Siyosatshunoslar Termiz o‘qqa tutilgani aytilgan feyk haqida qanday fikrda

© Sputnik / Ramiz Baxtiyarov Situatsiya na granitse Uzbekistana i Afganistana v rayone goroda Termez
Situatsiya na granitse Uzbekistana i Afganistana v rayone goroda Termez - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 20.04.2022
Obuna bo‘lish
Ijtimoiy tarmoqlardagi bunga o‘xshash provokatsiyalarga nima sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin?
TOShKENT, 20 apr — Sputnik. 18-apreldan 19-aprelga o‘tar kechasi ijtimoiy tarmoqlarda “Islom davlati”* jangarilari go‘yoki Afg‘oniston hududidan Termizdagi harbiy obyektlarni raketalar bilan o‘qqa tutgani aytilgan feyk video tarqaldi. O‘zbekiston hukumati tezda bu xabarni rad etib, mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirdi.
“O‘zbekiston Mudofaa vazirligi va Chegara qo‘shinlari bergan ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasida hech qanday harbiy faollik kuzatilmayapti, vaziyat barqaror. Provokatsiyalarga berilmasligingizni so‘raymiz”, - deya ma’lum qildi mamlakat prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov.
Ijtimoiy tarmoqlardagi bunga o‘xshash provokatsiyalarga nima sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin? Bu savolga siyosatshunos ekspertlar javob berishdi.

Markaziy Osiyodagi vaziyatni izdan chiqarishga urinish – butun bir strategiya

Termiz o‘qqa tutilgani haqidagi feykning asosiy maqsadi – axborot maydonida butun Markaziy Osiyoda beqarorlikni yuzaga keltirish, deb hisoblaydi “Ma’no” tadqiqotlar tashabbusi markazi direktori Baxtiyor Ergashev.
“Bu, ayniqsa, hozirgi siyosiy vaziyatda dolzarb. Rossiyaning Ukrainadagi harbiy operatsiyasi boshlanganidan keyin uchinchi tomonlar Rossiya uchun janubiy yo‘nalishda muammo tug‘dirish va Markaziy Osiyoda “ikkinchi front” yaratishdan manfaatdor bo‘lishlari mumkin”, - dedi Ergashev Sputnik muxbiri bilan suhbatda.
Ma’lumki, Rossiyaning qo‘shnilari oldida qator ittifoqchilik majburiyatlari bor: KXShT shartnomasi va Rossiya-O‘zbekiston ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma.
“Markaziy Osiyoda vaziyatning izdan chiqishi – bu Rossiya uchun ham, Xitoy uchun ham muammo. Hindiston uchun ham ehtimoliy muammo. Shu bois mintaqadagi vaziyatni izdan chiqarishga urinishlar bo‘ladi – bu aniq bir maqsad ko‘zlangan va uzoq muddatli strategiya. Shunga o‘xshash yolg‘on xabarlar faqat ko‘payib boradi”, - deydi ekspert.
Ergashevning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Mudofaa vazirligining o‘z vaqtida raddiya bergani sabab bu xabar natijasida respublikada xavotirli kayfiyat kuzatilmagan.

Feyklarni qanday farqlash mumkin

Video feyklar – O‘zbekiston uchun birmuncha yangi holat. Shunga o‘xshash holatlarga duch kelgan intrnet foydalanuvchilari nimalarni yodda tutishlari zarur? Buni Yevroosiyo tahliliy klubi a’zosi Nikita Mendkovich tushuntirdi.
Agar xabarni norasmiy manba yoki yirik bo‘lmagan OAV chop qilgan bo‘lsa, bunga shubha bilan qarash darkor, deb hisoblaydi ekspert.
“Agar vaziyat sizdan hech qanday aniq harakatlarni talab etmasa, vaziyat oydinlashishi bilan xulosa chiqarish kerak. Agar bu tunda sodir bo‘lsa, rasmiy xabar chiqishiga qadar bir necha soat kutib turing”, - dedi siyosatshunos.
Mendkovich provokatorlar ko‘pincha eski va boshqa mamlakatlarda olingan videolar bilan chalg‘itishi mumkinligidan ogohlantirishdi. Shuning uchun bu video oldin ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgani yoki yo‘qligini tekshirib ko‘rish tavsiya etiladi.
* Rossiya va qator mamlakatlarda taqiqlangan terrorchilik tashkiloti
Yangiliklar lentasi
0