Jamiyat

Taniqli dramaturg Sharof Boshbekov vafot etdi

© Foto: Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasiSharof Boshbekov
Sharof Boshbekov - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 26.01.2022
Obuna boʻlish
Yandex newsTelegram
Uning “Temir xotin” komediyasi nafaqat respublika, balki boshqa mamlakatlar teatrlarida ham sahnaga qoʻyilgan.
TOSHKENT, 26 yanv — Sputnik. Oʻzbek adabiyoti, dramaturgiyasi ogʻir judolikka uchradi. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, taniqli dramaturg, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Sharof Boshbekov 2022 yilning 26 yanvar kuni olamdan oʻtdi.
Sharof Boshbekov 1951 yil 4 yanvarda Samarqand viloyati Bulungʻur tumani Gʻubir qishlogʻida tugʻilgan. 1974 yili Toshkent teatr va rassomchilik sanʼati institutini tamomlagan. Oʻqishni tugatgach, Muqimiy nomidagi davlat musiqali teatri, Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrida faoliyat koʻrsatgan. Shundan soʻng Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi (1983-1985), Oʻzbekiston Milliy davlat akademik drama teatrida (1986-1987) adabiy xodim boʻlib xizmat qildi.
Sharof Boshbekov yozuvchilik ijodini 1980 yilda “Taqdir eshigi” nomli komediya bilan boshlagan. Shundan soʻng adibning birin-ketin yozilgan “G” varianti” (1981), “Gʻurur” (1982), “Jumboq” (1986) hikoyalari, “Tikansiz tipratikanlar”, “Musiqa sayyorasi”, “Tentak farishtalar”, “Tushov uzgan tulporlar” (1983) dramasi, “Eshik qoqqan kim?” (1987), “Eski shahar gavroshlari” (1998), “Temir xotin” (1989) kabi jiddiy komediyalari oʻzbek dramaturgiyasi xazinasini boyitdi.
“Temir xotin” komediyasi nafaqat respublika, balki boshqa mamlakatlar teatrlarida ham sahnaga qoʻyildi. Mazkur asar avval Respublika miqiyosida oʻtkazilgan teatr festivalida bosh sovrin – “Gran-pri”ni qoʻlga kiritdi, soʻngra Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida oʻtkazilgan teatr festivalining mutloq gʻolibi, deb topildi. Ushbu pyesa asosida badiiy film, operetta ishlandi. Asar 1989 yilda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining Maqsud Shayxzoda nomidagi yillik mukofotiga loyiq topilgan.
Sharof Boshbekov stsenariysi asosida “Maʼruf va Sharif”, “Yuzsiz” (1993), “Tilla bola” (1994) kabi filmlar yaratildi. U “Masxaraboz” (1996), “Farhod va Shirin” filmlarida ham stsenariy muallifi, ham rejissyor sifatida ishtirok etdi. Uning stsenariysi asosida “Charxpalak” teleseriali suratga olingan. Bundan tashqari, “Tentak farishtalar” (1995), “Zoʻrdan zoʻr chiqsa” (1996) kabi sahna asarlari ham respublika teatrlarida muvaffaqiyatli namoyish etildi.
Hajviy hikoyalari “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasining “Yilning eng yaxshi hajviy asari” (1982) mukofotiga munosib koʻrilgan. “Mushtum” jurnalida eʼlon qilingan “Buyuk maqtanchoqlik”, “Buyuk qoʻrqoqlik”, “Buyuk baxtiyorlik” nomli publitsistik maqolalariga jurnalning “Yilning eng yaxshi publitsistik asari” (1992) mukofoti berilgan.
Mustaqillik yillari “Oʻyin” (2002), “Doka roʻmolning qurishi” (2004) telefilm stsenariylarini yozdi, “Soʻqmoq” (2003), “Mehr va mauzer” (2007) kinoqissalarini yaratdi. “Eshik qoqqan kim boʻldi?” (1989), “Falakning gardishi” (2009), “Musofir boʻlmaguncha” (2009), “Tentak farishta” (2010), “Charxpalak” (2017), “Tanlangan asarlar” (“2021”) kabi toʻplamlari nashr etilgan.
Adib drama va kinoqissalardan iborat “Tanlangan asralar” kitobi uchun 2021 yili Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Yilning eng yaxshi asari” tanlovi gʻolibi boʻldi.
Sharof Boshbekov 1996 yili “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni, 2001 yili “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.
Yangiliklar lentasi
0