Andijonda o‘qituvchilarning ota-onalardan uzr so‘rashi: voqeaga qanday munosabat bildirilmoqda

© Foto: Kun.uzV Andijane uchiteley zastavili izvinitsya pered roditelyami svoix uchenikov
V Andijane uchiteley zastavili izvinitsya pered roditelyami svoix uchenikov - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 09.02.2022
Obuna bo‘lish
Internetda Marhamat tumanidagi maktablardan birida o‘qituvchilar ota-onalar oldida tik turib, uzr so‘ragani aytilgan xabar qizg‘in muhokamaga sabab bo‘lmoqda.
TOShKENT, 9 fev — Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Marhamat tumanida maktablardan birida o‘qituvchilar ota-onalardan uzr so‘ragani aytilgan xabar tarqaldi. Unda o‘qituvchilar o‘quv muassasida ta’lim sifati, o‘quvchilarning oliygohlarga kirish ko‘rsatkichi pastligi uchun tik turib uzr so‘rashgani bildirilgan.
Bu voqea keng jamoatchilik vakillari orasida muhokamaga sabab bo‘ldi.
Xususan, xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov bu holatni qattiq qoraladi. O‘qituvchilarning sha’nini yerga urish davlat siyosatiga qarshi harakat deb baholadi.
“O‘qituvchi qadrlanmagan yurt hech qachon taraqqiy etmaydi. Bu harakat qanday maqsadda amalga oshirilgani menga qorong‘u, lekin aybdorlar albatta javob berishi kerak. Shu o‘rinda men o‘qituvchilardan o‘z qadr-qimmatlarini yerga urishga yo‘l qo‘ymasliklarini so‘rab qolaman. Sizning bu darajada boshingizni yerga qaratishga hech kimning haqqi yo‘q!”, — deya yozdi Saidov telegram kanalida.
Vazir holat yuzasidan ishchi guruh tashkil etilib, holat o‘rganilayotgani va bunga yo‘l qo‘yganlarga tegishli chora ko‘rilishini qo‘shimcha qildi.
Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov o‘qituvchilar ota-onalar oldida bosh egib, uzr so‘rashga majburlangani uchun viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovning shaxsan o‘zi barcha ustozlardan uzr so‘rashi kerak degan fikrni bildirdi.
Marhamat tuman hokimligi bu holatga munosabat bildirdi.
Hokimlik xabariga ko‘ra, tadbirni 2021/2022-o‘quv yilida 11-sinf bitiruvchilarini OTMlarga kirish ko‘rsatkichlarini oshirish, kasb-hunar egallashi yuzasidan maktab direktori boshchiligida o‘qituvchilar hamda ota-onalar ishtirokida o‘tkazilgan.
"Afsuski, o‘tkazilgan ushbu tadbir ijtimoiy tarmoqlarda boshqacha holatda talqin qilinmoqda. Tadbirda ota-onalar farzandlarning buyuk kelajagi uchun o‘qituvchilar bilan birgalikda harakat qilishga chaqirilgan", — deyiladi xabarda.
Munosabatda aytilishicha, murojaat kimningdir ruhiyatini sindirish maqsadida emas, o‘qituvchilar hamda ota-onalar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash uchun bo‘lib o‘tgan.
Keyinchalik Marhamat tumani hokimi Bobur Yo‘ldoshev sodir bo‘lgan holat yuzasidan o‘qituvchilardan uzr so‘rab chiqdi.
“Marhamat tumanidagi o‘qituvchilar va ota-onalar hamkorligida o‘tkazilgan yig‘ilishdagi holatlar o‘qituvchilarning ruhiyatiga ta’sir qilgan bo‘lsa, men tuman hokimi sifatida barcha ustoz-murabbiylardan uzr so‘rayman. Barcha ustoz-murabbiylarni doimo qo‘llab-quvvatlab, ularga yelkadosh bo‘lib, ta’lim sifatini oshirish, yetuk insonlarni tarbiyalashda kamarbasta bo‘lamiz”, - deydi Bobur Yo‘ldoshev
Shuningdek, Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i holatga munosabat bildirdi. Uning qayd etishicha, bunday yig‘ilishlar o‘tkazilishi mumkin emasligi bo‘yicha tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri tomonida tuman hokimining o‘rinbosariga aytilgan va bu tashabbus mudir tomonidan berilmagan.
“Maktab o‘qituvchilari va ota-onalar yig‘ilishi Marhamat tumani hokimidan chiqqan tashabbus bo‘lib barcha maktablarda o‘tkazilishi topshiriq berilgan. Tuman hokimining shaxsan mazkur holatbo‘yicha o‘zining munosabat berishini qat’iy talab qilaman”, - deya yozgan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i.
Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov ham ushbu holatga munosabat bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ustozlarga bo‘lgan e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan davrda ayrim rahbarlarning ma’naviyatsiz va saviyasizligi kechirib bo‘lmas xatoni yuzaga keltirgan.
Abdurahmonov holatni o‘z nazoratiga olgani va o‘zi boshchiligida alohida ishchi guruh tuzilganini ma’lum qillgan.
“Aytib o‘tish joizki, ushbu xatoga yo‘l qo‘ygan har qanday rahbarga qonunda belgilangan jazo choralarini ko‘rilishini ta’minlayman. Andijonda hech bir ustoz va murabbiylarimiz bunday holatga tushishlariga yo‘l qo‘ymayman, zero doimo ustoz va murabbiylarimiz oldida ta’zimdamiz”, — deydi Andijon viloyati hokimi.
Yangiliklar lentasi
0