Jamiyat

Oʻzganing yeridan foydalanish borasida huquqiy munosabatlar belgilandi

© Sputnik / Vitaliy Timkiv / Fotobankka oʻtishPosevnaya risa
Posevnaya risa - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 13.04.2022
Obuna boʻlish
Yandex newsTelegram
Birovning yeridan cheklangan tarzda foydalanish huquqi (servitut) munosabatlar takomillashtiriladi. Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari uchun yerni hokimlar ajratadi
TOSHKENT, 13 apr — Sputnik. Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari uchun yer ajratishning tartiblari joriy etildi. Bu boʻyicha prezidentning PQ–204-son qarori qabul qilindi. Bu haqda "Huquqiy axborot" Telegram kanali xabar bermoqda.
Qaror bilan Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari uchun yer uchastkalarini ajratish tartibini takomillashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” tasdiqlandi. “Yoʻl xarita” doirasida oʻzganing yeridan cheklangan tarzda foydalanish huquqi (servitut) instituti yanada rivojlantiriladi.
Doimiy foydalanish huquqi bilan ajratilgan yerdan foydalanish sohasidagi huquqiy munosabatlar takomillashtiriladi.
Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari uchun yer ajratishning quyidagi tartibi joriy etildi:
temir yoʻl liniyalari va avtomobil yoʻllari uchun viloyat hokimlari qarori bilan doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi;
elektr, aloqa liniyalari, gaz, neft, suv va kanalizatsiya quvurlari, qishloq va oʻrmon xoʻjaligi tarkibidagi ichki yoʻllar va kichik suv havzalari uchun yer ajratish talab etilmaydi (texnik talablarda belgilangan hollar mustasno). Bular uchun servitut belgilanadi;
servitut huquqi kelishuv shaklida, kelishuvga erishilmaganda esa sud qarori bilan rasmiylashtirilishi mumkin;
servitut belgilangan yer uchun yer soligʻi (ijara toʻlovi) yer mulkdori, egasi, foydalanuvchisi va ijarachisi tomonidan toʻlanadi.
Qaror bilan Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasi tashkil etildi.
Maʼlumot oʻrnida, Yer Kodeksining 30-moddasiga koʻra, Servitut bir nechta maqsadlarda belgilanishi mumkin:
oʻzganing yer uchastkasi orqali piyoda yoki transportda oʻtish;
oʻzganing yer uchastkasida drenaj ishlari oʻtkazish;
oʻzganing yer uchastkasidan elektr uzatish, aloqa liniyalari va truboprovodlar, irrigatsiya, muhandislik va boshqa liniyalar hamda tarmoqlar oʻtkazish va ulardan foydalanish;
oʻzganing yer uchastkasidan ekinzor va mollarni sugʻorish uchun suv olish;
mollarni oʻzganing yer uchastkasi orqali haydab oʻtish;
oʻzganing yer uchastkasidan qidiruv, tadqiqot va boshqa ishlarni bajarish uchun vaqtincha foydalanish;
oʻzganing yer uchastkasida ihota daraxtlari ekish va tabiatni muhofaza qilishga taalluqli boshqa obʼyektlar barpo etish.
Yangiliklar lentasi
0