Har bir mahallada yoshlar yetakchisi bo‘ladi – ularning vazifalari va maoshi

© Sputnik / Yevgeniy Biyatov / Mediabankka o‘tishMujchina derjit papku v ruke
Mujchina derjit papku v ruke - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 20.01.2022
Obuna bo‘lish
Yetakchining maoshi miqdori u biriktirilgan mahalladagi xonadonlar soniga mutanosib ravishda belgilanadi.
TOShKENT, 20 yanv — Sputnik. O‘zbekistondagi har bir mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etiladi. Bu prezident imzolagan "Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorda belgilangan.
Yetakchi lavozimiga nomzodlar tumanlar (shaharlar) hokimlari boshchiligidagi tanlov komissiyalarini shakllantirish orqali ochiq tanlovlar asosida ishga qabul qilinadi. Yetakchi lavozimiga ishga qabul qilingan shaxslarning harbiy va maxsus unvonlari saqlab qolinadi.
Quyidagilar mahalladagi yoshlar yetakchisining asosiy vazifalari etib belgilangan:
"Yoshlar balansi"ni shakllantirish, yoshlar to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni "Yoshlar daftari" va "Yoshlar portali" elektron platformalariga kiritib borish, ular bilan samarali ish tashkil qilish;
mahallalarda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, milliy xalq o‘yinlari va sport turlarini yoshlar orasida ommalashtirish, Besh muhim tashabbus loyihalari, yoshlar festivallari va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarni amalga oshirish;
yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidori, iste’dodi va tashabbuslarini rag‘batlantirish hamda hayotda o‘z o‘rnini topishlariga ko‘maklashish;
yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda ularning intellektual jihatdan kamol topishini va ma’naviy rivojlanishini ta’minlash;
huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi bo‘lgan yoshlar bilan tizimli ishlash, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan, ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalaridan qaytib kelgan yoshlarning ijtimoiy-pedagogik reabilitatsiya qilinishi va moslashuviga ko‘maklashish.
Yetakchining oylik ish haqi miqdori u biriktirilgan mahalladagi xonadonlar soniga mutanosib ravishda quyidagicha belgilanadi:
xonadonlar soni 500 tagacha bo‘lgan mahallada – mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5 baravari miqdorida;
xonadonlar soni 501 tadan 1 000 tagacha bo‘lgan mahallada – mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5,5 baravari miqdorida;
xonadonlar soni 1 000 tadan ortiq bo‘lgan mahallada – mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 6 baravari miqdorida.
Bundan tashqari, har chorakda mahallada yoshlar siyosatini samarali amalga oshirishda yuqori natijadorlikka erishgan mamlakat bo‘yicha eng ilg‘or 100 nafar yetakchi bir oylik ish haqiga teng miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Boshqa hududlardan kelib o‘z faoliyatini olib borayotgan yetakchi uchun BHMning ikki baravarigacha bo‘lgan miqdorda turar joy ijara to‘lovi qoplab beriladi.
Bu yil barcha mahallalarda tub o‘zgarishlar bo‘lishi kerak - prezident
Shuningdek, yil yakuni bo‘yicha yuqori natijalarga erishgan Yetakchilarga ipoteka krediti asosida sotib olinayotgan uy-joy qiymatining 50 foizi miqdorida subsidiya beriladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2022-yil "Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili" deb e’lon qilingan. Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi yil nomini e’lon qilayotib, mahalla obod bo‘lsa, mamlakat obod bo‘lishini ta’kidlagandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bundan buyon har bir mahallada samarali ish olib borish hukumat faoliyatining bosh mezoniga aylanadi.
Yangiliklar lentasi
0