Jamiyat

Surxondaryoda sogʻlomlashtirish aktsiyasi boshlandi

Obuna boʻlish
Yandex newsTelegram
Sayyor tibbiy qabulga sogʻligida muammosi bor bemorlar dastlab tibbiy roʻyxatga olinib, elektron tarzda tor soha mutaxassislari koʻrigiga yoʻnaltirilmoqda.
TOSHKENT, 17 apr — Sputnik. Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi “Sohil” bolalar oromgohida tibbiy sayyor qabullar boshlandi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Vazirlik markaziy apparati jamoasi, respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari rahbarlari va shifokorlari, tibbiyot oliy oʻquv yurtlari olimlari hamda mahalliy mutaxassislar, jami 200 nafardan iborat maxsus guruh aholini qabul qilmoqda.
Viloyatda boʻlib oʻtayotgan sogʻlomlashtirish aktsiyasi tibbiyot sohasidagi muammo va kamchiliklarni samarali bartaraf etish maqsadida tashkil etilgan.
Aktsiya Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida boʻlgani kabi Surxondaryoda ham ikki bosqichda oʻtkazilyapti. Birinchi bosqichda poytaxtdan kelgan mutaxassislar guruhlar kesimida viloyatning har bir shahar va tumaniga taqsimlanib, joylarda “xonadonbay” tamoyili asosida aholi salomatligi, ularni qiynayotgan tibbiyotga doir muammolarni oʻrganmoqda.
Qaysi hududda qanday kasalliklar koʻp tarqalgan boʻlsa, shunga koʻra, joylarga aynan shu yoʻnalishdagi ixtisoslashtirilgan markazlar shifokorlari biriktirilyapti.
Ikkinchi bosqichda vazirlikning maxsus guruhi tomonidan hududlardagi oʻrganish natijalari yakunlariga koʻra Termiz shahri va viloyatning qator tumanlarida sayyor tibbiy qabullar oʻtkazish rejalashtirilgan.
Sayyor tibbiy qabulga sogʻligʻida muammosi bor bemorlar dastlab tibbiy roʻyxatga olinib, elektron tarzda tor soha mutaxassislari koʻrigiga yoʻnaltirilmoqda. Shuningdek, bemor tibbiy yordamga muhtojlik darajasiga koʻra tasniflanib, koʻrsatiladigan tibbiy xizmat hajmi tuman, viloyat va respublika miqyosida belgilab olinyapti. Yuqori texnologik amaliyotlar talab etiladiganlarga esa shu yerning oʻzida order rasmiylashtirilmoqda.
Sayyor qabul davomida tibbiy yordamga ehtiyoji bor bemorlarni davolash jarayoniga yoʻnaltirish bilan birga, tuman tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi, dori-darmonga boʻlgan ehtiyojini aniqlash, faoliyatiga doir muammolarni hal etish, sohani tajribali va kreativ fikrlovchi yosh mutaxassislar bilan taʼminlash masalalari ham kompleks tahlil qilinib, amaliy yechimlar belgilanyapti.
Shuningdek, yangi oilaviy poliklinikalar va shifokor punktlarini tashkil etish, birlamchi tibbiyot muassasalarida kunduzgi statsionar ish vaqtini soat 20-00ga qadar uzaytirish, olis va chekka hududlarda konteyner shaklidagi tibbiy punktlar faoliyatini yoʻlga qoʻyish, tez tibbiy yordam xizmatini maqbullashtirish boʻyicha ham aniq chora-tadbirlar koʻrilmoqda.
Bundan tashqari, shu kunlarda ogʻir kasallikka chalingan, yuqori texnologik jarrohlik amaliyotiga muhtoj surxondaryolik bemorlarda davlat hisobidan operatsiyalar boshlab yuborilgan.
© Foto: Oʻzbekiston SSV
Surxondaryoda tibbiy sayyor qabullari - Sputnik Oʻzbekiston
1/4
© Foto: Oʻzbekiston SSV
Surxondaryoda tibbiy sayyor qabullari - Sputnik Oʻzbekiston
2/4
© Foto: Oʻzbekiston SSV
Surxondaryoda tibbiy sayyor qabullari - Sputnik Oʻzbekiston
3/4
© Foto: Oʻzbekiston SSV
Surxondaryoda tibbiy sayyor qabullari - Sputnik Oʻzbekiston
4/4
Yangiliklar lentasi
0