O‘zini o‘zi band qilgan gidlar va ichki yo‘nalishlar: O‘zbekistonda turizm qanday rivojlanyapti?

© SputnikDostoprimechatelnosti v Buxare
Dostoprimechatelnosti v Buxare - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 02.03.2022
Obuna bo‘lish
O‘zbekistonda ichki turistik yo‘nalishlar soni ko‘paydi. 28-fevral kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Gidlar Forumidan ma’lum bo‘lishicha, bu sohadagi yagona yangilik emas. Tafsilotlar – Sputnik materialida.
21 fevral – Butunjahon ekskursovodlar kuni munosabati bilan Toshkentda Xalqaro gidlar forumi bo‘lib o‘tdi. Bayram 1990-yillardan buyon nishonlanadi. O‘zbekistonda forum besh yildan buyon o‘tkaziladi. Bu mamlakatda faoliyat yuritayotgan gidlar muammolariga e’tibor qaratilayotganidan darak.

300 ta yo‘nalish

Hech kimga sir emas, pandemiya turizm sohasiga jiddiy zarba bo‘ldi. Gidlar, ekskursovodlar ishsiz qoldi. Biroq Turizmni rivojlantirish Instituti gidlar murabbiyi Dilbar Abdunabiyevaning ta’kidlashicha, bundan hech kim tushkunlikka tushmagan.
“O‘quvchi topa olmagan gidlar boshqa sohadan ketdi. Kimdir sabzavot yetishtirdi, savdo-sotiq bilan shug‘ullandi, yana kimdir mustaqil tarzda xorijiy tillarni o‘rgandi”, - deydi murabbiy.
Bundan tashqari, pandemiya davrida gidlar va sayyohlik kompaniyalari O‘zbekistonning yangi manzillari bo‘yicha tadqiqot ishlarini olib borishdi. Natijada, mutaxassislar sayyohlar uchun mamlakat ichida yangi 300 taga yaqin yo‘nalishlar ishlab chiqdi va taklif qildi.
Tadqiqotlarda gidlarning ham muayan yo‘nalishlar bo‘yicha bergan takliflari muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Misol uchun, olimlarning mashhur kitoblari va ma’ruzalari, o‘z viloyatlari haqidagi bilimlari asosida Termiz shahrida “Surxondaryo – O‘zbekistonning janubiy durdonasi” risolasi nashr etildi.
Bundan tashqari, turizm va madaniy meros vaziri o‘rinbosari Ulug‘bek A’zamovning so‘zlariga ko‘ra, tez orada sayyohlik yo‘nalishlarining umumiy katalogi keng jamoatchilikka taqdim etiladi. Bu borada ijtimoiy tarmoqlarda ham ma’lumotlar olish mumkin.
Turizmni rivojlantirish Instituti sayyohlik yo‘nalishi uchun kadrlar tayyorlamoqda. Bunda shuningdek, ilm-fan bilan ham shug‘ullanishadi. Institut xodimlari “O‘zstandart” agentligiga “gid”, “gid-kuzatuvchi” va “ekskursovod” mutaxassisliklari bo‘yicha davlat va kasbiy standartlar taqdim etgan.
Shuningdek, institut mutaxassislari tomonidan yangi formatdagi “Ekskursiya faoliyatini tashkillashtirish va texnologiyalar” nomli uslubiy qo‘llanma tayyorlanib, patentlandi.
“Ushbu o‘quv qo‘llanma birinchi navbatda kollej o‘quvchilariga mo‘ljallangan”, - deydi Dilbar Abdullayeva.

“Savdo qilishni o‘rgataman”

Qanday vaziyat bo‘lmasin, sayyohlik agentliklari avvalgi faoliyatlariga qaytmoqda, chunki dunyoning turli burchaklaridan, jumladan, Rossiyadan ham sayyohlar yana O‘zbekistonga tashrif buyurishmoqda. Turizm va madaniy meros vazirligi 2021-yilda O‘zbekistonga eng ko‘p sayyohlar Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Afg‘oniston va Rossiyadan kelganini ma’lum qildi.
O‘tgan yili respublikaga Rossiyadan 139 mingdan ortiq sayyohlar tashrif buyurgan. Joriy yil yanvar oyi natijalariga ko‘ra, sayyohlar soni 16 mingdan ortiq bo‘lgan. Tashrif buyuruvchilar oqimi tiklanayotganiga qaramay, gidlar bilan bog‘liq vaziya hamon murakkab bo‘lib qolmoqda.
“Pandemiyagacha biz sayyohlik firmalari bilan shartnomalar tuzar edik. Ayni paytda ular bizga xizmat taklif qila olmayapti, chunki sayyohlar oqimi hali butkul tiklanganicha yo‘q. Shu sabab ishlash uchun gidlar boshqa yo‘llarni topishi kerak”, - deydi rossiyalik sayyohlar bilan ishlovchi toshkentlik gid Irina Guzeyeva.
Prezidentning o‘zini o‘zi band qilish haqidagi farmoni qiyin vaziyatdan chiqishga ko‘mak berdi, deydi u. Gidning aytishicha, barcha ham ushbu farmon haqida ma’lumotga ega emas.
O‘zini band qilishni istagan fuqarolar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlariga gidlar (gid-tarjimonlar), ekskursiya gidlari va gid instruktorlari xizmatlari ham kiradi.
“Hozir O‘zbekistonga kelayotgan uchta odamdan iborat bo‘lgan rossiyalik oila sayyohlik operatorini qidirmaydi. Chunki ular sayyohlik firmalariga ham qandaydir foizda pul to‘lash kerakligini yaxshi biladi. Shuning uchun o‘zlari bilet sotib olishadi, mehmonxonada joy band qilishadi va gid qidiradi. Bizlarni, ya’ni gidlarni maxsus saytdan topish mumkin. Saytda biz o‘zimiz ro‘yxatdan o‘tamiz va sayyohlar bilan kelishib olamiz. Agar ikki tomon ham rozi bo‘lsa, saytdan gidning telefon raqamlarini bilib olish mumkin”, - deydi Irina Guzeyeva.
Uning aytishicha, u sayyohlarga poytaxt bo‘ylab eskursiyalar tashkillashtiradi. Ta’kidlashicha, rossiyalik mehmonlarga poytaxtdagi hamma narsa qiziq.
“Agar bozorga kirib qolsak, men qayerda nima sotilishi haqida so‘zlab beraman, savdo qilishni o‘rgataman. Va albatta, osh markazlariga ham boramiz. U yerda sayyohlar milliy taomning qanday tayyorlanishini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishlari, tasvirga olishlari mumkin”, - deydi u.
Irina Guzeyevaning so‘zlariga ko‘ra, qayerda bo‘lmasin, odamlarning rus tilida so‘zlashishlari rossiyalik sayyohlarni hayratga soladi. Ba’zi sayyohlar ekskursiya vaqtida yonida lug‘at olib yuradi, ammo keyinchalik uning umuman kerak emasligini tushunishadi. Shu sababli O‘zbekiston rusiyzabon sayyohlarni ko‘proq jalb qiladi.
Yangiliklar lentasi
0