SSV sher tishlab olgan 3 yoshli qizchaning ahvoli haqida ma’lumot berdi

© Foto: SSVSSV sher tishlab olgan 3 yoshli bolaning ahvoli haqida ma’lumot berdi
SSV sher tishlab olgan 3 yoshli bolaning ahvoli haqida ma’lumot berdi - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 20.04.2022
Obuna bo‘lish
Sog‘liqni saqlash vazirligi sher tishlagan bolakayning ahvolini nazoratga olgan. Hozir bolakayning umumiy ahvoli nisbatan qoniqarli.
TOShKENT, 20 apr — Sputnik. Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent viloyatida sher tishlab olgan uch yoshli qizcha S.M.ning ahvoli haqida ma’lumot berdi.
Viloyatning Toshkent tumanidagi uylarning birida noqonuniy boqilayotgan sher bolasi onasi va homilador yangasi bilan do‘konga sut olish uchun chiqqan qizaloqqa hujum qilgan edi. Sher to‘satdan orqa tomondan kelib tashlangan va bolaning bosh hamda yelka qismini tishlay boshlagan. Ona farzandini sher og‘zidan qutqarib qolgan. Voqea kechki payt, sherning egalari jonivorni uydan tashqariga aylantirish uchun olib chiqqan paytda yuz bergan.
Ma’lum qilinishicha, hozir qizaloq Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan 2-son bolalar jarrohlik klinik shifoxonasida davolanmoqda.
Qizaloq 7-aprel kuni soat 18:40 lar atrofida mazkur shifoxonaning travmatologiya va neyroxirurgiya bo‘limi qabulxonasiga olib kelingan.
Navbatchi shifokor ko‘rigidan so‘ng u “Boshning tepa sohasida, o‘ng yelkaning tepa uchligida va iyak qismida tishlangan jarohatlar“ tashxisi bilan statsionar davolanish uchun yotqizilgan.
“Travmatologiya va neyroxirurgiya bo‘limida shoshilinch ravishda barcha kerakli muolajalar o‘tkazildi. Jumladan, quturishga qarshi antirabik vaksina qo‘llanilib, jarohatlarga birlamchi jarrohlik ishlovlari berildi”, - deydi muassasa bosh shifokori Sabirov.
Xabarda aytilishicha, bemor muassasaga olib kelingan vaqtda umumiy ahvoli o‘rta og‘irlikda baholangan. Hushi joyida bo‘lsa-da, bezovta va qo‘rquv alomatlari ko‘zga tashlangan. Bosh sohasi rentgen va MSKT tekshiruvlaridan o‘tkazilgan.
Yosh bemor neyroxirurg, nevrapatolog va pediatr kabi qator mutaxassislar tomonidan konsultatsiya qilingan.
Shuningdek, unda qo‘shimcha tarzda yuqori nafas yo‘llarining yallig‘lanishi belgilari bo‘lgani uchun ko‘krak qafasining rentgenografiyasi tekshiruvi o‘tkazilgan. Pediatr “O‘tkir respirator infeksiya. Faringobronxit” tashxisini qo‘ygan. Davolashni davom ettirish va jarohatlarni nazorat qilib turish maqsadida torakal jarrohlik bo‘limiga o‘tkazilgan.
“Hozir bolakayning umumiy ahvoli nisbatan qoniqarli. Davo muolajalari reja asosida davom ettirilmoqda”, - deyiladi xabarda.
SSV bemorning ahvolini nazoratga olgan. Qizaloqning ahvoli travmatologiya va neyroxirurgiya bo‘limi boshlig‘i Ismat Nig‘matov hamda Respublika bosh rabiologi Saidvoris G‘aniyev tomonidan muntazam tarzda tekshirib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent tumanida fuqaro o‘zi yashayotgan uy hovlisida xavfsizlik qoidalariga amal qilmay Afrika sheri bolasini boqayotgani aniqlangani xabar qilingan edi. Sher bolasi sud qarori qabul qilinguniga qadar vaqtincha saqlash uchun pitomnikka topshirilgan.
Yangiliklar lentasi
0