Iqtisod

Birinchi iyundan davlat gʻallani bozor narxlarida sotib olishni boshlaydi

© Sputnik / Vitaliy Timkiv / Fotobankka oʻtishUborka pshenitsы v Krasnodarskom kraye
Uborka pshenitsы v Krasnodarskom kraye - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 11.05.2022
Obuna boʻlish
Yandex newsTelegram
Prezident: fermer va klasterlar oʻzlari yetishtirgan gʻallasini birja savdolariga olib chiqishlari uchun ham barcha imkoniyatlar yaratiladi.
TOSHKENT, 11 may — Sputnik. Oʻzbekistonda 1 iyundan boshlab gʻallani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga oʻtiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev don mahsulotlari korxonalarida transformatsiya jarayonlarining natijadorligini oshirish chora-tadbirlariga bagʻishlangan yigʻilishda maʼlum qildi.
Davlat rahbarini jahon bozorlarida oziq-ovqat narxlari kun sayin yuqori surʼatlar bilan oʻsayotganini qayd etgan. Bugungi kunda xalqaro birjalarda 1 tonna bugʻdoy 400 dollardan sotilmoqda va yil boshiga nisbatan 30 foizga oshdi.
“Bunday vaziyatda narx-navo barqarorligini taʼminlashning yagona toʻgʻri yoʻli bu – fermerlar manfaatdorligini taʼminlash, hosildorlikni oshirish orqali bozorda taklifni koʻpaytirish hisoblanadi”, - dedi prezident.
Buning uchun gʻallachilikda bozor mexanizmlarini toʻliq joriy etish zarur. Davlat rahbari mamlakat bu islohotlarga uzoq tayyorgarlik koʻrganini taʼkidladi.
Uning soʻzlariga koʻra, sohada xususiy sektorga keng yoʻl ochilgani tufayli uning ulushi tobora ortib bormoqda. Xususan, soʻnggi uch yilda hududlarda quvvati qariyb 3 million tonna boʻlgan 160 dan ortiq yirik xususiy don korxonalari ish boshladi.
Yigʻilishda oʻtgan yilda respublika boʻyicha qariyb 3,5 million tonna un ishlab chiqarilgani, shundan 54 foizi xususiy don korxonalari hissasiga toʻgʻri kelgani koʻrsatib oʻtildi.
Davlat don korxonalarining tegirmon xarajatlari xususiy sektorga nisbatan 20-25 foizga yuqori, rentabellik esa 2 baravar kam.
Ishlar samarasiz yoʻlga qoʻyilgani oqibatida “Oʻzdonmahsulot” korxonalarining Qishloq xoʻjaligi jamgʻarmasi oldidagi qarzi 1,8 trln soʻmni tashkil etib, shundan 1,1 trln soʻmi umidsiz qarz hisoblanadi.
“Bir soʻz bilan aytganda, davlat don korxonalaridagi ayni paytdagi eskicha tizim don yetishtiruvchiga ham, qayta ishlovchi korxonalarga ham manfaat bermayapti. Shu bois, qishloq xoʻjaligi islohotlarini boshlagan davrimizda don yetishtirishda davlat buyurtmasini bosqichma-bosqich bekor qilish va haqiqiy gʻalla bozorini yaratishni bundan uch yil oldin eʼlon qilgan edik. Bugun xalqimiz, fermer-dehqonlarimiz anchadan buyon kutgan ushbu islohotlarimizning yangi bosqichini boshlaymiz. Qanchalik qiyin boʻlmasin, 1 iyundan boshlab gʻallani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga oʻtamiz”, - dedi Mirziyoyev.
Shuningdek, fermer va klasterlar oʻzlari yetishtirgan gʻallasini birja savdolariga olib chiqishlari uchun ham barcha imkoniyatlar yaratiladi.
Davlat resurslari uchun sotib olinadigan 1 tonna bugʻdoy narxi oʻtgan yildagi 1 million 550 ming soʻmdan joriy yil hosili uchun 3 million soʻmga, yaʼni 2 baravarga oshiriladi.
Qishloq xoʻjaligi jamgʻarmasi xarid qilgan 1 million 783 ming tonna bugʻdoy ehtiyojga qarab oyma-oy birjaga chiqariladi.
Bunda iyul-avgust oylarida birjada shakllangan oʻrtacha narxlardan kelib chiqib, fermerlarga oʻrtadagi ijobiy farq ham toʻlab beriladi.
Misol uchun, avgust oyida 1 tonna gʻallaning birja narxi 3,5 million soʻm boʻlsa, fermerga yana 500 ming soʻm toʻlab beriladi. Bu maqsadlarga joriy yilda davlatdan 6 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ ajratiladi.
Bundan tashqari:
fermerlar ixtiyorida qoladigan bugʻdoydan 500 ming tonnasi don korxonalarida vaqtincha saqlash uchun qabul qilinadi va 1 iyuldan boshlab ilk bora fermer va klasterlarning oʻzlari birja savdolariga bozor narxida chiqaradi;
500 ming tonna bugʻdoyning don korxonalarida vaqtincha saqlash xarajatlarini davlat oʻz zimmasiga oladi va bunga 100 milliard soʻm ajratiladi.
Agar fermer va klasterlar tomonidan yetishtirgan ortiqcha gʻallasini sotish istagi boʻlsa, davlat va xususiy don korxonalariga shartnoma asosida kelishilgan narxlarda sotadi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Oʻzbekistonda 2021 yil hosilidan boshlab davlat tomonidan gʻallaga xarid narxini belgilash amaliyotidan toʻliq voz kechilishi xabar qilingan edi.
Yangiliklar lentasi
0