Farmatsevtika tarmog‘i qanday rivojlantiriladi

© Sputnik / Denis Abramov / Mediabankka o‘tishKapsuli i tabletki
Kapsuli i tabletki - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 13.04.2022
Obuna bo‘lish
Dori vositalariga talabni o‘rganib, ularni mahalliylashtiriladi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar qo‘llab-quvvatlanadi va qator imtiyozlar beriladi. Tumanlar dorivor o‘simliklarni yetishtirishga moslashtiriladi.
TOShKENT, 13 apr — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-aprel kuni farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Unda tarmog‘idagi ko‘rsatkichlar tahlil qilinib, qo‘shimcha vazifalar belgilandi.
Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekistonning yangi taraqqiyot strategiyasida mamlakatda dori vositalari ishlab chiqarishni 3 baravarga oshirish vazifasi qo‘yilgan. Bu borada yanvarda besh yillik dastur ham qabul qilindi.
Lekin sohada ishlarning bugungi holati bilan bu marralarga erishib bo‘lmaydi, dedi davlat rahbari.
Mamlakatda yiliga 1 milliard 600 million dollarlik farmatsevtika mahsulotlari iste’mol qilinadi. Shundan katta qismi – qariyb 1 milliard 200 million dollarlik mahsulotlar import qilinmoqda.
Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm, Buxoro va Farg‘onada iste’mol qilinadigan dorining atigi 2-5 foizi mahalliy ishlab chiqaruvchilar hissasiga to‘g‘ri keladi.
“Hududlarni dori vositalari bilan ta’minlanganini tahlil qildim – bu mutlaqo qoniqarsiz. Shuning uchun o‘zimizda ishlab chiqarilgan dori vositalarini ko‘paytirish bo‘yicha keskin choralar ko‘rishimiz shart”, - dedi prezident.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligida loyihalar bilan ishlash tizimini yangidan qilish vazifasi qo‘yildi. Dori vositalariga talabni o‘rganib, ularni mahalliylashtirish chora-tadbirlari belgilandi.

Investitsiyalarni jalb qilish

Farmatsevtika agentligida loyihalar bilan ishlash tizimini mutlaqo yangidan tashkil etish zarurligi qayd etildi.
Agentlik va viloyat hokimlari oldiga joriy yilning o‘zida 80 million dollarlik 34 ta loyihani ishga tushirish vazifasi qo‘yilgan. Misol uchun, joriy yilda Toshkent farmatsevtika parkida 50 million dollarlik 2 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan.
Jami ushbu klasterda 3-yilda 280 mln dollarlik 6 ta korxonani ishga tushirish ko‘zda tutilgan.
Mutasaddilarga yirik xorijiy kompaniyalar bilan muzokaralar o‘tkazib, kamida 10 ta brendni jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishish topshirildi.
Yig‘ilishda Investitsiyalar loyiha markazi tomonidan ishlab chiqilgan 18 ta yirik istiqbolli loyiha bo‘yicha investitsiyalarni jalb qilish vazifasi qo‘yildi.
Jumladan:
Andijonda onkologiya va gepatitga qarshi dorilar bo‘yicha Hindiston bilan;
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yurak-qon tomir va nafas yo‘llari, yuqumli kasalliklar bo‘yicha Germaniya va Turkiya bilan;
Namangan, Samarqand va Sirdaryoda tibbiy buyumlar bo‘yicha Xitoy va Koreya bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Mahalliy farmatsevtika korxonalarini qo‘llab-quvvatlash

Shu bilan birga, joylarda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning infratuzilma bilan bog‘liq muammolari ko‘rib chiqildi. Mutasaddilarga viloyat hokimlari bilan birga bir oy muddatda kichik sanoat zonalarida infratuzilmani yaxshilashga ajratilgan mablag‘lar hisobidan 50 milliard so‘m yo‘naltirish topshirildi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi yangi loyihalarni moliyalashtirishga hamda aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun kreditlarga 1-mayga qadar 100 mln. dollar, 1-sentabrga qadar yana 100 mln. dollar jalb qilish choralarini ko‘radi.
Yig‘ilishda mahalliy farmatsevtika korxonalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha choralar belgilandi:
qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladigan xom ashyolar ro‘yxati Investitsiyalar vazirligi, Bojxona qo‘mitasi va Farmatsevtika agentligi tomonidan tasdiqlanadi. Hozirgi kunda ushbu ro‘yxat 5 ta vazirlik tomonidan tasdiqlanadi va 5-yildan buyon yangilanmagan;
mahalliy korxonalarning GMP sertifikatini olish bilan bog‘liq xarajatlari Farmatsevtika agentligi tomonidan qoplab beriladi;
korxonalarni modernizatsiya qilishni moliyalashtirish To‘g‘ridan-to‘g‘ridan investitsiyalar jamg‘armasi ishtirokida amalga oshiriladi.

Eksportbop dorivor o‘simliklarni yetishtirish

Eksportbop dorivor o‘simliklarni yetishtirishni kengaytirish maqsadida bu sohaga kooperatsiya va oilaviy tadbirkorlik uchun nazarda tutilgan barcha imtiyoz va moliyalashtirish tartiblari tatbiq etiladi.
Moliya vazirligiga aholi tomorqasi uchun quduq qazishga qo‘shimcha 50 milliard so‘m ajratish topshirildi. Joriy yilda za’faron plantatsiyalarini kamida 5 baravarga ko‘paytirish choralari ko‘riladi.
Endilikda dorivor o‘simliklarni qayta ishlaydigan korxonalar:
2025 yil 1-yanvarga qadar uskuna va ehtiyot qismlar, xomashyo importida bojxona bojidan ozod qilinadi;
tayyor mahsulotlar eksporti uchun transport xarajatlarining 50 foizigacha qismi qoplab beriladi;
har 10 gektar plantatsiyalarga suv chiqarish uchun 600 ming so‘mdan subsidiya ajratiladi;
dorivor o‘simliklar plantatsiyalariga boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Yangi loyihalarni boshlashga va aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan 100 mlrd. so‘m ajratiladi.
Yig‘ilishda yil yakuniga qadar 80 ta tumanni dorivor o‘simliklarni yetishtirishga moslashtirib, 7,5 ming gektarda plantatsiyalar tashkil etish (hozirda 600 gektar) vazifasi qo‘yildi.
Yangiliklar lentasi
0