Siyosat

Konstitutsiyaga oʻzgartirish kiritishga oid takliflarni qabul qiladigan platforma ishga tushdi

© Depositphotos / DimaberkutRuki nad klaviaturoy
Ruki nad klaviaturoy  - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 26.05.2022
Obuna boʻlish
Yandex newsTelegram
“Mening Konstitutsiyam” onlayn platformasida fuqarolar oʻz takliflarini yozib qoldirishlari mumkin.
TOSHKENT, 26 may — Sputnik. “Mening Konstitutsiyam” onlayn platformasi ishga tushirildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining oʻrinbosari Odiljon Tojiyev maʼlum qildi.
Deputatning soʻzlariga koʻra, ushbu platformada fuqarolarning Konstitutsiyaga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflari qabul qilinadi. Shuningdek, Konstitutsiyaviy komissiya faoliyati yangiliklari eʼlon qilib boriladi.
Fuqarolar oʻz takliflarini nafaqat onlayn platformaga balki, mahallalar, xalq deputatlari Kengashlari, 1341 call-markazi, pochta, shu jumladan elektron pochta hamda Telegram maxsus boti (@meningkonstitutsiyam_bot) orqali yuborishlari mumkin boʻladi.
Shu kunga qadar Komissiyaga 10 ga yaqin takliflar kelib tushgan.
“Komissiya nomiga kelib tushayotgan takliflarning aksariyati hozircha ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan. Ular Konstitutsiyaning 13,15, 29, 37, 40, 41, 53, 78, 80-moddalari bilan bogʻliq”, - deydi Tojiyev.

Kelib tushgan barcha takliflar saralanadi

Takliflar komissiyaning Takliflar bilan ishlash guruhi tomonidan koʻrib chiqiladi hamda umumlashtirilgan holda Komissiya huzuridagi Yigʻma axborot-tahlil guruhiga yuboriladi. Shuningdek, takliflar bildirgan fuqarolar bilan qayta aloqa oʻrnatilib, ularga tegishli javob qaytariladi.
Takliflar boʻyicha tayyorlangan xulosa har haftada kamida bir marotaba Komissiya aʼzolari tomonidan koʻrib chiqiladi.
Muhokama natijalari boʻyicha Konstitutsiyaga kiritilishi mumkin boʻlgan takliflar saralanib, tegishli loyiha shakllantiriladi.
Konstitutsiyaviy komissiyaning asosiy vazifalari quyidan iboratligi belgilangan:
- takliflarni toʻplash, umumlashtirish, shakllantirish asosida “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”Qonun loyihasini tayyorlash;
- davlat organlari, nodavlat tashkilotlar va mansabdor shaxslardan hujjatlar, ekspertlik xulosalari, statistik maʼlumotlar va boshqa axborotlarni soʻrab olish;
- ilmiy-tadqiqot muassasalari, olimlar, ekspertlar va mutaxassislarning Konstitutsiyaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflari yuzasidan tavsiyalarini, shuningdek, ekspertlar xulosalarini olish;
- Konstitutsiyaviy komissiyaning ishiga davlat organlari va nodavlat tashkilotlar vakillarini ekspertlar sifatida jalb qilish;
- zarurat tugʻilganda, manfaatdor davlat organlari va nodavlat tashkilotlarga oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqish uchun taqdim qilingan takliflarga asosan, boshqa qonunchilik hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish;
- konstitutsiyaviy huquq va erkinliklar buzilishi haqida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarni tegishli idoralarga koʻrib chiqish uchun yuborish.
Yangiliklar lentasi
0