Nega o‘zbekistonliklar ta’lim olish uchun Rossiyani tanlamoqda - video

Obuna bo‘lish
Nima uchun O‘zbekiston fuqarolari ta’lim olish uchun Rossiyani tanlayapti? Ular uchun Rossiyada yashash qanday?
Rossiyada ta’lim olish o‘zbekistonliklar orasida tobora ommalashapti. 2017-yilga ko‘ra Rossiyada 24 ming nafar talaba tahsil olgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ularning soni deyarli 49 mingga yetgan.
O‘zbekiston fuqarolaridan nima uchun Rossiyani tanlashotganining sababini so‘radik.

Asosiy maqsadim- ayollarga foyda keltirish

Akusher-ginekolog Farida Bo‘ronova Moskvaga 2007-yilda Yamandagi to‘rt yillik ish shartnomasi tugagandan so‘ng doktorlik dissertatsiyasi ustida shug‘ullanish maqsadida kelgan.
“Meni uzoq yillar Yamanga chaqirishdi. Ammo men ilm-fan bilan o‘z Vatanimda shug‘ullanishni xohlayotganimni aytdim”, - deydi Bo‘ronova. Shifokorning aytishicha, garchi Rossiya fuqaroligi bo‘lmasada, u O‘zbekistonni ham, Rossiyani ham o‘z vatani sifatida biladi. Shifokor Sovet Ittifoqi davrida tug‘ilgan va hozirgi xaritalar bo‘yicha mamlakatlarni ajratmaydi.
Ammo ona Samarqand shifokor uchun juda qadrli. Farida Bo‘ronova Samarqand davlat universitetida dars bergan, akusherlik klinikasiga rahbarlik qilgan.
Shifokor Moskvaga kelgandan darhol doktorlikni himoya qila olmadi- sog‘lik pand berdi. Ilm-fan ishlarini bir necha yillarga surib qo‘yishga to‘g‘ri keldi. Bu yil kuzda shifokor dissertatsiyani davom etishga qaytmoqchi. Hozir u xususiy klinikada akusher-ginekolog bo‘lib ishlaydi.
“Bu yerda men kichik ginekologik jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazishim mumkin- xususan plastik operatsiyalarni ham. Biroq ayollar menga reproduktiv tizim salomatligiga oid kasallik bilan murojaat qiladi. Ayollarga foyda keltirishni o‘zimning asosiy maqsadim deb bilaman”, - deydi shifokor.
Mutaxassisning aytishicha, u psixolog sifatida ham faoliyat yuritadi. Ayollar homiladorlikni to‘xtatish borasida unga tez-tez murojaat qiladi. Biroq shifokor ularni bolani asrab qolishga ko‘ndira oladi. “Ular fikrlaridan qaytishadi. Keyinchalik qo‘ng‘iroq qilib menga minnatdorchilik bildirishadi. Bu menga haqiqiy quvonch bag‘ishlaydi”, - deydi doktor.
“Men bepusht ayollarni davolayman. Har bir ayol onalik baxtini his qilishi uchun qo‘limdan kelganini qilaman. Bu mening maqsadim. Shukrki, maqsadlarimga erishapman”, - deya to‘lqinlanib so‘zlaydi shifokor.
Suhbatdoshimiz Moskva shahri uni xuddi “o‘z odamidek” qabul qilganini aytdi. Aytishicha, u Rossiya poytaxtida hech qanday noqulaylik his qilmagan. Ishda ham, ko‘cha-kuyda ham. “Odamlar, hamkasblar bilan munosabatlarim doim yaxshi. Turli xil xarakterli insonlar jamoasida ishlaganman, millatlari ham har xil. Ammo hech qachon ular orasida o‘zimni noqulay his qilmaganman”,- deydi u.
Yagona muammo- shifokorning turmush o‘rtog‘i va to‘rt farzandi Samarqandda yashaydi. “Ammo ular allaqachon katta bo‘lishgan”, - deydi u. Shifokor uyga tez-tez borib turishga harakat qiladi.
“Hozir men uchun asosiysi - boshlagan ishimni davom ettirish. Keyin nima bo‘ladi bilmayman. Balki shu yerda qolarman. Yoki Samarqandga qaytarman. Moskvadda doktoranturada olgan bilimlarim O‘zbekistonga asqotishini xohlayman”,- deydi Farida Bo‘ronova.

Haftada bir marta farg‘onacha palov tayyorlayman

Jahongir Hayitov Moskvaga 2016-yilda, Rossiyaning nomdor universitetlarida o‘qiyotgan do‘stlaridan ilhomlanib ta’lim olish maqsadida kelgan. Rossiya Xalqlar do‘stligi universitetining psixologik-pedagogik ta’lim yo‘nalishini tanlagan.
O‘tgan yili Hayitov diplom oldi. Biroq, uyga qaytishga hali erta degan qarorga keldi-tashkiliy va boshqaruv faoliyatining psixologik-pedagogik asoslari yo‘nalishi bo‘yicha magistratura bosqichiga o‘qishga qabul qilindi.
Jahongir uchun universitetdagi ta’lim birinchi o‘rinda bo‘lsada, u qolgan vaqtini ijtimoiy ishlarga bag‘ishlagan.
“Menga yoshlar bilan ishlash yoqadi. Shuning uchun 2019-yilda yoshlar uchun tashkilot – talabalar burosini tuzdim. Biz Moskvada va viloyatida o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalarga konsultatsiya o‘tkazamiz. Ularning haq-huquqlarini himoya qilamiz. O‘qishga kirishga yordam beramiz. Milliy bayramlarimizni birga nishonlaymiz. Tashkilotimiz O‘zbekiston Respublikasining Rossiyadagi elchixonasi ko‘magida faoliyat yuritadi”,- deydi Hayitov.
Jahongirning so‘zlariga ko‘ra, u o‘qish va ishdan tashqari, bo‘sh vaqtini oshxonada o‘tkazishni yaxshi ko‘radi.
“Haftada bir marta do‘stlar bilan yig‘ilamiz. Men farg‘onacha palov tayyorlayman. Men axir farg‘onalikmanku. Palov juda shirin chiqadi”, - deydi suhbatdoshimiz.
Uning a ytishicha, Rossiyada ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni kundan-kunga ortapti. Va bu yaxshi- mamlakatga oliy ma’lumotli, bilimli va salohiyatli mutaxassislar bo‘lib qaytishadi.
Jahongirning shaxsiy rejalariga kelsak, yaqin 10-yilda u Moskvadan ketishni rejalashtirmagan.
kelajakda aspiranturaga o‘qishga kirmoqchi va ijtimoiy ishlarni davom ettirmoqchi.

Bilim va tajriba to‘plab O‘zbekistonga yordam bermoqchiman

Davlatjon Tojiboyev avval Janubiy Koreyadan ta’lim olmoqchi edi. “Xalqaro munosabatlar” yo‘nalishini tanladi, uzoq vaqt imtihonlarga tayyorlandi. Biroq budjet asosida o‘qish uchun unga olti yil yetmadi. Davlatjon kutishga qaror qildi, biroq biroz vaqt o‘tgach, ota-onasi unga Moskvaning oliy ta’lim dargohiga imtihon topshirishni maslahat berishdi.
“Keldim, hujjatlarni topshirdim. Iyunda esa: tabriklaymiz, siz o‘qishga qabul qilindingiz degan xat oldim”, - deydi Rossiya Xalqlar do‘stligi universiteti “jurnalistika” yo‘nalishining ikkinchi bosqich talabasi Davlatjon Tojiboyev.
O‘qishga qabul qilingani haqida gapirar ekan, suhbatdoshimiz shu qadar to‘lqinlanib so‘zlab berdiki, gapirish uchun zo‘rg‘a so‘z topdi. “Men hayratda edim. So‘z bilan tushuntirib berolmayman... Shunaqangi xursand bo‘lgandimki...”. O‘tmishni eslar ekan, u hammasi yaxshilikka bo‘lgan deydi.
“Koreyada mening hech kimim yo‘q. O‘qishga qabul qilingan taqdirda ham hammasida muammolar bo‘lardi: ko‘nikishda, o‘qishda”,- deydi u va rossiyalik o‘qituvchilarning chet ellik talabalarga alohida e’tibor berishlari va yordam, maslahatni ayamasliklarini aytdi.
“RXDU ga o‘qishga kirganimdan meni darhol guruh sardori etib tayinlashdi. Bir yildan keyin esa dekanat birinchi bosqich talabalarining kuratori bo‘lishimni so‘radi. Menga bunday yordam berish yoqadi- bilim, tajriba bilan bo‘lishaman”,- deydi Davlatjon.
U bir vaqtlar o‘z QVZ guruhini tashkillashtirganini ham aytdi. Biroq tashkiliy ishlar bilan o‘qishni tashlab qo‘yishiga sal qoldi. Va ulardan bittasini tanlash vaqti kelganini angladi. “O‘qishdan chalg‘ib qolgandim, muammolarga duch keldim. Imtiyozli diplom olishga harakat qilayotgan edim, uch baho olishim mumkin emasdi”, -deydi u. Uning aytishicha, guruhni tashlab qo‘ygan, chunki qiziqchi bo‘lish niyati yo‘q.
“Men nega jurnalistikani tanladim? Kichkinaligimdan katta mas’uliyatni zimmamga olishni yaxshi ko‘rardim. Agar kimdadir muammo chiqadigan bo‘lsa, e’tiqodi, millati, yoshi, begona yoki -tanish men uchun ahamiyatsiz- yordam berishga harakat qilaman. Asosiysi, insonda niyat yaxshi bo‘lishi kerak”, - deydi Davlatjon va bu jurnalistning asosiy sifati deb qo‘shib qo‘ydi.
Rossiyada bo‘lajak jurnalist uzoq vaqtga qolmoqchi- magistratura va aspiranturada o‘qishni davom ettirib keyin O‘zbekistonga qaytmoqchi. “Bilim olaman, tajriba yig‘aman va kelajakda O‘zbekistonga, ona yurtimga yordam beraman”, - deydi Davlatjon Tojiboyev.
Yangiliklar lentasi
0