Aholini tadbirkorlikka jalb qilish uchun subsidiyalar ajratiladi - tafsilotlar

© Sputnik / Zafar XalilovSum
Sum - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 12.05.2022
Obuna bo‘lish
Sug‘orish vositalari xarid qilish, urug‘liklar va ko‘chatlar sotib olish, yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish uchun va boshqalar uchun subsidiyalar ajratiladi.
TOShKENT, 12-may — Sputnik. Hukumat qarori (252-son, 11.05.2022 y.) bilan Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiyalar ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan subsidiyalar quyidagi maqsadlar uchun ajratiladi:
yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish uchun – BHMning 30 baravarigacha (8 mln 100 ming so‘mgacha) miqdorida;
sug‘orish vositalari xarid qilish uchun – BHMning 10 baravarigacha (2 mln 700 ming so‘mgacha) miqdorida;
urug‘liklar va ko‘chatlar sotib olish uchun – BHMning 3 baravarigacha (810 ming so‘mgacha) miqdorida;
ishsiz fuqarolar, kam ta’minlangan oilalar a’zolari va tashqi mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarga ularning bandligini ta’minlash maqsadida tashkil etiladigan qishloq xo‘jaligi kooperativlari ustav fondiga ulush sifatida kiritish uchun – BHMning 10 baravarigacha (2 mln 700 ming so‘mgacha) miqdorida;
“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi qo‘lda gilam va ipak mato to‘qish bilan shug‘ullanuvchilarga 3 tadan kam bo‘lmagan ish o‘rni yaratish sharti bilan gilam va ipak mato to‘qish dastgohini xarid qilishga sarflanadigan xarajatlarni qoplash uchun – har bir dastgoh uchun BHMning 10 baravarigacha (2 mln 700 ming so‘mgacha) miqdorida;
“Yaylov xo‘jaligini rivojlantirish” uyushmasi a’zolariga qo‘l mehnati uchun uskunalar xarid qilish bo‘yicha xarajatlarni qoplash uchun kamida bitta ish o‘rni yaratish sharti bilan BHMning 10 baravarigacha (2 mln 700 ming so‘mgacha) miqdorida;
2022 yil 1-apreldan 2025-yil 1-yanvargacha jismoniy shaxslarning aholi xonadonlarida baliq yetishtirish yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv kurslarida o‘qish xarajatlarini qoplash uchun – BHMning 2 baravaridan (540 ming so‘mdan) oshmagan miqdordabir martalik;
tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan ishsiz, shu jumladan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga faoliyatini boshlash uchun kerak bo‘lgan asbob-uskuna, mehnat qurollarini xarid qilish uchun – 7 million so‘mgacha, xotin-qizlarga 10 million so‘mgacha;
tadbirkorlik faoliyatini boshlayotgan ishsiz fuqarolarga tadbirkorlik subyekti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgandan so‘ng dastlabki 3 oy mobaynida olingan bino va inshootning ijara to‘lovini to‘lash uchun –
BHMning 10 baravarigacha (2 mln 700 ming so‘mgacha) miqdorida (bunda uch oy davomida to‘lab beriladigan subsidiya uch oyga teng taqsimlangan holda har bir oy uchun to‘lab beriladi);
hunarmandlarning “Hunarmand” uyushmasiga a’zolik badali xarajatlari uchun – a’zolik badali miqdorida;
aholi bandligiga ko‘maklashish markazida ro‘yxatdan o‘tgan, tadbirkorlik faoliyatini boshlashni xohlayotgan ishsiz shaxslarga – yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tish, kichik korxonalar va mikrofirmalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun – sarflanadigan xarajatlarni to‘lashda bir martalik;
“usta-shogird” an’analari asosida yoshlarga hunar o‘rgatayotgan hunarmandlarga (kulollarga)shogirdlar tayyorlash, zarur xomashyo sotib olish va shogirdlarni ish haqi bilan ta’minlash uchun – 6 oy davomida har oyda BHMning 2 baravaridan (540 ming so‘mdan) kam bo‘lmagan miqdorda;
shogirdlarga – mustaqil faoliyat boshlashi uchun zarur asbob-uskuna
va jihozlarni sotib olish, shuningdek, ustalarga – internet saytlarini tashkil etish, o‘z mahsulotlarini jahon elektron savdo maydonchalariga chiqarish va reklama xarajatlarining 50 foizi, biroq BHMning 25 baravari miqdoridan (6 mln 750 ming so‘mdan) oshmaydigan qismiga subsidiya ajratiladi.
Shuningdek, kasb-hunarga o‘qitish markazlarining o‘quv xonalarida o‘qitish qiyin bo‘lgan quyidagi kasb yo‘nalishlarida “usta-shogird” an’analari asosida hunar o‘rganmoqchi bo‘lgan yoshlarga yoki hunar o‘rgatayotgan (yoki o‘rgatmoqchi bo‘lgan) ustalarga shogirdlar tayyorlash yoki shogirdlarni ish haqi bilan ta’minlash uchun – 3 oy mobaynida har bir shogirdga (biroq, shogirdlar soni besh nafardan oshmagan holda) har oyda BHMning 4 baravarigacha (1 mln 80 ming so‘mgacha) miqdorida subsidiya ajratiladi: avtotuning (avtomobillarga aksessuarlar va avtosignalizatsiya o‘rnatish, g‘iloflar va pol qoplamalarini tikish); maishiy texnikani o‘rnatish va ta’mirlash; kompyuterlarni ta’mirlash va sozlash; video va fotosuratga olish; mebellarni ta’mirlash va yig‘ish; sartaroshlik xizmatlari, manikur, pedikur xizmatlari; kosmetolog xizmatlari; multimedia, dizayn va san’at materiallarini yaratish va ularga ishlov berish; dasturiy ta’minot, axborot tizimlari, mobil ilovalar va veb-saytlarni ishlab chiqish va texnik qo‘llab-quvvatlash.
Subsidiya turidan foydalanmoqchi bo‘lganlar tavsiya berishni so‘rab o‘zining doimiy yashash manzilidagi hokim yordamchisiga yozma yoki “Onlayn mahalla” elektron platformasi orqali murojaat qiladi.
Ma’lumotlar o‘rganib chiqilib, o‘rganish natijasiga ko‘ra (agarda xulosava hujjatlarda ko‘rsatilgan ma’lumotlar o‘z tasdig‘ini topsa) subsidiya ajratiladi.
Yangiliklar lentasi
0