Termizda fuqaro uyida yovvoyi to‘ng‘iz bolalarini boqib kelayotgani aniqlandi

© Foto: Surxondaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi Yovvoyi to‘ng‘iz bolalari
Yovvoyi to‘ng‘iz bolalari  - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 12.05.2022
Obuna bo‘lish
Termizda fuqaro xonadonida saqlanib kelingan 2 bosh yovvoyi to‘ng‘iz bolasi hayvonot bog‘iga vaqtinchalik topshirildi.
TOShKENT, 12-may — Sputnik. Termiz tumanidagi “Ayritom” mahallasida yashovchi fuqaro yovvoyi to‘ng‘izning 2 bosh bolasini ushlab olib, o‘z xonadonida boqib kelgan. Bu haqda Surxondaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xabar berdi.
Aytilishicha, boshqarmaga yovvoyi to‘ng‘iz bolasi fuqaro xonadonida boqib kelinayotgani haqida xabar kelib tushgan.
Xabarga asosan o‘rganish olib borilgan va xonadon egasi inspektorlarga yovvoyi to‘ng‘iz bolalarini o‘zi ushlab olgani va vaqtincha saqlayotganini ma’lum qilgan.
“Fuqaroga yovvoyi hayvonlarni saqlash bo‘yicha amaldagi qonunchilik talablari tushuntirilganidan so‘ng bu xatti-harakati noqonuniy ekanini bildirib, o‘z xohishiga ko‘ra to‘ng‘iz bolalarini Ekologiya boshqarmasining davlat inspektorlariga topshirdi”, - deyiladi xabarda.
Hozirda yovvoyi to‘ng‘iz bolalari qonuniy to‘xtamga kelgunga qadar Termiz hayvonot bog‘iga vaqtinchalik topshirilgan.
Avvalroq Toshkent viloyati Toshkent tumanidagi xonadonlarning birida noqonuniy ravishda sher bolasi saqlanayotgani aniqlangani xabar qilingan edi.
Ma’lumot uchun, yovvoyi hayvonlarga ega bo‘lish qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi. Agar xayvonlar boshqa mamlakatlardan olib kelingan, zoologiya do‘konlaridan, zooparklardan sotib olingan, ov yoki baliq ovlashda va boshqa hollarda tutilganligi uchun hujjatlar mavjud bo‘lsa qonunchilikka muvofiq ravishda sotib olingan, deb hisoblanadi.
Yangiliklar lentasi
0