Iqtisod

Yer balansini yurita olmagan hokim menga kerak emas - prezident

© Sputnik / Vitaliy Timkiv / Fotobankka oʻtishPosevnaya risa
Posevnaya risa - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 22.12.2021
Shavkat Mirziyoyev yerga doir bir qator qonun hujjatlari qabul qilingan boʻlsa-da amalda ular bajarilmayotganini tanqid qildi.
TOSHKENT, 22 dek - Sputnik. Yer balansini toʻgʻri yuritish hokimning burchi, buni uddalay olmagan hokim menga kerak emas dedi Shavkat Mirziyoyev 21 dekabr kuni yer va kadastr ishlariga bagʻishlangan majlisda.
Qishloq xoʻjalik yerlari: aniq hisob va taqsimot
Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston tarixida ilk bor Qishloq xoʻjalik yerlari yalpi xatlovdan oʻtkazilgani va 23 million gektar qishloq yerlarining elektron xaritalari tuzilganini aytib oʻtdi.
Xatlov davomida kuzatilgan muammolardan biri bu – elektron hisobga olinayotgan yerlarning qogʻoz shaklidagi yer fondi amaliyoti bilan farq qilayotgani aytib oʻtildi.
Masalan, haqiqatda aholi yashash punktiga aylanib ketgan 830 ming gektar maydon boshqa yer toifasida hisobda turibdi.
Shuningdek, boʻsh yerlar toʻgʻrisida ham aniq maʼlumot yoʻqligi, kadastr hujjati boʻlmagani bois 2 milliondan ziyod oilalar uy-joyidan koʻchmas mulk sifatida foydalana olmayotgani ham aytib oʻtildi.
“Bir narsani aniq tushunib olish lozim. Biz kelgusi yilda 80 ming gektar paxta va gʻalladan boʻshagan yerlarni aholiga boʻlib berishni reja qilganmiz. Agar yerning hisobi, aniq chegarasi boʻlmasa, bu ishlarni amalga oshirib boʻlmaydi", - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu bois, mutasaddilarga quyidagi topshiriqlar berildi:
kelgusi yil 1 aprelga qadar qishloq xoʻjaligi yerlarini hisobga olish ishlarini yakuniga yetkazish;
yer balansidagi farq boʻyicha yer maydonlarining egasi va aniq toifasini belgilab berish;
38 mingta subʼyektga tegishli yer ajratish hujjatlari toʻliq boʻlmagan 1 million gektar maydonning ijara shartnomalarini rasmiylashtirish;
yer ajratish toʻgʻrisidagi barcha qarorlarni xatlovdan oʻtkazib, ularning egasi, manzili va chegarasini aniq belgilab, kadastr idoralariga berish;
dehqon xoʻjaliklarini kadastr roʻyxatidan oʻtkazish ishlariga 20 milliard soʻm ajratish.
"Hokimlar bir narsani oʻziga yozib olsin. Dehqon xoʻjaligi uchun yerlar faqat tanlov asosida ushbu mahallada yashaydiganlarga, “daftarlar”ga kirganlarga, dehqonchilik tajribasiga ega boʻlganlarga ustuvorlik asosida beriladi" - Prezident.
Shuningdeye, viloyat hokimlariga bir oy muddatda kelgusi yilda aholiga ijaraga beriladigan 80 ming gektar yerni, eng avvalo, zaxiraga qaytargan holda davlat roʻyxatidan oʻtkazib, lotlarga boʻlib, tanlovga chiqarish topshirigʻi berildi.
Vazirlik va idoralar yerlari: yo foydalan yo balansdan chiqar
Shavkat Mirziyoyev kelgusi yildan 7 ta vazirlik va idora foydalanishida boʻlgan 13 million gektar, hokimliklar zaxirasidagi 3,3 million gektar yerning elektron xaritasini tuzish va davlat roʻyxatidan oʻtkazish shartligini koʻrsatib oʻtdi.
bugungi kunda 8 ming gektar oʻrmon yerlarida 27 mingta turar va noturar obʼyektlar mavjud boʻlgani bilan, ushbu maydon oʻrmon fondi yerlari toifasidan chiqarilmagan;
43 ming kilometr avtomobil yoʻllarida yer ajratish qarori boʻlmagani bois, ularning chegarasi va muhofaza zonasi qayerda boshlanib, qayerda tugashi noaniq;
7 ming kilometr temir yoʻllar hamda 820 ming gektar suv fondi yerlarida ham shu kabi muammolar mavjud.
Tegishli rahbarlar kelgusi yil 1 iyunga qadar haqiqatda egallab turgan yerlarni xatlovdan oʻtkazish ishlarni yakunlash va natijasi boʻyicha hisobot berish vazifasi qoʻyildi.
"Ushbu toifalardagi yerlarning hisobi chiqqanidan keyin har bir vazirdan oʻziga berilgan yerdan qanday foydalanishi boʻyicha soʻrov boʻladi. Ularga byudjetdan mablagʻ ajratish ham shunga qarab boʻladi. Shu bois, ushbu vazirlar hozirdanoq hisob-kitobini qilib, ajratilgan yerlarda aniq loyihalarni boshlasin yoki yerni topshirsin", - dedi Prezident.
Aholi uy-joyi joylashgan yerlar: barcha xonadonlar kadastr hisobiga olinishi kerak
Respublika yer balansida aholi uy-joylari joylashgan yerlar 223 ming gektar boʻlsada, amalda 1 million gektardan oshib ketgani taʼkidlandi. Andijon viloyati misolida aholi uy joylari egallab turgan yerlar hujjatlardagidan 5 baravar koʻp boʻlishi mumkinligi aytib oʻtildi.
Shu munosabat bilan kelgusi yil yakuniga qadar 6 millionta koʻchmas mulk obʼyektlarini “xonadonbay” xatlovdan oʻtkazish topshirildi. Bunda, har bir mahalladagi hokim yordamchilari oʻz hududidagi holatni tahlil qilib, kadastr idoralariga beradi.
Xatlov natijasi bilan bino-inshootlarning elektron xaritasi yaratilib, aholi uchun qulay va ochiq-oshkora onlayn platformaga joylashtiriladi.
"Yer balansini toʻgʻri yuritish, yerni asrab-avaylash hokimlarning konstitutsiyaviy majburiyati va asosiy vazifasidir. Buni uddalay olmaydigan hokim menga kerak emas", - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda yerdan foydalanishga doir qonunlarni yangilash - eng katta va muhim islohotlardan biri boʻldi. Oʻzbekiston prezidenti 2021 yilning avgustida imzolagan qonunga muvofiq, respublikada yerlar iqtisodiy oborotga kiritiladi. Yaʼni ularni sotish, olish yoki garovga qoʻyish mumkin boʻladi.
Ikkinchidan, barcha ikki toifaga ajratiladi: qishloq xoʻjalik yerlari va noqishloq xoʻjalik yerlari. Qishloq xoʻjalik yerlarini sotish mumkin emas, faqat ijaraga berish mumkin boʻladi. Noqishloq yer maydonlari faqat auktsion asosida sotish mumkin.
Yangiliklar lentasi
0
Avval yangilariAvval eskilari
loader
LIVE
Zagolovok otkrыvayemogo materiala