Jamiyat

SSV: Oʻzbekistonda maymun chechagi qayd etilgani yoʻq

© Sputnik / Mixail MokrushinObezyana v kletke
Obezyana v kletke - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 23.05.2022
Obuna boʻlish
Yandex newsTelegram
Otabekov: ayni paytda JSST tavsiyalaridan kelib chiqib bu infektsiyaning yurtimizga kirib kelmasligi uchun zarur choralarni koʻryapmiz.
TOSHKENT, 23 may — Sputnik. Oʻzbekistonda hozirga qadar maymun chechagi qayd etilgani yoʻq. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻi oʻrinbosari professor Nurmat Otabekov maʼlum qildi.
Uning Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotlariga asoslanib maʼlum qilishicha, bu kasallik hozirgacha 14 ta davlatda qayd etilgan. Infektsiyani yuqtirganlar soni 90 nafarga yaqinlashgani aytilyapti. Shu kungacha oʻlim holatlari roʻyxatga olinmagan.

“Oʻzbekistonda hozirga qadar maymun chechagi qayd etilgani yoʻq. Ayni paytda JSST tavsiyalaridan kelib chiqib bu infektsiyaning yurtimizga kirib kelmasligi uchun zarur choralarni koʻryapmiz”, - dedi u matbuot anjumani davomida.

Otabekov bu xastalik kecha yoki bugun paydo boʻlgani yoʻqligini taʼkidladi. Yaʼni ilk bor u bundan 52 yil avval Kongo Demokratik Respublikasida aniqlangan. Kasallikning alohida holatlari Markaziy va Gʻarbiy Afrika mamlakatlarida kuzatilgan.
“Bizdagi maʼlumotlarga koʻra, maymun chechagi deyarli barcha holatlarda hayvonlardan odamga yuqadi. Asosan endemik hududlarga safar qilgan va jonivorlar bilan muloqotda boʻlgan kishilarda tasdiqlanishi mumkin”, - deydi Otabekov.
Dunyo boʻylab kasallikning qayta avj olishi 7 may sanasidan boshlangan. Shu kuni Buyuk Britaniyaga Nigeriyadan qaytgan sayyohda mazkur infektsiya aniqlandi. Unda kasallik belgilari terida toshmalar toshishi bilan namoyon boʻlgan. Shundan soʻng ushbu mamlakatda oʻnga yaqin bemorlar maymun chechagiga chalingani maʼlum boʻldi.
Keyinroq AQSH, Kanada, Ispaniya, Portugaliya, Frantsiya, Italiya, Shvetsiya, Belgiya, Niderlandiya, Gretsiya, Avstraliya, Isroil va Shveytsariyada ham xastalik tarqala boshlagan.
Tahlillarga koʻra, kasallik odatda yengil kechyapti va bemorlarning koʻpchiligi bir necha hafta ichida tuzalib ketmoqda.
Shunga qaramay, hozir JSST maymun infektsiyasi keng tarqalib ketmasligi uchun dunyo mamlakatlarini profilaktik choralarni kuchaytirishga chaqirmoqda.
Mutaxassislar fikricha, aynan maymun chechagiga qarshi emlash preparatlari mavjud boʻlmasa-da, bir qator mamlakatlar oddiy chechakka qarshi vaktsinalar orqali buning oldini olishga harakat qilmoqda.
Chunki ikki virus bir-biriga oʻxshash va shu tufayli bunday vaktsinalar maymun chechagining oldini olishda taxminan 85 foizga samara berishi kutilyapti.
Yangiliklar lentasi
0