Asosiy stavka nega oshirildi

© Sputnik / Yevgeniy Odinokov / Mediabankka o‘tishMonitor s dannimi kotirovok na Moskovskoy birje
Monitor s dannimi kotirovok na Moskovskoy birje - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 17.03.2022
Obuna bo‘lish
Markaziy bank: mamlakatda makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash maqsadida asosiy stavka 17 foizga oshirildi.
TOShKENT, 17 mar — Sputnik. Markaziy bank boshqaruvi 17-martda o‘tkazilgan yig‘ilishda asosiy stavkani yillik 17 foizgacha oshirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
“Tashqi iqtisodiy sharoitlarda yuzaga kelgan yuqori noaniqlik va keskinliklar fonida devalvatsion va inflyatsion kutilmalar o‘sishining oldini olish, milliy valyutada jamg‘arish faolligini saqlab qolish hamda tashqi xatarlarning iqtisodiyotimizga o‘tuvchi ta’sirini yumshatish orqali mamlakatda makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash maqsadida Markaziy bankning asosiy stavkasi yillik 17 foizga oshirildi”, - deyilgan bank izohida.
Bank ichki narxlar keskin o‘sishining oldini olish, to‘lov tizimi uzluksizligi va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash maqsadida barcha zaruriy choralarni ko‘rib borishini ta’kidlagan.

Tashqi iqtisodiy sharoitlar

Asosiy savdo-hamkor davlatlarda kuzatilayotgan iqtisodiy vaziyat, ularning valyuta kurslaridagi keskin tebranishlar, jahon xomashyo va energiya bozorlarida narxlarning o‘sishi makroiqtisodiy jihatdan noaniqliklar va xatarlarni oshirmoqda.
Aholi va tadbirkorlik subyektlari orasida o‘tkazilgan so‘rovlar ularning devalvatsion kutilmalarida sezilarli o‘sish kuzatilayotganligini ko‘rsatmoqda.
Ayni paytda mazkur omillar turli kanallar orqali ichki makroiqtisodiy barqarorlikka qisqa va o‘rta muddatli istiqbolda salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bunda qisqa muddatli ta’sirlar eksportdan tushumlar va mamlakatga pul o‘tkazmalari hajmining kamayishi hisobiga ichki valyuta bozorida taklifning qisqarishida, import qilinadigan iste’mol tovarlari narxining qimmatlashishi orqali ichki narxlarning o‘zgarishida namoyon bo‘lsa, o‘rta muddatli ta’sirlar tashqi va ichki talabning qisqarishi hisobiga iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlariga tegishli bosim ko‘rsatadi.
Makroiqtisodiy va tarkibiy islohotlar borasida 2022−2023 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlarni amalga oshirilishi ushbu salbiy ta’sirlarni yumshatish imkonini beradi.
Umuman olganda milliy valyuta kursi dinamikasida tashqi xatarlar va devalvatsion bosimlar ta’sirlariga javoban to‘g‘rilanish kuzatilib, joriy yil boshidan so‘mning AQSh dollariga nisbatan kursi 6,8 foizga qadrsizlandi.
MB almashuv kursining keskin tebranishlarining oldini olish va bozorning barqaror faoliyatini ta’minlash maqsadida joriy yil mart oyining birinchi yarmida "neytrallik tamoyillari" doirasida ichki valyuta bozorida intervensiyalar hajmini oshirgan.

Ichki narxlar dinamikasi va inflyatsion kutilmalar

Kuzatuvlarga ko‘ra, respublika hududlarida mart oyining birinchi yarmida eng ko‘p iste’mol qilinadigan tovarlar narxlari — 0,6 foizga oshdi. Bunda, oziq-ovqat mahsulotlari 0,8 foizga, nooziq-ovqat tovarlari 0,4 foizga va xizmatlar 0,2 foizga o‘sgan.
2022 yil fevral oyi so‘rovlari natijalariga ko‘ra, kelgusi 12 oy uchun aholining inflyatsion kutilmalari 14,0 foizni tashkil etdi. Tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari esa o‘tgan oyga nisbatan 0,3 foiz bandga ortib, 14,6 foizgacha oshdi.
Jahon bozorida asosiy oziq-ovqat tovarlari va energiya resurslari narxlarining sezilarli darajada o‘sayotganligi, tashqi taklifning qisqarishi va geografik jihatdan o‘zgarishi, iste’mol tovarlari importida logistika bilan bog‘liq masalalar yil so‘ngiga qadar ichki narxlarga qo‘shimcha bosimni yuzaga keltirish ehtimollari oshmoqda.
Bu borada Hukumat bilan birgalikda ichki bozorda mahsulotlar taklifini ko‘paytirib borish, logistika bilan bog‘liq masalalarni hal etish, muqobil import yo‘nalishlari orqali iste’mol tovarlariga bo‘lgan talabni qondirish va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan uzulishlarni bartaraf etish bo‘yicha choralar ko‘rib boriladi.
Shuningdek, asosiy stavkani oshirish va valyuta bozorini barqarorlashtirish bo‘yicha kurilayotgan javob choralari kelgusida inflyatsion kutilmalarni jilovlash va aholining milliy valyutadagi daromadlari xarid qobilyatini saqlab qolishga ham xizmat qiladi.

Pul-kredit sharoitlari

2022 yilning dastlabki 2 oyida banklararo pul bozoridagi amaliyotlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkalari 13,1 foiz atrofida shakllanib, iqtisodiyotda "nisbatan qat’iy" pul-kredit sharoitlarini ta’minlashga xizmat qildi.
Banklar tomonidan milliy valyutadagi muddatli depozitlar bo‘yicha taklif etilayotgan o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari fevral oyida jismoniy shaxslar uchun 20,4 foizni, yuridik shaxslar uchun 15,5 foizni tashkil etib, mos ravishda inflyatsion kutilmalarga nisbatan ham ijobiy tafovut saqlanib qolmoqda.
Pul-kredit sharoitlarini qat’iylashtirish bo‘yicha joriy qaror iqtisodiyotda real foiz stavkalarni saqlab qolish orqali milliy valyutadagi aktivlar daromadliligini va bank tizimida muddatli depozitlarning o‘suvchi dinamikaga qaytishini ta’minlashga qaratilgan.

Moliyaviy barqarorlik

Tijorat banklarining mavjud tashqi moliyaviy majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq xatarlarning bank tizimi likvidliligiga ta’siri bo‘yicha dastlabki stress-testlar o‘tkazildi.
Olingan natijalariga ko‘ra, xatarli ssenariy sharoitlarida ham mahalliy banklarning likvid mablag‘larida ma’lum bir darajada pasayishlar kuzatilsada, yetarli miqdorda likvidlilik buferlarining mavjudligi hisobiga minimal talablardan kamayib ketish holatlari yuzaga kelmaydi.
“Tijorat banklari aholi va tadbirkorlarning talablari bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish va boshqa majburiyatlarni o‘z vaqtida va to‘liq bajarishlari uchun yetarli likvidlik va moliyaviy zaxiralarga ega”, — deyiladi xabarda.

Tashqi xatarlarni minimallashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan qo‘shimcha choralar

Bank tizimini zaruriy likvidlik bilan ta’minlash maqsadida tijorat banklariga Markaziy bank tomonidan qisqa muddatli likvidlik cheklovlarsiz (REPO va SVOP operatsiyalari orqali) taqdim etib boriladi.
Markaziy bank tomonidan muomalaga chiqariladigan qisqa muddatli obligatsiyalar oylik o‘rtacha qoldig‘i bo‘yicha limitlar 20 trln. so‘mgacha oshirildi.
Tijorat banklariga joriy yilning 1-iyuliga qadar:
chakana operatsiyalar bo‘yicha valyuta kurslarini belgilashda valyuta birjasida koll auksion natijasida shakllangan valyuta kursidan foydalanish imkoniyati berildi;
tijorat banklari tomonidan auksionlarda xarid qilinadigan Markaziy bank obligatsiyalari bo‘yicha foiz stavkalari darajasi asosiy stavkaning yuqori chegarasigacha kengaytirildi;
ikki haftalik depozit auksionlari bo‘yicha limitlar bekor qilindi.
Shu bilan birgalikda, MB makroiqtisodiy rivojlanish prognozi tashqi iqtisodiy vaziyatni inobatga olib qayta ko‘rib chiqmoqda.
Bunda inflyatsion va devalvatsion kutilmalarning pasayishi, ichki makroiqtisodiy sharoitlarga tashqi bosimlarning pasayishi bilan asosiy stavka darajasi bosqichma-bosqich pasaytirib boriladi.
Asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishi 21-aprel kuniga belgilangan.
Yangiliklar lentasi
0