Samarqanddagi “Bahodir Yalangto‘shbiy” masjidi yangitdan quriladi

© Foto: Madaniy meros agentligi"Bahodir Yalangto‘shbiy" masjidi
Bahodir Yalangto‘shbiy masjidi  - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 11.04.2022
Obuna bo‘lish
Kelajakda tarixiy obidadan turizm obyekti sifatida foydalanish rejalashtirilgan
TOShKENT, 11 apr — Sputnik. Samaqand viloyati Oqdaryo tumanidagi “Bahodir Yalangto‘shbiy masjidi” restavratsiya qilinib, Bahodir Yalangto‘shbiy shaxsi haqida kino olinadi. Bu haqda Madaniy meros agentligi ma’lum qildi.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda “Bahodir Yalangto‘shbiy masjidi” yuzasidan tanqidiy fikr bildirilgan edi.
Agentlik xabariga ko‘ra, ayni vaqtda “Bahodir Yalangto‘shbiy masjidi”ni saqlab qolish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda. Xususan, “Samarqand viloyatini 2022–2026 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish Dasturi” tasdiqlangan bo‘lib, Dasturning 2023-yilga mo‘ljallangan qismida “Bahodir Yalangto‘shbiy masjidi”ni restavratsiya qilish hamda Bahodir Yalangto‘shbiy shaxsi haqida kino olish belgilangan.
Samarqand madaniy meros boshqarmasi masjidni restavratsiya qilish yuzasidan loyiha-taklifini ishlab chiqib, Madaniy meros agentligi Ilmiy-ekspert Kengashiga taqdim etgan.
Kelajakda “Bahodir Yalangto‘shbiy” masjidi binosidan turizm obyekti sifatida foydalanish rejalashtirilgan.
Ushbu tarixiy obida moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk obyekti xisoblanib, Vazirlar Mahkamasining 846-sonli qarori bilan Milliy ro‘yxatga kiritilgan.
“Mazkur masjid binosi darhaqiqat og‘ir ahvolda, ammo u ijtimoiy tarmoqda keltirilganidek Bahodir Yalangto‘shbiy (1578-1656 yy.) tomonidan qurdirilmagan bo‘lib, XIX–XX asrlar oralig‘ida tiklangan va Bahodir Yalangto‘shbiyning nomini abadiylashtirish maqsadida masjidga uning nomi berilgan”, - deyiladi xabarda.
Masjid XX asrning 20-yillarigacha faoliyat ko‘rsatgan. Shu davrdan e’tiboran sobiq mustabid tuzum tomonidan diniy qadriyatlar toptalib, masjid faoliyati to‘xtatilgan va omborxonaga aylantirilgan.
Mahalliy nuroniy oqsoqollar tomonidan og‘zaki ma’lumot berilishicha, Qatag‘on yillari (1932-1938 yy.) oralig‘ida masjid binosiga o‘t (yong‘in) ketgan va obyekt o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Bugungi kunda obyektning saqlanishi avariya holatiga kelib qolgan.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yilda turizm va madaniy meros obyektlari infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar ro‘yxati tasdiqlangan edi. Unga ko‘ra, turizm obyektlarining muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash, madaniy meros obyektlarini restavratsiya, konservatsiya qilish va obodonlashtirish hamda madaniy-ko‘ngilochar infratuzilmalarni rivojlantirishga 262,8 mlrd so‘m ajratiladi.
Yangiliklar lentasi
0