Jamiyat

Toshkentda 72 yoshli bemorda noyob jarrohlik oʻtkazildi

© Foto: Oʻzbekiston SSVToshkentda 72 yoshli bemorda noyob jarrohlik oʻtkazildi
Toshkentda 72 yoshli bemorda noyob jarrohlik oʻtkazildi - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 29.05.2022
Obuna boʻlish
Yandex newsTelegram
Jarrohlikka Rossiyaning A.N.Bakulev nomidagi yurak-qon-tomir jarrohligi markazida uzoq yillar tajriba orttirib qaytgan professor boshchilik qilgan.
TOSHKENT, 29 may — Sputnik. Toshkentdagi zamonaviy klinikalardan birida noyob kardiojarrohlik operatsiyasi oʻtkazildi. Bor-yoʻgʻi yetti santimetrlik kichik kesma orqali kam invaziv usulda va ogʻir jarohatlarsiz 72 yoshli bemorning aorta klapani almashtirildi, deb xabar bermoqda Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Taʼkidlanishicha, birinchi yangilik — bemorning aortasiga oʻrnatilgan moslamada. Uni “kelajak avlod klapani” yoki “chok tikilmaydigan klapan” deb atash mumkin. Ushbu moslama organizmda 10-15 yil benuqson ishlaydi. Asoratlari esa juda kam.
Ikkinchi yangilik — mazkur klapanni oʻrnatish uchun anʼanaviy operatsiyadagi singari tanani ochib, 1,5-2 soat davomida yurakni toʻxtatib qoʻyish shart emas. Bu jarayon uchun atigi 10-15 daqiqa kifoya.
Uchinchi yangilik — operatsiyadan bir kun oʻtiboq bemor bemalol yura oladi. Jarohatlar bitishi uchun juda kam vaqt talab etiladi. Reabilitatsiya jarayoni tez va oson kechadi.
Bu yuqori texnologik amaliyotga Rossiyaning A.N.Bakulev nomidagi yurak-qon-tomir jarrohligi markazida uzoq yillar tajriba orttirib qaytgan malakali kardiojarroh, tibbiyot fanlari doktori, professor Rustam Yorbekov boshchilik qilgan.
Shifokorning qayd etishicha, u mamlakatdagi faoliyati davomida 4,5 mingdan ziyod operatsiyalarda ishtirok etdi. Ammo ulardan 28 tasi Oʻzbekistonda ilk bor bajarilgan noyob amaliyotlardir.
Bugungi operatsiya ham Oʻzbekistonda hali ommalashib ulgurgani yoʻq. Biroq shifokor-olim yaqin yillarda “kelajak avlod klapanlari” respublikada minglab bemorlarning umriga umr qoʻshishiga ishonadi.
“Avvallari mamlakatimizda bunday insonlar hayotini saqlab qolishning imkoni boʻlmagan, — deydi Yorbekov. —Qolaversa, dunyoning eng rivojlangan davlatlari klinikalarida ham bu singari operatsiyalar har doim muvaffaqiyatli oʻtkazilmagan. Endi esa Oʻzbekiston tibbiyoti yangi bosqichga koʻtarilishi, xususan, kardioxirurgiya sohasiga ilm-fanning soʻnggi yutuqlari keng tatbiq etilishi yurtdoshlarimizni uzoq yoʻl bosib, katta mablagʻ sarflab xorijiy mamlakatlarda davolanish tashvishidan xalos etdi".
Yangiliklar lentasi
0