Rossiya

Rossiya chet elga pul oʻtkazish limitini besh baravarga oshirdi

© Sputnik / Vladimir TrefilovDenejnыe kupyurы
Denejnыe kupyurы - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 17.05.2022
Obuna boʻlish
Yandex newsTelegram
16 may kuni Rossiya Markaziy banki jismoniy shaxslarning chet elga pul oʻtkazmalari uchun chegarani 50 ming dollargacha oshirdi.
TOSHKENT, 17 may — Sputnik. Markaziy bank rossiyaliklarga chet elga besh baravar koʻp pul joʻnatishiga ruxsat berdi yaʼni oylik limitni 10 ming dollardan 50 ming dollargacha oshirdi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabarida keltirilgan.
Unga koʻra, Rossiya Federatsiyasi rezidentlari va doʻst mamlakatlardan kelgan norezidentlar bir kalendar oy ichida Rossiya bankidagi hisob raqamlaridan 50 000 dollardan koʻp boʻlmagan (yoki boshqa xorijiy valyutadagi ekvivalentini) mablagʻni oʻzlarining hisobi yoki chet eldagi boshqa jismoniy shaxsga oʻtkazishlari mumkin.
“Hisobvaraq ochmasdan pul oʻtkazmalari xizmatlarini koʻrsatuvchi kompaniyalar orqali rezidentlar va doʻst mamlakatlardan kelgan norezidentlar oyiga 5 000 dollardan koʻp boʻlmagan (yoki boshqa valyutadagi ekvivalentida) pul oʻtkazishlari mumkin”, deyiladi Markaziy bank xabarida.
Xuddi shu huquq Rossiyada shartnomalar boʻyicha ishlayotgan doʻstona boʻlmagan mamlakatlardan kelgan norezidentlarga ham berilgan. Bungacha doʻstona munosabatda boʻlmagan mamlakatlarning norezidentlari hisobvaraqdan faqat 10 000 dollar va hisob ochmasdan 5 000 dollargacha boʻlgan xorijiy valyutadagi mablagʻlarni oʻtkazishlari mumkin edi.

“Rossiyada ishlamaydigan jismoniy shaxslar, sanktsiyalarni qoʻllab-quvvatlovchi davlatlar, shuningdek, ushbu davlatlar yuridik shaxslari uchun chet elga pul oʻtkazmalarini taʼqiqlash oʻz kuchida qoladi”, deyiladi xabarda.

Cheklovlar 2022 yil 30 sentyabrgacha amal qiladi. Oʻtkazma summalari pul oʻtkazish boʻyicha koʻrsatma berilgan sanada Rossiya banki tomonidan belgilangan xorijiy valyutalarning rublga nisbatan rasmiy kursi boʻyicha hisoblanadi.
Eslatib oʻtamiz, mart oyi boshida prezident Vladimir Putin chet elda valyuta olib chiqishga cheklovlar kiritgan edi. Rezidentlarga har oyda 10 000 dollarni boshqa shaxslarning xorijiy hisob raqamlariga oʻtkazishga ruxsat berildi. Shaxsiy hisoblarni toʻldirish taqiqlandi. Keyinchalik Markaziy bank talablarni yumshatdi, oʻz hisob raqamlariga pul oʻtkazishga ruxsat berdi.
Yangiliklar lentasi
0