Milliardlab sarmoyalar va yangi ish o‘rinlari: Rossiya bilan energetik hamkorlik

© REUTERS / Olesya AstakhovaGazovaya stansiya kompanii "Lukoyl" v Djarkuduke, Uzbekistan
Gazovaya stansiya kompanii Lukoyl v Djarkuduke, Uzbekistan - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 02.02.2022
Obuna bo‘lish
Rossiya investitsiyalari O‘zbekistonda yangi ish o‘rinlari yaratish, eksport salohiyatini oshirish hamda energetika balansini diversifikatsiya qilish uchun xizmat qiladi.
TOShKENT, 2 fev - Sputnik. 1 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tashkil etilganiga uch yil to‘ldi. Vazirlik faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri energetika sohasida Rossiya bilan hamkorlik qilishdir. Energetika vazirligi va Rossiya ishtirokidagi eng muhim loyihalar haqida batafsil Sputnik sharhida o‘qing.
O‘zbekiston va Rossiya energetika sohasida uzoq vaqtdan beri hamkorlik qilib keladi. O‘tgan yil so‘nggida Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida bo‘lib o‘tgan II Mintaqalararo hamkorlik forumida ma’lum bo‘lganidek, mamlakatlar umumiy qiymati 20 milliard dollardan ortiq qo‘shma loyihalarni amalga oshirmoqda.
Mamlakatlar energetikaning aynan qaysi yo‘nalishini rivojlantirmoqda-batafsil sharhimizda.

Eng muhim hamkorlar haqida

O‘zbekiston Energetikasining asosiy rossiyalik hamkorlari haqida so‘z ketganda birinchi navbatda “Lukoyl” kompaniyasini ta’kidlab o‘tish joiz. Kompaniya 2004-yildan buyon O‘zbekistonda gaz sohasini rivojlantirish uchun 8 milliard dollarga yaqin sarmoya kiritgan.
O‘sha 2004-yilning o‘zida Respublika “Gazprom” kompaniyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Faqatgina bitta loyiha doirasida (O‘zbekistonning Usturt viloyatidagi geologik qidiruv ishlari) kompaniya 2006-yildan 2013-yilgacha 383 million dollar sarmoya kiritgan.
Mamlakat energetika rivojiga “Zarubejneft” AJ ham hissa qo‘shmoqda. “Zarubejneft” 2019-yilda "Andijonneft" AJ bilan birgalikda “Andijonpetro” korxonasini ro‘yxatdan o‘tkazgan. O‘tgan yil yakuni ma’lumotlariga ko‘ra, “Andijonpetro”ning butun faoliyati bo‘yicha neft qazib olish hajmi 13 584 tonnani tashkil qilgan.
Shuningdek, Toshkent shahrida yoqilg‘i quyish shoxobchasini ochgan "Tatneft" korxonasi, Sirdaryo IES energiya bloklarini modernizatsiya qilayotgan “Quvvat mashinalari” (“Silovie mashini”) korxonasini ham muhim hamkorlar qatoriga kiritish mumkin.
Bu loyihalarning barchasini ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning izchil rivojlanishi sifatida baholash mumkin va bu ishlar hamon davom etmoqda, – deydi Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti Toshkent shahri filiali dotsenti Shuhrat Boboxo‘jayev.
“UNIKOM” neft konlari uskunalari zavodi, “Quvur metallurgiya kompaniyasi” OAJ, “Parma-Telekom” MChJ, Ufa ilmiy-texnika markazi, “ROTEK” AJ va boshqa ko‘plab kompaniyalar “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati korxona va tashkilotlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanligini bildirdi”, — dedi Boboxo‘jayev.

Investitsiyalar eksportga yordam beradi

Rossiya tomonidan O‘zbekistondagi loyihalarning moliyalashtirilishi yangi sanoat korxonalari ochilishini ham rag‘batlantirmoqda. Masalan, o‘tgan yilning dekabr oyi oxirida Gazprom, Roseksimbayek va EKSAR kompaniyalari ko‘magida Qashqadaryo viloyatida Uzbekistan GTL zavodi ishga tushdi.
Korxonada qiymati 1 milliard dollardan ortiq suyuq sintetik yoqilg‘i ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. Boshqacha qilib aytganda: O‘zbekiston endi yoqilg‘i sotib olish o‘rniga o‘zi uni ishlab chiqaradi. Biroq, quvvat va eksport salohiyatini oshirish, shuningdek, ichki bozor ehtiyojlarini qondirish O‘zbekiston energetika sohasining yagona vazifalari emas, deydi ekspertlar.
Bugungi kunda O‘zbekistonda energetika balansini diversifikatsiya qilish zarur: gazga qaramlikni kamaytirish va ichki foydalanish hajmini, shuningdek, gaz iste’molini oshirayotgan Xitoyga eksport hajmini oshirish, deya hisoblaydi Milliy energiya xavfsizligi jamg‘armasining yetakchi tahlilchisi Igor Yushkov.
Uning fikricha, O‘zbekistonga bu maqsadlarga erishishda Rosatom tomonidan Jizzax viloyatida quriladigan atom elektr stansiyasi (AES) yordam berishi mumkin. Obyekt qurilishining taxminiy qiymati 11 milliard dollarni tashkil qiladi.
“Hozircha ichki bozorda iste’moli ko‘p bo‘lgani uchun O‘zbekiston gazni cheklangan miqdorda sotayotganini ko‘rib turibmiz. AES bu muammoni hal qilishga imkon beradi va gazni ma’lum hajmlarda eksport qilib, daromad qilish mumkin”, - deydi mutaxassis.

MO ning suv-enerteka muammolari hal bo‘lyaptimi?

Rossiya O‘zbekistonda gidroenergetika rivojlanishini ham qo‘llab-quvvatlaydi. Shunday qilib, o‘tgan yilning noyabr oyida Pskem GESi qurilishi boshlandi. Ishlab chiqarilgan elektr energiyasi bo‘yicha mazkur GES Chorvoq GESidan so‘ng ikkinchi o‘ringa chiqadi. Obyekt qurilishi uchun Rossiya davlat taraqqiyot korporatsiyasi "VEB.RF" 75 million dollar kredit ajratdi. GES 2026-yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Rossiya Markaziy Osiyodagi suv-energetika muammolarini hal qilishda yordam bera oladi, deya hisoblaydi Rossiya Federatsiyasi Milliy energiya xavfsizligi jamg‘armasining yetakchi eksperti Stanislav Mitraxovich.
“O‘zbekistonda gaz bor, lekin mamlakatda qishloq xo‘jaligi va paxta korxonalari uchun suvga ehtiyoj sezilmoqda, Tojikiston va Qirg‘izistonda esa gaz yo‘q, lekin suv bor. Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, buni vositachi orqali hal qilish mumkin, bu esa Rossiya”, - deya aniqlik kiritdi ekspert.
Shuningdek, kelajakda qurilayotgan barcha loyihalarda odamlar ishlashi kerak. Xususan, O‘zbekistonda energetikani yanada rivojlantirishning muhim omili bu sohaga ixtisoslashgan mutaxassislarni tayyorlashdir, deydi Igor Yushkov.
Shu munosabat bilan Rossiyaning uchta oliy o‘quv yurti: MIFI, MISiS va Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining energetika sohasi mutaxassislarini tayyorlashda O‘zbekistondagi filiallarining ahamiyati ortib bormoqda.
Yangiliklar lentasi
0