Ixtisoslashgan maktablar Prezident ta’lim muassasalari agentligiga o‘tkaziladi

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev
Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 18.01.2022
Obuna bo‘lish
Ixtisoslashtirilgan maktablarda bolalar maxsus fan bo‘yicha to‘liq bilimga, keng dunyoqarashga ega bo‘lishi zarur. O‘quvchilarda milliy ruh, vatanparvarlik hissi baland bo‘lishi kerak, – dedi Prezident.
TOShKENT, 18 yanv – Sputnik. Yangi o‘quv yilidan boshlab har bir viloyatda ixtisoslashtirilgan maktablar tuzilib, Prezident ta’lim muassasalari agentligiga o‘tkaziladi dedi Shavkat Mirziyoyev 17-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor majlisida.
– Bu Agentlikni faqat 14 ta maktab uchun tuzganimiz yo‘q. U Prezident maktablaridagi muhitni, metodikani boshqa maktablarga ham olib kirishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yangi o‘quv yilidan boshlab, Nukus shahri va viloyat markazlarida ikkitadan, tuman va shaharlarda bittadan maktab tanlab olinib, Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimiga o‘tkaziladi, - deyilgan xabarda.

Viloyatlardagi maktablarni Prezident ta’lim muassasalari agentligiga kiritishda, o‘sha hududda rivojlangan tarmoqlar, azaldan kuchli o‘qitilgan fanlarga alohida e’tibor qaratiladi.
– Ixtisoslashtirilgan maktab degani 2 soat ko‘p dars o‘tish degani emas. Unda bolalar maxsus fan bo‘yicha to‘liq bilimga, keng dunyoqarashga ega bo‘lishi zarur. O‘quvchilarda milliy ruh, vatanparvarlik hissi baland bo‘lishi kerak, – dedi Prezident.
Ixtisoslashtirilgan maktablarga rahbar va pedagoglar ikki bosqichli tanlov asosida qabul qilinadi. Prezident ta’lim muassasalari agentligiga ushbu tizim asosida yuqori malakali o‘qituvchilarni jamlab, qo‘shimcha o‘qitish, milliy va xalqaro sertifikatlar olishiga ko‘maklashish topshirildi.
– Bir narsani chuqur tushunib olishimiz kerak: iqtisodiyotimizga juda katta marra olganmiz. Bu yil eksportimizni 14 milliard dollarga chiqarmoqchimiz. 2025-yilga qadar mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotini 100 milliard dollarga, eksport hajmini 30 milliard dollarga yetkazishni reja qilganmiz. Buni kim qiladi? Bilimli kadrlar! – deya ta’kidladi Prezident.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev maktablarda xorijiy tillarni o‘qitish sifati pastligini keskin tanqid qildi.
– Rivojlangan mamlakatlarda oliygohda til o‘rgatmaydi. Chunki talabalar yoshligidanoq ikkita tilni biladi. Biz 1-sinfdan 11-sinfgacha chet tilini o‘rgatamiz. Lekin maktabni bitirgan bolalarning necha foizi shu tilda gaplasha oladi?! Bunga davlatning qancha puli ketayapti! Qani natijadorlik, – deya haqli savol qo‘ydi Prezident.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, O‘zbekistonda 2019-yilda 271 ta ixtisoslashtirilgan maktab bo‘lgan bo‘lsa bugungi kunda ularning soni 790taga yetgan. Ulardan 126tasi - matematika va fizika fanlari bo‘yicha, 87tasi - kimyo-biologiya bo‘yicha, 99tasi - axborot texnologiyalari yo‘nalishida, 207tasi - xorijiy tillar bo‘yicha ixtisoslashtirilgan.
Ushbu maktablarning 135 tasi to‘liq ixtisoslashtirilgan maktablar bo‘lib, u yerda yotoqxona ham mavjud. Qolgan 655 ta maktabda - 25 % sinflarda u yoki bu fan chuqur o‘rgatiladi, deyilgan xabarda.
Yangiliklar lentasi
0