Iqtisod

Ijtimoiy himoyaga muhtojlar davlatdan bir martalik yordam puli olishadi

© Sputnik / Zafar XalilovSum
Sum - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 25.05.2022
Obuna boʻlish
Yandex newsTelegram
Bir martalik yordam Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda — 300 ming soʻm, Toshkent shahrida — 400 ming soʻmni tashkil etadi.
TOSHKENT, 25 may — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev 25 may kuni "Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini manzilli qoʻllab-quvvatlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi qarorni imzoladi. Bu haqda "Oʻzbekiston 24" dasturida xabar qilindi.
Farmonga binoan, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining quyidagi qatlamlariga davlat byudjetidan bir martalik moddiy yordam koʻrsatiladi:
a) yoshga doir, nogironlik pensiyasi va nafaqasini oluvchilarga, bolalikdan nogironlik nafaqasini hamda boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasini va nafaqasini oluvchi har bir oila aʼzosiga hamda oʻzgalar parvarishiga muhtoj nogironligi boʻlgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishlash nafaqasini oluvchilarga:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda — 300 ming soʻmdan;
Toshkent shahrida — 400 ming soʻmdan;
Shuningdek, respublika byudjeti hisobidan boshqa organlar orqali pensiya oluvchilarga tegishli vazirlik va idoralar tomonidan mazkur bandning "a" kichik bandida nazarda tutilgan shartlarda va miqdorlarda bir martalik moddiy yordam koʻrsatiladi;
b) "Ijtimoiy himoya yagona reyestri" axborot tizimi orqali kam taʼminlangan sifatida moddiy yordam oluvchi oilalarga hamda kam taʼminlangan sifatida bolalar nafaqasini oluvchi oilalarning har bir 18 yoshga toʻlmagan bolasiga — 200 ming soʻmdan.
Jami 8,9 mln kishi bunday yordam bilan qamrab olinishi kutilmoqda.
Bir nechta toifa boʻyicha bir martalik moddiy yordam olish huquqiga ega boʻlgan shaxslarga bir martalik moddiy yordam har bir toifa boʻyicha toʻlab beriladi.
Vazirlar Mahkamasi joylardagi mahalliy hokimiyat organlariga, Markaziy bank va tijorat banklari mazkur qarorda belgilangan bir martalik moddiy yordam toʻlovlarining ikki hafta muddatda toʻliq toʻlanishini taʼminlash topshirildi.
Uyida vaqtincha boʻlmaganligi yoki boshqa sabablarga koʻra bir martalik moddiy yordam pullarini oʻz vaqtida ololmagan fuqarolar toʻlanmagan moddiy yordam pullarini 2022 yil 1 sentyabrga qadar olish huquqiga ega.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimlari, sektor rahbarlariga:
a) "Temir daftar"ga kiritilgan hamda mazkur qarorga asosan bir martalik moddiy yordam pullarini olmagan ehtiyojmand oilalar roʻyxatini shakllantirish hamda "Saxovat va koʻmak" jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ushbu oilalarning har bir aʼzosiga 20 kilogrammdan bepul un tarqatish;
b) ijtimoiy ahvoli ogʻir boʻlgan oilalarga "Saxovat va koʻmak" jamgʻarmasi va boshqa manbalar hisobidan bepul un tarqatishni yoki naqd pul koʻrinishida moddiy yordam koʻrsatib borishni taʼminlash topshirildi.
Bunda, 2022 yil davomida mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari hokim yordamchilari bilan birgalikda har bir mahalla fuqarolar yigʻinlarida ehtiyojmand oilalarning ahvolini muntazam ravishda oʻrganib boradi.
Qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun davlat byudjetidan jami 2,2 trln soʻm, Vazirlar Mahkamasining zaxira fondidan 43 mlrd soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi.
Yangiliklar lentasi
0