Ob-havo sabab bosh og‘risa. Meteopatiya nima va uni qanday davolash mumkin?

© Pixabay / Stock SnapGolovnaya bol
Golovnaya bol - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 09.01.2022
Obuna bo‘lish
Tatyana Pichugina. Ob-havo o‘zgarganda ko‘pchilik odamlar o‘zini yomon his qila boshlaydi, surunkali kasalliklar esa tez-tez qo‘zg‘alishi mumkin. Nega o‘z-o‘zidan meteoqaramlik paydo bo‘ladi, kimlar unga ko‘proq moyil va qanday qilib yoqimsiz oqibatlarni oldini olish mumkin? Batafsil materialimizda o‘qing.

Qanday qilib organizm ob-havodan ta’sirlanadi?

Iyul oyi so‘nggida Tokioda bo‘lib o‘tgan Olimpiya va Paraolimpiya o‘yinlari vaqtida havo anchayin injiq bo‘lgandi. Bir issiq, bir kuchli yomg‘irlari bilan sovuq, to‘fon, toshqinlar bo‘ldi. Tokusima Universiteti tadqiqotchilarining yozishicha, poliklinikalarda bosh og‘rig‘i, bo‘yin, yelkalar sohasida diskomfortdan shikoyat qilib kelgan odamlar soni ko‘payib ketgan. Bosh aylanishlari, psixomatik alomatlar kuzatilgan. Bu esa yapon yoziga xos emas edi, albatta.
“Bu meteoqaramlik, meteota’sirchanlik deyiladi. “Meteopatiya” atamasi ham ishlatiladi. Ushbu kasallikni anchadan beri o‘rganishadi, biroq mustaqil bir kasallik sifatida qaralmaydi”, deydi tibbiyot fanlari nomzodi, Sechenov universiteti terapiya kafedrasi dotsenti Natalya Semenenko.
So‘z turli alomatlar, asosan ob-havo o‘zgarishi sabab kelib chiqadigan og‘riqlar haqida ketmoqda. Ba’zilar buni vegetativ nerv sistemasining ta’siri deya hisoblasa, ba’zilar organizmda turli kimoviy mediatorlar, serotonin (kayfiyatni belgilaydi) va melatonin (uyquni sifati uchun mas’ul) kabi gormonlar yetishmasligidan deya izohlaydi.
“Aftidan ikki mexanizm ham birdek ishlaydi. Organizm atrof- muhitga moslashadi, vegetativ nerv sistemasi yurak qisqarishi, nafas olish chastotalarini o‘zgartiradi. Buning uchun aniq kimoviy moddalar sintezlashadi. Tomirlar kengayada yoki aksincha, qisqaradi, xususan qon bosimi ham o‘zgaradi”, deya tushuntiradi shifokor.

Meteoqaramlik mavjud, biroq...

Sovet Ittifoqi davrida meteota’sirchanlik rus olimi Aleksandr Chijevskiy tomonidan asos solingan geliobiologiya - quyosh faolligining tirik organizmlarga ta’siri haqidagi fan doirasida o‘rganilgan. Va hozirda ham uning izdoshlari bor. 2005-yilda Rossiya Fanlar akademiyasining Pushkov nomidagi Yer magnitlanishi va radioto‘lqinlarning tarqalishi institutidan Mariya Ragulskaya ushbu mavzuda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.
“Ular magnit bo‘ronlari va boshqa meteorologik buzilishlar sog‘lom odamlarga qanday ta’sir qilishini o‘rganishdi va qo‘zg‘atuvchi mexanizmni aniqladilar. Ob-havo o‘zgarganda - yurak urishi tezlashdi, bosh og‘riydi, bo‘g‘imlar ham. Qizig‘i shundaki, buning uchun bitta emas balki bir nechta ob-havo omillari kerak. Insonning tashqi ta’sirlar umumiyligiga sezgirligi yuqori, deydi Natalya Semenenko.
“Shunchaki, sovuq sababli bosh o‘z-o‘zidan og‘rimaydi. Yuzaki tomirlar, masalan, qo‘llar tomirlari torayadi, lekin tananing ichida hech narsa bo‘lmaydi. Harorat, namlik va atmosfera bosimining pasayishi kabi bir qator omillar kerak bo‘ladi. Keyin tana qayta tiklanadi, vegetativ asab tizimi, gormonlar-mediatorlar ham. Natija esa har xil bo‘lishi mumkin: ba’zi insonlarda qon bosimi o‘zgarib turishi, tomirlarda qisilish paydo bo‘ladi, shundan bosh og‘rig‘i kelib chiqadi. Boshqalarda esa bo‘g‘imlarda shishlar kuzatiladi, - deydi ekspert.
Dunyoda ko‘plab meteopatiya bo‘yicha tadqiqotlar mavjud, ular asosan ob-havo va og‘riq o‘rtasidagi bog‘liqlikni topishga qaratilgan, ammo natijalar qarama-qarshi.
“Masalan, amerikalik olimlar tadqiqotida revmatoid og‘riqlar va yomg‘irli kunlarda shifokorga tashrif buyurgan millionlab keksa odamlardan olingan natijalarni solishtirib chiqishgan va hech qanday o‘zaro bog‘liqlikni topa olishmagan. Katta ehtimol bilan, ular faqat bitta omilni nazarda tutgan bo‘lishi mumkin, axir tadqiqotga bir nechta omillar kerak. Ob-havoning keskin o‘zgarishidatana shunchaki moslashishga harakat qilgani uchun shunday reaksiya bilan javob beradi. Ayniqsa bemor biror kasallik bilan surunkali og‘rigan bo‘lsa: unda tana yetarli mediatorlarga ega bo‘lmaydi, avtonom asab tizimi esa noto‘g‘ri ishlaydi”, deydi doktor Semenenko.
E’tiborsiz qoldirish mumkin bo‘lmagan yana bir jihat-o‘z-o‘ziga singdirmaslik. “Odamlarning o‘zlari o‘zlarini shunaqa kayfiyatga tushirishadi: ob-havo o‘zgardi, demak boshim og‘riydi qabilida. Bu bilan kurashish qiyin emas. Bunda ko‘proq psixolog yordami kerak”, deydi shifokor.
2020 yilda Yaponiyada ob-havo va og‘riqlar bilan bog‘liq 16 mingdan ortiq holatlar o‘rganildi. Bemorlarning yarmidan ko‘pi bosh og‘rig‘idan shikoyat qildi, qolganlari - bo‘yin va yelkada, pastki orqa, bo‘g‘imlardagi og‘riqlardan. Bundan tashqari, bu alomatlarning haqiqiy tashxis bilan yaxshi bog‘liqligi ham aniqlandi. Tadqiqot mualliflari meteorologik kasalliklar mavjudligini tan olishadi. Biroq, ularning ta’kidlashlaricha, surunkali kasalliklari bo‘lgan odamlar kasalliklarni bo‘rttirib yuborishga moyil bo‘lishadi, harakat qilishdan qo‘rqishadi, o‘z imkoniyatlarini kam baholashadi va vahima qilishadi. Ular jismoniy va psixoterapik kompleks yordamga muhtoj.
Yangiliklar lentasi
0