Siyosat

Rossiya Markaziy Osiyoga “Katta oʻyin” geosiyosiy qarama-qarshilik ruhida qaramaydi - Lavrov

© Sputnik / MID RFMinistr inostrannыx del RF Sergey Lavrov
Ministr inostrannыx del RF Sergey Lavrov  - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 05.05.2022
Obuna boʻlish
Yandex newsTelegram
Rossiya tashqi ishlar vaziriga koʻra, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalar “geosiyosiy vaziyatning tebranishlaridan” qatʼi nazar, jadal rivojlanmoqda.
TOSHKENT, 5 may - Sputnik. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov “Rossiya - Markaziy Osiyo: 30 yil doʻstlik va hamkorlik yoʻlida” nomli maqola yozdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati maʼlum qildi.
Sergey Lavrovning taʼkidlashicha, bu yil Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari – Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganiga 30 yil toʻldi. Yubiley munosabati bilan keng qamrovli tadbirlar dasturi amalga oshirilmoqda. Madaniyat kunlari, koʻrgazmalar, teatrlarga sayohatlar, konsertlar, filmlar namoyishi, davra suhbatlari va ilmiy-amaliy anjumanlar shular jumlasidandir.
”Oʻtgan yillarda biz juda katta yoʻlni bosib oʻtdik. Birgalikda ishlashda doimo xalqlarimizni birlashtirgan tarixiy doʻstlik rishtalariga, oʻzaro yordam, ishonch va hurmatning boy anʼanalariga tayanib kelganmiz. Xalqaro hamjamiyatning har qanday masʼuliyatli aʼzosi singari, Rossiya ham barcha, lekin birinchi navbatda qoʻshni davlatlar bilan yaxshi qoʻshnichilik va konstruktiv hamkorlikni saqlab, xayrixoh tashqi muhitdan manfaatdor. Shu munosabat bilan biz Markaziy Osiyoning barcha davlatlari bilan strategik sheriklik, koʻpchilik bilan esa ittifoqchilik munosabatlari orqali bogʻlanganimizdan quvonmay ilojimiz yoʻq”, deydi Lavrov.
Vazirga koʻra, yirik qoʻshma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilyapti. Xususan, Rossiya va Oʻzbekiston prezidentlari oʻrtasidagi Markaziy Osiyoda birinchi atom elektr stansiyasini qurish boʻyicha kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha ishlar davom ettirilmoqda.
Rossiya-Tojikiston iqtisodiy hamkorligining flagmani Sangtudin GES-1 respublikada ishlab chiqariladigan umumiy elektr energiyasining qariyb 12,5 foizini taʼminlayapti.
2021 yilda “KAMAZ” kompaniyasining Turkmanistonga 2000 ga yaqin avtomobil texnikasini yetkazib berish boʻyicha shartnomasi yakunlangan. Oʻtgan yilning yanvar oyida Rossiya va Qirgʻiziston prezidentlari Talas oltin konini ishga tushirgan. Qozogʻistonning Jambil viloyatida qoʻshma mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan.
Rossiya TIV rahbarining qayd etishicha, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalar “geosiyosiy vaziyatning tebranishlaridan” qatʼi nazar, jadal rivojlanmoqda.
Yaxshi qoʻshnichilik muhitini saqlashda mintaqaviy hamkorlik alohida oʻrin tutadi. Davlat rahbarlari ishtirokida oʻtkazilayotgan hududlararo hamkorlik forumlari uning yanada yuksalishiga katta hissa qoʻshmoqda. Avvaliga bu amaliyot Qozogʻistonda, keyin esa Oʻzbekistonda joriy etildi.
Yevroosiyo davlatlari orasida ham integratsiya jadal rivojlanmoqda —hozirda YEOII aʼzolari Qozogʻiston va Qirgʻizistondir. 2020 yildan boshlab Oʻzbekiston Ittifoq ishida kuzatuvchi sifatida ishtirok etmoqda. Uyushma faoliyatiga Tojikiston va Turkmaniston qiziqish bildiryapti.
Lavrovning taʼkidlashicha, Rossiyaning Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalari boy va rang-barang madaniy-gumanitar hamkorlik bilan ajralib turadi. Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekistonda Rossiya fan va madaniyat markazlari faoliyat koʻrsatmoqda.
2019 yilning may oyida MDH mamlakatlaridan birinchi boʻlib Oʻzbeksitonda MGIMO (Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti) filiali ochildi. Har yili Markaziy Osiyo davlatlarining 160 mingga yaqin fuqarosi Rossiyada tahsil oladi, shundan 60 ming nafari federal byudjetdan moliyalashtiriladi.
Rossiya migratsiyani tartibga solish, ixtisoslashtirilgan qonunchilik bazasini takomillashtirish sohasida ham yaqin hamkorlikni rivojlantirmoqda. Oʻzbekiston va Tojikiston bilan fuqarolarni Rossiyada ishlash uchun jalb etish boʻyicha kelishuvlar imzolangan. Qirgʻiziston bilan shunday hujjat tayyorlanmoqda.
“2017 yilda Oʻzbekiston fuqarolarini Rossiya Federatsiyasida mehnat faoliyatini tashkiliy ravishda jalb qilish boʻyicha hukumatlararo bitim imzolangan edi”, deya eslatdi vazir.
Vazir bugungi kunda mintaqada MDH, KXSHT va SHHTning aksilterror hamda giyohvandlikka qarshi tuzilmalari orqali hamkorlikda samarali ishlar olib borilayotganini alohida taʼkidladi.
Boshqa narsalar qatorida TIV rahbari Rossiya Markaziy Osiyoni geosiyosiy toʻqnashuv joyi deb hisoblamasligini aytdi. Aksincha, Rossiya faqat mintaqaviy integratsiyani olqishlaydi.

“Ayrim Gʻarb davlatlaridan farqli oʻlaroq, Rossiya Markaziy Osiyo mintaqasiga “Katta oʻyin”ning mustamlakachilik kontseptsiyasi ruhida, geosiyosiy qarama-qarshilik maydoni sifatida qaramaydi. Shu munosabat bilan biz mintaqalararo integratsiya kuchayib borayotganini, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam maslahatlashuv uchrashuvlarini faqat olqishlaymiz”, - deya qayd etdi Lavrov.

Rossiya TIV rahbari maqolasini qoʻyidagi soʻzlar bilan yakunladi:

“Barkamol, teng huquqli, oʻzaro manfaatli munosabatlarimiz XXI asrda davlatlararo hamkorlik qanday yoʻlga qoʻyilishi lozimligiga yorqin misoldir… Aloqalarimizni yangi chegaralarga olib chiqish uchun barcha zarur shart-sharoit mavjud. Asosiysi, xalqlarimizni birlashtirgan doʻstlik va ishonch rishtalaridir”.
Yangiliklar lentasi
0