Jamiyat

Toshkentda akvapark va gullar bogʻi barpo etiladi

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaPrezident Uzbekistana Shavkat Mirziyoyev
Prezident Uzbekistana Shavkat Mirziyoyev - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 19.04.2022
Obuna boʻlish
Yandex newsTelegram
Prezident “Texnopark” hududidagi akvapark, Astronomiya parki hududidagi gullar bogʻi va “Yangi Oʻzbekiston” universiteti qurilishi loyihalari bilan tanishdi.
TOSHKENT, 19 apr — Sputnik. Toshkentning Yashnobod tumanidagi “Texnopark” hududida akvapark barpo etish rejalashtirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev uning loyihasi bilan tanishdi.

“Buning uchun hozirda foydalanilmay turgan bino bilan birga 4,5 gektar yer moʻljallangan. Majmua toʻgʻridan-toʻgʻri chet el investitsiyasi evaziga barpo etiladi. Bu yerda ochiq va yopiq suv havzalari, attraktsionlar, tamaddixona, oʻyin maydonchalari boʻladi”, - deyilgan davlat rahbari matbuot xizmati xabarida.

Shuningdek, prezidentga Yunusobod tumanidagi Astronomiya parki hududida barpo etiladigan gullar bogʻi loyihasi taqdim etildi. Taʼkidlanishicha, bu joy aholining madaniy dam olishi, poytaxt ekologiyasi yaxshilanishi uchun yana bir omil boʻladi.
Yana bir loyiha kelgusida davlat muzeylarini rekonstruktsiya qilishga qaratilgan. Unga koʻra, binolarning arxitekturasi va tarixiy qiymatini saqlab qolgan holda ichki sharoitlarini yaxshilash, zamonaviy texnikalar bilan jihozlash rejalashtirilgan.
Maʼlum qilinishicha, jahondagi mashhur muzeylar tajribasi asosida eksponatlarning koʻrimliligini oshirish, tarixiy ashyolarni bezarar saqlash, keluvchilarga qulayliklar yaratish boʻyicha hamma jihatlar inobatga olingan.
Bundan tashqari, davlat rahbari “Yangi Oʻzbekiston” universiteti qurilishi loyihasining amalga oshirilishi bilan tanishdi.
Universitet uchun poytaxtning Mirzo Ulugʻbek tumani Doʻrmon yoʻli koʻchasi boʻyida 30 gektar yer ajratilgan. Majmua loyihasi Turkiyaning “Outdoor Factory” kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Unga koʻra, bu yerda 5 ta fakultet uchun oʻquv binolari, maʼmuriyat, oʻqituvchilar va talabalar uchun yotoqxonalar, oshxona, kutubxona, laboratoriya, sport saroyi va stadion barpo etiladi.
Hozir bu hududda Prezident maktabi bor. Kelgusida Prezident taʼlim muassasalari agentligi ham shu yerda joylashadi. Shu tariqa, hudud taʼlimga ixtisoslashgan yaxlit majmua boʻladi.
Mirziyoyev majmuani sifatli qurish, oʻquv binolarida buyuk oʻzbek allomalari siymosi va merosini aks ettirish, yoshlarning oʻqishi va harakatlanishi uchun qulayliklar yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Yangiliklar lentasi
0