Birja savdolari orqali eksport-import qilish soddalashadi

© AFP 2023 / SPENCER PLATTUS-MAYOR-ADAMS-RINGS-OPENING-BELL-AT-NEW-YORK-STOCK-EXCHANGE
US-MAYOR-ADAMS-RINGS-OPENING-BELL-AT-NEW-YORK-STOCK-EXCHANGE - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 17.05.2022
Obuna bo‘lish
Mahalliy mahsulotlarni birjaga olib chiqishni tuman darajasiga tushirish bo‘yicha yangi tizim yaratiladi.
TOShKENT, 17-may — Sputnik. Yil yakuniga qadar birjalarga o‘z mahsulotini olib chiqadigan mahalliy tadbirkorlar soni kamida 2 baravarga, mahsulotlar turi esa 5 baravarga oshiriladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev respublika tovar-xom ashyo birjasida savdolarni ko‘paytirish, mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish yuzasidagi videoselektor yig‘ilishida tegishli topshiriqlarni berdi.
Ta’kidlanishicha, Jizzax, Navoiy, Samarqand va Xorazmda birja savdolari ancha faollashgan. Lekin Sirdaryo, Andijon va Surxondaryodagi korxonalarning birja savdolaridagi ishtiroki pastligicha qolmoqda.
Shu munosabat bilan mutasaddilarga mahalliy mahsulotlarni birjaga olib chiqishni tuman darajasiga tushirish bo‘yicha tizim yaratish vazifasi qo‘yildi.
“Misol uchun, 1-iyuldan fermer va klasterlar 500 ming tonna g‘allani birja orqali sotishi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu fermerlar uchun 2 trillion so‘m qo‘shimcha daromad degani. Lekin, tuman hokimlarida fermer mahsulotini birjaga qanday olib chiqishi, bu borada kimga murojaat qilishi, ya’ni ishni qanday tashkil etishi bo‘yicha aniq rejalar bormi? Bu savolga birorta hokimda ijobiy javob yo‘q”, - deydi prezident.
Mahalliy mahsulotlarni birjada ko‘paytirish bo‘yicha yangi tizim O‘rtachirchiq tumani misolida tushuntirildi.
Yangi tizim bo‘yicha:
- tuman hokimi g‘alla yetishtiruvchi fermer va klasterlar kesimida bug‘doyni birjaga olib chiqish oyma-oy rejasini ishlab chiqadi;
- tuman hokimi va Savdo-sanoat palatasining tuman bo‘limi ushbu fermer va klasterlarni birjada ro‘yxatdan o‘tkazishni tashkillashtiradi;
- tadbirkorga qulay bo‘lishi uchun Savdo-sanoat palatasi tuman bo‘limida birja savdo maydonchasi tashkil etiladi;
- ushbu savdo maydonchasida tadbirkor, fermer va klasterlarga birja hujjatlarini rasmiylashtirishga ko‘maklashiladi;
- ular shu joyning o‘zida birja savdolarida ishtirok etishga o‘qitiladi;
- fermerlarga bug‘doyni birjaga qo‘yganda garov talab etilmaydi.
Birja savdosi bo‘yicha tadbirkor va fermerlar uchun sodda va lo‘nda metodika ishlab chiqiladi.
Sotilgan mahsulotga birja tomonidan bir kunda to‘lov amalga oshiriladi. Bunda fermerga to‘lovlarni o‘z vaqtida va to‘liq kelib tushishini birja kafolatlaydi.
“Bu yangi tizim fermer va klasterlarga maktab, hokimlarga esa sinov bo‘ladi”, - dedi davlat rahbari

Birjalarda mahalliy tadbirkorlar soni va mahsulotlar turi oshiriladi

Yig‘ilishda yil yakuniga qadar birjalarga o‘z mahsulotini olib chiqadigan mahalliy tadbirkorlar sonini kamida 2 baravarga, mahsulotlar turini esa 5 baravarga oshirish zarurligi qayd etildi.
Hozirda 45 mingdan ziyod mahalliy sanoat korxonalarining bor-yo‘g‘i 7 foizi birjaga o‘z mahsulotini chiqarayotgani tanqid qilindi.
Jomboy tumanidagi g‘isht ishlab chiqaruvchi korxona o‘z mahsulotini birjaga olib chiqishi natijasida 21 milliard so‘mlik daromad olgan. Uychi tumanidagi beton qorishmasi ishlab chiqaruvchi korxona 10 milliard so‘mlik mahsulotini birja orqali sotgan.
Prezident viloyat, tuman va shahar hokimlari tomonidan bu tajriba joylarda yo‘lga qo‘yilmaganini tanqid qildi.
24 ta tuman qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashdi. Ushbu tumanlarda shuyilda umumiy qiymati 1,6 milliard dollarlik 150 ta loyihani amalga oshirish reja qilingan.
Lekin, bugungi kunda gipsokarton, quruq qurilish qorishmalari, lak-bo‘yoq, kafel, mix kabi mahsulotlarni birjaga qo‘yish bo‘yicha cheklovlar mavjud.

Mahalliy mahsulotlarni birja savdolariga chiqarish soddalashadi

Yig‘ilishda mahalliy mahsulotlarni birja savdolariga chiqarish tartibi soddalashtirilishi belgilandi.
Unga ko‘ra:
1 iyuldan birjada alohida istiqbolli tovarlar seksiyasi tashkil etiladi va mahalliy tadbirkorlar ishlab chiqargan mahsulotni ortiqcha hujjatlarsiz sotish yo‘lga qo‘yiladi;
eng yaxshi sotilgan tovarlar keyinchalik birjaning asosiy savdo maydonlariga joylashtiriladi;
tadbirkorlarning davlat ro‘yxatidan o‘tishi bilan bir vaqtda birjada ham hisobga olish tartibi joriy etiladi;
mahalliy tadbirkorlarning mahsulotlari uchun birja to‘lovlari 2 baravarga qisqartiriladi;
soliq nazoratida tadbirkorlarning birja orqali sotilgan yoki xarid qilingan tovarlari bo‘yicha qo‘shimcha o‘rganish o‘tkazilmaydi.

Yuqori likvidli mahsulotlarni birja savdolariga qo‘yilgani ustidan nazorat o‘rnatiladi

Yil yakuniga qadar birjadagi tovar aylanmasini 2 baravarga oshirish uchun barcha zaxiralarni ishga solish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Suyuq mineral o‘g‘itlar, neft koksi, nafta, kaustik soda, suyuq uglerod oksidi va texnik kislorod, metall prokat list va po‘lat sharlar, barda kabi mahsulotlarni birja orqali sotishni boshlashga ko‘rsatma berildi.
Ta’kidlanishicha, ayrim turdagi yuqori likvidli tovarlar birjaga qo‘yilmagani oqibatida ularning narxlarida o‘sish kuzatilmoqda.
O‘tgan yilgi paxta hosilidan qariyb 1,5 million tonna texnik chigit olingan bo‘lsada, shundan birjaga 939 ming tonnasi yoki 56 foizi chiqarilgan. Yoki, birjadan chigit olgan 119 ta yog‘-moy korxonalaridan 20 tasi paxta yog‘ini birja savdolariga umuman qo‘ymagan.
Shu bois yuqori likvidli mahsulotlarni birja savdolariga qo‘yilgani ustidan tizimli nazorat o‘rnatish vazifasi qo‘yildi.
Bunda birjaga qo‘yish majburiy bo‘lgan tovarlarni, ayniqsa texnik chigit va paxta yog‘ini to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotgan korxonalarga nisbatan javobgarlik kuchaytiriladi.

Birja savdolari orqali eksport-import qilishda yengillik beriladi

Yil yakuniga qadar eksport-import mahsulotlarining birja savdolari hajmini 500 million dollarga olib chiqish vazifasi qo‘yildi.
1 iyuldan boshlab eksport uchun 10 ming tonna mis, 50 ming tonna qora metallar, 15 ming tonna oltin-gugurt, 1 million kvadrat metr qurilish oynasi birjaga qo‘yiladi.
Shuningdek, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga xorijdagi elchilar va savdo maslahatchilari bilan birga mineral o‘g‘it, neft mahsulotlari, ko‘mir, yog‘och kabi mahsulotlar bo‘yicha birja savdolarini boshlash uchun kamida 100 ta xorijiy yirik ishlab chiqaruvchi va ulgurji savdo korxonalarini jalb qilish topshirildi.
Shu bilan birga, 1-iyuldan boshlab birja savdolari orqali eksport-import qilishda:
xorijiy yetkazib beruvchilarga elektron raqamli imzoni majburiy olish tartibi bekor qilinadi;
xorijiy kompaniyalar uchun oldindan to‘lov va birja xizmatlari to‘lovi bekor qilinadi;
tadbirkorlarga to‘lovlarni kafolatlash bank akkreditivi singari birja kliring tizimi orqali ham ta’minlanadi.
Prezident har bir viloyat, tuman va shahar hokimiga hududdagi tadbirkorlar bilan uchrashib, ularning ishlab chiqarish quvvatlarini tahlil qilish, aniq turdagi va miqdordagi mahsulotlarni birjaga olib chiqish bo‘yicha oyma-oy rejalarini tasdiqlashni topshirdi.
Shuningdek, soha uchun har yili kamida 1 mingta mutaxassis tayyorlab, ularning bandligini ta’minlashi zarurligi ta’kidlandi. Bunda kamida 100 ta nogironligi bor yoshlarni bepul o‘qitib, sohada ishga qabul qilish topshirildi.
Birinchi iyundan davlat g‘allani bozor narxlarida sotib olishni boshlaydi
Yangiliklar lentasi
0