Imkoniyati cheklangan tadbirkorlarga qanday yordam ko‘rsatilmoqda - video

Obuna bo‘lish
Xorijiy turistlar imkoniyati cheklangan hunarmandlar tayyorlagan buyumlarni ko‘p xarid qilishadi. Biroq, hunarmandlarga bozorga chiqishga va mahsulotlarini tanitishga kim yordam beradi? Hunarmandlar qanday muammolarga duch kelishadi? Javoblar – Sputnik materialida.
Dam olish kunlari Toshkentning Navro‘z etnoparkida maxsus ko‘rgazma-yarmarkalari o‘tkaziladi. Bunda imkoniyati cheklangan tadbirkor-hunarmandlar ham ishtirok etishadi. Bu haqida Sputnik muxbiriga Ijtimoiy turizm assosiatsiyasi ma’lum qildi.
Bir necha hafta oldin Assosiatsiya qoshida Imkoniyati cheklangan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash markazi ochildi. Loyiha turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Gap shundaki, xorijiy turistlar orasida o‘zbek hunarmandlarining qo‘l mehnatlari mashhur.
Albatta, imkoniyati cheklangan hunarmandlarga bozorda mahsulotlarining savdosi bilan shug‘ullanish qiyinchiliklar tug‘diradi. Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash markazi bunday muammolarni hal etishni o‘z oldiga maqsad qilgan.
Ijtimoiy turizm assosiatsiyasi rahbari Mohira Sultonovaning so‘zlariga ko‘ra, garchi markaz Navro‘z bayrami arafasida tashkil etilgan bo‘lsada, allaqachon 20 ta uyda ishlaydigan hunarmandlar bilan hamkorlik qilishni boshlagan. Tadbirkorlar asosan ayollar bo‘lib- ularning asosan eshitish va tayanch harakat tizimlarida muammolari bor.
“Tadbirkorlarimiz asosan Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan”, - deydi Mohira Sultonova.
Hunarmandlarga mahsus savdo maydonlari qanday imkoniyatlar yaratmoqda? Sputnik O‘zbekiston muxbiri bu borada ularning fikrlari bilan qiziqdi.
Salima Irmatova - Angren shahridan. U bolaligidan nogironlik aravasida harakatlanadi. Yigirma yildan buyon palantina, qo‘lqoplar va angora junidan paypoqlar to‘qiydi.
“Bularni to‘qishimda butun oilam ko‘mak beradi. Chunki junni sotib olib, tozalagandan so‘ng, bo‘yash ham kerak. Palantinalarni maxsus mashinkada to‘qiyman, qo‘lqoplar va paypoqlar esa- qo‘l mehnatim”,- deydi u.
Salima opa har kuni bittadan palantin yopinchig‘i to‘qiydi. Hunarmand opa to‘qigan buyumlarning mashhur bo‘lishini va bunday tadbirlarda tez-tez ishtirok etib turishni istaydi.
Yana bir hunarmand ayol- toshkentlik Nargiza Qodirova. Nargiza opaning tayanch-harakat tizimida tug‘ma kasalligi bor. U melxior va yarimqimmatbaho toshlardan milliy taqinchoqlar yasaydi. O‘zi istiqomat qiladigan mahallada taqinchoqlarnini mustaqil sotadi.
“Taqinchoqlarimni mahallamdan tashqari, boshqa shaharlarda, imkoni bo‘lsa dunyo mamlakatlari miqyosida sotishni istayman. Bu uchun bizga maxsus transport yaratib berishsa yaxshi bo‘lardi”, - deydi opa.
Toshkentda nogironligi bo‘lgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash markazi ochildi
Mohira Sultonovaning so‘zlariga ko‘ra, imkoniyati cheklangan insonlar imkoni boricha oilasiga yordam berishni istashadi. Ular uchun o‘z mehnati bilan pul topish, oilada, jamiyatda o‘zini kerakli inson deb his qilish muhim. Shu sababli markazda hunar o‘rganmoqchi bo‘lgan imkoniyati cheklangan insonlar uchun bepul mahorat darslari o‘tkaziladi.
“Agar hunarmandlarimizning markazga kelishga imkoniyati bo‘lmasa, o‘zimiz borib o‘rgatamiz”, - deydi Assosiatsiya rahbari.
Mohira Sultonovaning aytishicha, juda ko‘pchilik hunarmandlar odamlar orasiga chiqishga va o‘z mahsulotlari haqida so‘zlab berishga iymanishadi. Shuning uchun ular ko‘proq odamlar bilan suhbatlashishlari kerak.
Ko‘rgazma-yarmarkalar bunda ularga yordam beradi: hunarmand qahramonlarimizdan namuna olib yana boshqa mana shunday qo‘li gul ayol-tadbirkorlar ko‘rgazmalarda ishtirok etishlariga turtki bo‘lishi mumkin.
Yangiliklar lentasi
0