Prezident Sherali Jo‘rayevni “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirladi

© Sputnik / Amir IsayevSherali Djurayev
Sherali Djurayev - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 13.04.2022
Obuna bo‘lish
O‘zbekiston xalq artisti, "Vatandoshlar" jamoat fondining Vasiylik kengashi raisi Sherali Jo‘rayev orden bilan mukofotlandi.
TOShKENT, 13 apr — Sputnik. O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev "El-yurt hurmati" ordeni bilan mukofotlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-aprel kuni tegishli farmonni imzoladi.
Jo‘rayev o‘zining ko‘p yillik samarali va betakror ijodi bilan o‘zbek qo‘shiqchilik san’atini va milliy madaniyatni rivojlantirish, uning shon-shuhratini dunyo xalqlari o‘rtasida keng targ‘ib etishga qo‘shgan beqiyos hissasi taqdirlangan.

“... mustaqilligimizning ma’naviy asoslarini mustahkamlash, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodimizni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, yosh iste’dod egalarining qobiliyatini ro‘yobga chiqarish borasidagi katta xizmatlari, ijtimoiy hayotdagi va jamoat ishlaridagi faol ishtiroki hamda tavalludining 75-yilligi munosabati bilan O‘zbekiston xalq artisti, "Vatandoshlar" jamoat fondining Vasiylik Kengashi raisi Sherali Jo‘rayev "El-yurt hurmati" ordeni bilan mukofotlansin”, - deyilgan farmonda.

Sherali Jo‘rayev 1947-yil 12-aprel kuni Andijon viloyatining Asaka tumanida dunyoga kelgan.
U 50-yildan ziyod ijodi davomida "O‘zbegim", "Sohibqiron", "Egasi bor yurt", "Karvon", "Sarbon", "Inson qasidasi" kabi 600 ga yaqin qo‘shiq yaratgan. Uning "Birinchi muhabbatim", "Yoshligimiz", "Oy yuzingga", "Oshiqlar sardori", "Do‘st bo‘lsang, yonimda tur" kabi ashulalari xalq qo‘shiqlariga aylanib ketgan.
Xonanda mumtoz shoirlar g‘azallarini kuyga solib, o‘zbek xalqi merosini yosh avlodga va jahonga tanitishga ulkan hissa qo‘shgan. Sherali Jo‘rayev 1981-yilda "O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist", 1987-yilda "O‘zbekiston xalq artisti" faxriy unvonlari, 2018-yilda "Fidokorona xizmatlari uchun" ordeniga sazovor bo‘lgan.
Yangiliklar lentasi
0