bo‘lsa ham, xaridorlarda elektroulovlarga bo‘lgan qiziqish tobora ortmoqda. Mazkur mavzu tahlili Sputnik muxbiri maqolasida.

"Atigi bittagina"

Toshkentda shanba-yakshanba kunlari aholi eng gavjum bo‘ladigan manzillardan biri bu – “Sergeli avtomobil bozori”. Eski va yangi, arzon va qimmat, yengil va yuk, mahalliy va xorijiy rusumdagi avtolarning barchasi shu yerda. Yuzlab, minglab avtomobillar ichida elektromobillar esa, afsuski, barmoq bilan sanarli. Shanba kuni 1(!) donagina Xitoy elektromobili sotuvga qo‘yilganiga guvoh bo‘ldik. Narxi 44 ming dollar. Atrofida xaridor yo‘q. Bitta-yarimta qiziqqanlar “selfi”ga tushib ketishapti. Zerikkan sotuvchi muloqotga tashna. Elektromobilning afzalliklarini erinmay tushuntirib beradi.
© SputnikElektromobil na rinke v Sergeli
Elektromobil na rinke v Sergeli - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 27.09.2021
Elektromobil na rinke v Sergeli
Elektromobil sotuvchisi: “Hamma narsa solishtirganda bilinadi. Masalan, benzinli “Kolbalt”da kuniga 100 km yursangiz, bir yilda jami bir yarim ming dollar sarflashingizga to‘g‘ri keladi. Elektromobilning xarajatlari esa yiliga bir million so‘m atrofida (bu taxminan 100 dollar degani). Boshlang‘ich tezligiga gap yo‘q – joyidan tez qo‘zg‘aladi (ayrim haydovchilarning besabrligini, svetoforda salgina sustkashlik qilib qolgan kishiga har tarafdan ayovsiz signallar chalinishini inobatga olganda, bu juda muhim afzallik). Xo‘sh, yana nima deyish mumkin? Quvvat oladigan nuqtalar yetarli, har yili ko‘payib borayapti. Bir to‘ldirsangiz, 300-400 kilometr yurasiz. Ehtiyot qismlarni Xitoydan olib kelamiz. Uzoq kutib qolmaysiz, bu biznes bilan shug‘ullanadiganlar soni ham ortmoqda. Oling aka, baraka topasiz”.
© foto predostavleno prodavsom elektromobilyaElektromobil na rinke v Sergeli
Elektromobil na rinke v Sergeli - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 27.09.2021
Elektromobil na rinke v Sergeli
Sotuvchining gapi to‘g‘ri, solishtirganda ko‘p narsa oydinlashadi. Lekin u eng asosiy mezonni chetlab o‘tdi – narx! Narx masalasida shubhasiz ustunlik benzinli avtomobillar tarafida. Xuddi o‘sha “Kobalt” misolida solishtiradigan bo‘lsak, shu kabi bitta elektromobilning puliga ikkita “Kobalt” xarid qilish mumkin. Va aynan mana shu jihat elektromobilning ko‘pgina afzalliklarini bosib ketadi.
“Bu inson psixologiyasi bilan bog‘liq. Buni shahar transportida foydalanish uchun sotiladigan oylik chiptalarga o‘xshatish mumkin. Deylik, bir oylik chipta 60 ming so‘m turadi. Lekin siz biryo‘la “shuncha” xarajat qilishni xohlamaysiz-da, kunlik yo‘lkira to‘lab ishga borib-kelasiz. Natijada, bir oyda 90 ming so‘m sarflaysiz. Elektromobil sotib olish ham shunga o‘xshagan gap”, deydi e’tibortalab sotuvchi.

Elektromobil bozori qaydadir?

Toshkentda bir nechta elektromobil salonlari mavjud. Shulardan biri Sergeli avtomobil bozori yaqinida joylashgan. Ochilganiga atigi 1,5 oy bo‘ldi. Shu vaqt davomida 6 ta elektromobil sotilgan. Bu yerga ham avtoulovlar asosan Xitoydan olib kelinadi. Nemis, koreys modellariyam bor. Hattoki Gruziyadan ham keltirilar ekan. Yo‘q, bu davlatda elektromobil ishlab chiqarilmaydi. Portlari orqali boshqa mamlakatlardan kirib keladi. Mana sizga dengiz yo‘llarining afzalligi. Eh... Bir oz chalg‘idik, shekilli.
Xohlasangiz, buyurtma qilishingiz mumkin. Istalgan rang, rusum deganday. Darvoqe, buyurtmalar ham asosan Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi. Chunki mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, “Ford”, “BMV”, “Xonda”, “Toyota”, “Folksvagen”, “Reno” kabi gigantlar Chin yurtida o‘z zavodlarini barpo etgan. Umuman olganda esa, dunyo bo‘yicha mutlaq ustunlik “Tesla” kompaniyasida. U joriy yil birinchi choragida 88 400 dona elektromobil sotgan – bu bozorning 29 foizi demakdir. Farang va yaponlarning “Reno”-“Nissan” kompaniyasi ikkinchi o‘rinda – 39 355 ta, nemislarning “Folksvagen”i hissasiga 33 846 ta elektromobil to‘g‘ri keladi. “Tesla” O‘zbekiston bozoriga ham kirib kelgan – narxlar 45 mingdan 85 minggacha.
“Gap pulda emas, - deydi avtosalon xodimi Sa’dulla aka. - Yodingizda bo‘lsa, Asakada ilk o‘zbek avtomobillari ishlab chiqarila boshlaganda ham bir oz ishonchsizlik bo‘lgan edi. “Qanaqa ekan, olishga arzirmikan, ehtiyot qismlari topilarmikan” degan savollar ko‘pchilikni ikkilantirib qo‘ygandi. Chunki shu paytga qadar avtomobil ishlab chiqarish tajribamiz bo‘lmagan-da. Mana bugun O‘zbekiston yo‘llarida harakatlanayotgan avtoulovlarning 90 foizdan ortig‘i o‘zbek avtomobilsozlarining mahsulotlaridir. Xuddi shu singari, xaridor elektromobillarga ham ko‘nikadi, bir oz vaqt kerak, xolos”.
© SputnikSalon elektromobiley v Tashkente
Salon elektromobiley v Tashkente - Sputnik O‘zbekiston
1/3
Salon elektromobiley v Tashkente
© SputnikSalon elektromobiley v Tashkente
Salon elektromobiley v Tashkente - Sputnik O‘zbekiston
2/3
Salon elektromobiley v Tashkente
© SputnikSalon elektromobiley v Tashkente
Salon elektromobiley v Tashkente - Sputnik O‘zbekiston
3/3
Salon elektromobiley v Tashkente
1/3
Salon elektromobiley v Tashkente
2/3
Salon elektromobiley v Tashkente
3/3
Salon elektromobiley v Tashkente
Sa’dulla aka aytgan “bir oz vaqt” haqiqatan ham bir ozgina. Ekspertlarning tahlillariga ko‘ra, 2030-yillarga borib elektromobil bozorida keskin o‘sish yuz beradi. Buning sabablaridan biri – yirik avtomobil kompaniyalari ichki yonish dvigatelli ulovlarni ishlab chiqarishni to‘xtatadi. Misol uchun, “Toyota” – 2030-yilda, “Ford” – 2035-yilda, “Jeneral Motors” – 2023 va hokazo.

Arzonroqlari ham bor!

Yuqorida keltirilgan narxlar ko‘pchilikni cho‘chitib yuborishi aniq. Chunki bu pulga bir necha xonali kvartira olish mumkin. Lekin kayfiyatni tushirmang – arzonroq elektromobillar ham bor. Buning uchun erinmasdan xususiy e’lonlarni ko‘zdan kechirish kerak. “Spark”ka o‘xshash (e’londa shunday yozilgan) elektromobilning narxi 7 000 dollar. Tezligi (yo‘lovchilarsiz) 90 km/s. Quvvati 130-200 kmga yetadi. Agar bundan ko‘nglingiz to‘lmasa, 17 000 ga “Volkswagen Lavida” rusumini olishingiz mumkin. Yangi, hamma ko‘rsatkichlari joyida, faqat 15 foizlik QQS to‘lash lozim. Bu yana taxminan 2 500 dollar degani. Albatta, maqolada butun e’lonlar olamini aks ettirib bo‘lmaydi. Faqat aytmoqchi bo‘layotganimiz – bozorda yo salonda narx qimmat ekan, deb ko‘ngilni tushirmaslik lozim. “Izlagan imkon topar” degan naql bor, biz ham sizni bir oz izlanishga chorlamoqchimiz, xolos.
Elektromobillar bozori 2025-yilda – 14 million, 2030-yilda esa 25 million (ayrim tahlillarga ko‘ra, 45 million) donani tashkil etishi kutilmoqda. Darvoqe, avvalboshda ichki yonish dvigatelli avtomobillarga moslab chiqarilgan quzovlar keyinchalik elektromobilga aylantirilayotgani ham shundan. Ya’ni o‘shanday kuzovlarni oldindan tayyorlab qo‘ygan kompaniyalar endi “uvol bo‘lmasin” deb ularni elektromobilga moslashtirib yuborapti.
Bozor qonuniyatlariga ko‘ra, ishlab chiqarish hajmi oshishi, ya’ni taklifning ortishi natijasida narxlar tusha boshlaydi. Bugina emas: energiyani saqlash texnologiyalari rivojlanadi. Oqibatda, bugungi kunda elektromobillarning 50 foiz narxini tashkil etayotgan akkumulyator batareyalarning tannarxi ham pasayadi. Qarabsizki, qopag‘on narxlar o‘tmishda qoladi, ona tabiat ham xursand. Olimlar tezroq o‘z so‘zini aytsa, bas. Oxir-oqibat, yana hamma narsa ilmga borib taqalayapti. Eshitayapsizmi, yoshlar?

“Voy-bo‘! Bitta moshinaya?!.”

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Saidrasul Sanginov: “Ichki yonish dvigateliga ega avtoulov bir kunda 10-15 litr yoqilg‘i sarflash orqali atmosferaga 5-10 kg ifloslantiruvchi moddalar chiqaradi. O‘zbekistonda yengil avtomobillar soni 2 767 000 dan ortiq, yuk avtolari – salkam 170 000, avtobuslar – 5 700, mikroavtobuslar – 8 500, maxsus avtoulovlar – 5000 dan ziyod. O‘tgan yili Toshkent shahrida atmosferaga 426 ming tonna ifloslantiruvchi moddalar chiqarilgan. Bunda avtotransport ulushi 395 ming tonnani, yoki 90% dan ko‘proqni tashkil etgan”.
Mana shunaqa “voy-bo‘!”. Darvoqe, masalaning jiddiyligini inobatga olgan holda, Ekopartiya vakillari turli darajadagi saylovlardan oldingi targ‘ibot-tashviqot tadbirlarida bu mavzuga alohida e’tibor qaratib kelishmoqda...

Bir chimdim siyosat

Ma’lumki, O‘zbekiston Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij bitimini imzolagan va ratifikatsiya qilgan. Bu respublikaga ma’lum bir majburiyatlarni yuklaydi. Mazkur majburiyatlarni bajarish uchun atmosferaga chiqarilayotgan parnik gazlari hajmini kamaytirish bo‘yicha Milliy strategiyani shakllantirish va qabul qilish jarayonini tezlashtirish lozim. Bunda transport sohasidagi siyosatni ham tubdan qayta ko‘rib chiqish, mamlakatda elektromobillar ishlab chiqarish va ularni chetdan olib kirish uchun shart-sharoitlar yaratish taqozo etiladi.
Transport vazirligi axborot xizmatidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Parij bitimini amalga oshirish yuzasidan "Toshshahartransxizmat" AJ tarkibidagi avtobus saroylarini 2023-2025 yillarda elektrobuslar bilan yangilash dasturi amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2022-2024 yillar davomida har yili 100 tadan shahar elektrobuslari va ularni quvvatlash uskunalarini harid qilish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan 2021-yil yakuniga qadar 20 ta elektrobus va ularni quvvatlash uskunalari sotib olinadi.
Elektrobus na zaradke - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 01.07.2021
Toshkent uchun elektrobus xarid qilishga ikkita xalqaro tashkilot 3,9 mln dollar ajratadi

Imtiyoz, samara va shaxsiy tashabbus

O‘zbekistonga elektromobil importi uchun fuqarolarga imtiyozlar berish maqsadida 2019-yil 1-yanvardan bojxona boji bekor qilingan va o‘sha yil iyul oyiga borib aksiz solig‘i ham olib tashlangan. Bunday imtiyozlar, qolaversa, yoqilg‘i uchun xarajatlarni kamaytirish istagi xaridorlarda asta-sekinlik bilan bo‘lsa-da, elektromobillarga qiziqish uyg‘onishiga sabab bo‘lmoqda.
Statqo‘m ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yilning yanvar-iyul oylarida O‘zbekistonga 432 ta elektromobil import qilingan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 364 taga ko‘p. Bunda Xitoy yetakchilik qilyapti – Chin davlatidan 388 ta elektrulov olib kelingan. Ikkinchi o‘rindagi Turkiyadan – 24 ta.
Oyma-oy qaraydigan bo‘lsak, joriy yilning aprelida 65 ta, may oyida 49 ta, iyunda 63 ta elektromobil import qilingan. Yillar kesimida: 2018-yilda – 13 ta, 2019-yilda – 39 ta, 2020-yilda – 131 ta. Albatta, O‘zbekiston shaharlari ko‘chalarini tobora to‘ldirib oqayotgan millionlab avtomashinalar to‘lqini ichida 300-400 elektromobil dengizdan tomchiday gap.
O‘zbekiston MDHda elektromobil ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlikka tayyorligini bildirdi
Bunda hukumat qarorlarini kutib o‘tirmasdan, yirik tashkilotlarning shaxsiy tashabbusi ham muhim ahamiyatga ega. Masalan, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi rahbariyati “boshqa vazirliklarga o‘rnak bo‘lish ma’nosida xizmat avtolarini eklektromobillarga almashtirishni rejalashtirgan. Bundan tashqari, elektromobil sotib olishni rag‘batlantirish maqsadida qo‘mita hisobidan bepul quvvatlantirish shoxobchasi ochish va bu tajribani keng yoyishni mo‘ljallagan” (Qo‘mita axborot xizmati ma’lumotlaridan).

"Kirakashlik qilsangiz ham bo‘ladi"

Albatta, har qanday mahsulotga eng xolis bahoni iste’molchi beradi. O‘zbekistonning o‘ziga yarasha jaziramasiyu qahratonlari bor. Yo‘llariku alohida mavzu.
Abubakr, elektromobil sohibi: “Ilgari kuniga 100 ming so‘mga benzin quyardim, hozir bunday katta chiqimdan qutulganman. “Zaradka” muammo emas, ko‘p joyda bor. Misol uchun, o‘zim uy sharoitida quvvatlantiraman. 1,5 soat vaqt ketadi, bu bor-yo‘g‘i ikki ming so‘mga aylanadi. Shu ikki ming so‘mlik quvvat 300 kilometrdan ko‘proqqa yetadi. Farg‘ona vodiysi tomon yursangiz, dovonda, Qo‘qonda, Samarqandga borsangiz, Sirdaryoda, Samarqandning o‘zida, xullas, hamma joyda quvvatlantirish nuqtalari mavjud. Yo‘lda qolib ketmaysiz”.
Ba’zi hisob-kitoblarga qaraganda, bugungi kunda respublikada 100 ga yaqin quvvatlantirish stansiyalari ishlayotgan bo‘lsa, shulardan yarmi poytaxt hissasiga to‘g‘ri keladi. Ayrim supermarketlar oldida bepul quvvatlantirish nuqtalari mavjud.
Toshkentda ko‘pgina haydovchilar ertalab ishga ketishda yoki kechqurun uyga qaytishda “harna benzin puli” deb bir-ikkita yo‘lovchi olishadi. Dam olish kunlari bekorchilikdan zerikib, “bir aylanib kelay” deya 2-3 soat taksichilik qiladiganlar ham oz emas. Xullas, yo‘lovchi sifatida ko‘chada qolib ketmasligingiz aniq. “Oka, elektromobilda kira qilsangiz, mazza bo‘ladi” deyishdi shu mavzuda maqola tayyorlanayotganini eshitgan ayrim elektromobil egalari.
Zaradka elektromobilya - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 22.09.2020
O‘zbekistonda elektromobil importi keskin o‘sdi
Bu gapda ham jon bor. Hozir Toshkentda eng arzon benzinning 1 litri 6000 so‘m. Elektromobilni to‘liq quvvatlantirish esa 30 ming so‘m. Tasavvur qiling, elektromobilingiz bo‘lsa, shoxobchaga olib borib, qo‘rqmasdan, xuddi boyvachchalardek “to‘ldirib ber!” deya olasiz. Benzin quyish shoxobchasida “30 ming so‘mlik quy” deb ko‘ring-chi, achinib qarab qo‘yishadi...
Darvoqe, issiq yo sovuq ob-havo sharoiti elektromobillarga qandaydir salbiy ta’sir ko‘rsatishi haqida hech narsa eshitmadik. Yo‘llar esa... yo‘llar, yuqorida aytilganidek, alohida mavzu.

Qanday yangiliklar kutilyapti?

Saidrasul Sanginovning qayd etishicha, hozircha respublikada elektromobillarga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash yuzasidan zarur infratuzilma mavjud emas. Lekin bu tabiatni musaffo saqlash istagida bo‘lgan insonlarni to‘xtatib qolmasligi kerak.
Ma’lumotlarga qaraganda, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish jarayonini jadallashtirish maqsadida “Elektromobillar ishlab chiqarish va ulardan foydalanishni tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash”ga oid qaror loyihasi tayyorlanmoqda. Unga ko‘ra, 2030-yilga qadar respublika avtotransport vositalari parkining kamida 5 foizini elektromobillar tashkil etishiga erishish, shuningdek, davlat organlari hamda davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan korxonalar xizmat avtomobillari parkining 50 foizigacha bosqichma-bosqich elektrodvigatelga ega bo‘lgan transport vositalariga almashtirilishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Hujjatga binoan, 2021-yilda 200 ta, 2022-yilda 150 ta, 2023-yilda 100 ta, 2024-yilda 60 ta, 2025-yilda 40 ta va 2026-yilda 30 ta to‘xtash joyida tezkor usulda quvvatlantirish stansiyasi tashkil etish belgilab beriladi.

Oling, aka, baraka topasiz!

Ushbu maqolaning yozilishiga Toshkent ko‘chalari kun sayin “probkalashib” borayotgani turtki bo‘lgan edi. Yuzlagan mashinalardan iborat ilonizi bir chorrahadan ikkinchisi sari cho‘zilib boradi. Ayniqsa, ishga ketish va ishdan qaytish vaqtida.
Ba’zan matbuotda o‘qib qolamiz: xorijdagi falon shaharda svetoforning qizil chirog‘iga to‘xtagan haydovchilar motorni o‘chirar ekan. Yoki boshqa bir shaharda bir kun davlat raqami toq songa tugaydigan avtomobillar, ertasi kuni juft songa tugaydigan avtomobillar yo‘lga chiqar ekan. “Kuni bo‘lmagan” haydovchilar esa o‘sha kuni ishga yo o‘qishga jaomat transportida borib-kelishar ekan. Shu oddiygina usul yo‘llardagi avtomobillar sonini teng yarmiga (!) qisqartirish imkonini beradi. Tasavvur qilyapsizmi?
O‘zbekistonda ham gohida shunga o‘xshash aksiyalar o‘tkazib qolinadi. Lekin ular o‘z oti bilan – aksiya, ya’ni bir martalik tashabbus. “Avtomobilsiz kun” tadbirida yo‘llarda mashinalar kamaygani unchalik ham sezilmaydi. Qaytaga “bu aksiya deganlari qanday o‘tayotgan ekan, ko‘rib kelaylik-chi” deya avtomobilini haydab chiqadiganlar ko‘payib qoladimi-yey... Yana bir oz chalg‘ib ketdik, chog‘i.
Stroyka v odnoy iz visotok Tashken-siti priostanovlena iz-za palyashego solnsa - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 07.09.2021
O‘zbekistonda 2020-yilda atmosferaga tashlamalar miqdori 2,2 mln tonnani tashkil qildi
O‘tgan yili Toshkent shahrida atmosferaga 426 ming tonna ifloslantiruvchi moddalar chiqarilganini maqola avvalida aytib o‘tgan edik. Shundan 395 tonnasi avtomobillar hissasiga to‘g‘ri keladi. Ayniqsa, bu yilgi anomal issiqda oson bo‘lmadi – bir tomondan ayovsiz jazirama, bir tomondan beto‘xtov dimog‘ingizga uriladigan avtotutun...
Balandparvoz xulosaga hojat yo‘q: mutasaddilarni tezroq “yashil” qarorlar qabul qilishga, aholini esa mashina xarid qilayotganda, elektromobillarga e’tibor qaratishga undagan bo‘lar edik. Toki “moshina bozor”da pashsha qo‘rib o‘tirgan o‘sha yolg‘iz sotuvchi aka ham xursand bo‘lsin. Sizni bilmadimu, men bugundan e’tiboran elektromobilga pul yig‘a boshlayman.
Yangiliklar lentasi
0