Iqtisod

Birinchi iyuldan elektr va gaz boʻyicha tabaqalashtirilgan tariflarga oʻtiladi – tafsilotlar

© Pixabay / jplenioLampochka, illyustrativnoye foto
Lampochka, illyustrativnoye foto - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 31.05.2022
Obuna boʻlish
Yandex newsTelegram
1 iyuldan elektr va gaz narxini ijtimoiy norma asosida oshirish taklif etilmoqda. Unga koʻra, elektr energiyasi, gazni belgilangan normadan koʻproq ishlatganlar koʻproq pul toʻlashlariga toʻgʻri keladi.
TOSHKENT, 31 may — Sputnik. Vazirlar Mahkamasining “Yoqilgʻi-energetika resurslarining narxlarini oʻzgartirish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi ishlab chiqildi va jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.
Qaror loyihasi bilan 2022 yil 1 iyuldan boshlab respublika boʻyicha narxlar ijtimoiy norma asosida belgilanadi, yaʼni belgilangan miqdordan koʻproq ishlatilgan gaz va elektr uchun ikki va undan koʻproq miqdorda toʻlov amalga oshiriladi.
Ijtimoiy norma miqdorini quyidagi belgilash taklif qilinmoqda:
elektr energiyasi - 250 kVt.soatgacha;
gaz - (aprel-sentyabr oylari uchun) - 200 kub metrgacha;
gaz (oktyabr-mart oylari uchun) - 700 kub metrgacha;

Elektr energiyasi

Aholi uchun 1 kVt soat elektr energiyasi isteʼmoli oyiga 250 kVt soatgacha — 325 soʻm (hozir 295 soʻm), bundan yuqori har 1 kVt soat uchun — 650 soʻm etib belgilash taklif etilmoqda.
Misol uchun, taklif etilayotgan tabaqalashtirilgan narxlarda 250 kVt soatgacha elektr energiya ishlatadigan abonentlar uchun qoʻshimcha xarajat oyiga 7,5 ming soʻmgachani, 300 kVt soatgacha ishlatadigan abonentlar uchun 25 ming soʻmgachani va 400 kVt soatgacha elektr energiya ishlatadigan abonentlar uchun esa 61 ming soʻmgachani tashkil etadi.
Shuningdek, 1 kVt soat elektr energiyasi Navoiy KMK, Olmaliq KMK va byudjet tashkilotlari uchun — 800 soʻm, boshqa yuridik shaxslar uchun — 600 soʻm etib belgilanadi.

Tabiiy gaz

Aholi uchun 1 kub metr tabiiy gaz isteʼmoli oyiga isitish mavsumida 700 kub metrgacha — 410 soʻm (hozir 380 soʻm), bundan yuqori har 1 kub metr uchun — 1 200 soʻm, isitish mavsumidan tashqari davrda 200 kub metrgacha — 410 soʻm, undan yuqori har 1 kub metr uchun — 1 200 soʻm etib belgilash nazarda tutilmoqda.
Masalan isitish mavsumida 700 kub metrgacha tabiiy gaz isteʼmol qiluvchi abonentlar uchun qoʻshimcha xarajat oyiga 21 ming soʻmgacha, 1000 kub metrgacha isteʼmol qiluvchi abonentlar uchun qoʻshimcha xarajat oyiga 267 ming soʻmgachani tashkil etadi.
Shuningdek, isitish mavsumidan tashqari davrda 200 kub metrgacha tabiiy gaz isteʼmol qiluvchi abonentlar uchun qoʻshimcha xarajat oyiga 6 ming soʻmgacha, 300 kub m gacha isteʼmol qiluvchi abonentlar uchun qoʻshimcha xarajat oyiga 88 ming soʻmgachani tashkil qiladi.
1 kub m tabiiy gaz Navoiy KMK, Olmaliq KMK va byudjet tashkilotlari uchun — 1 300 soʻm, avtomobillarni gaz bilan toʻldirish kompressor stantsiyalari uchun — 1 200 soʻm, IESlar uchun — 1 000 soʻm hamda qolgan yuridik shaxslar uchun — 1 150 soʻm boʻladi.
Suyultirilgan gaz esa aholi uchun — 1600 soʻm miqdorida (hozir 1120 soʻm) belgilanmoqda. Bunda, 1 abonentga bir oyda oʻrtacha 20 kg suyultirilgan gaz yetkazib berilishini hisobga olsak, abonentning qoʻshimcha xarajati bir oyda 9,6 ming soʻmni tashkil etadi. "Hududgaztaʼminot" AJ korxonalari suyultirilgan gazni tuman hokimliklari bilan birgalikda tasdiqlangan grafiklarga muvofiq aholiga kunma — kun yetkazib berishni taʼminlaydi.
2023 yildan belgilanadigan narxlar
Loyihada, shuningdek, korxonalarni uzoq muddatli rejalashtirishga moslashtirish, operatsion samaradorlikni va energotejamkorlikni oshirish hamda tannarxni pasaytirish uchun "perspektiv moʻljal"ni koʻrsatish maqsadida 2023 yil 1 apreldan kuchga kiradigan yangi narxlarni ham tasdiqlash taklif etilmoqda.
Bunda, 2023 yil 1 apreldan quyidagi narxlar joriy etiladi:
Elektr energiyasi boʻyicha:
Navoiy KMK, Olmaliq KMK va byudjet tashkilotlari uchun 800 soʻm miqdoridagi narx saqlab qolinadi;
qolgan yuridik shaxslar uchun — 700 soʻm.
Tabiiy gaz boʻyicha:
issiqlik elektr stantsiyalari uchun — 1 200 soʻm;
Navoiy KMK, Olmaliq KMK va byudjet tashkilotlari uchun — 1 350 soʻm;
avtomobillarni gaz bilan toʻldirish kompressor stantsiyalari uchun — 1 400 soʻm;
qolgan yuridik shaxslar uchun — 1 350 soʻm etib belgilash.
2023 yil 1 apreldan oʻrnatiladigan yoqilgʻi-engergetika resurslarining narxlari 2024 va 2025 yillarda faqatgina inflyatsiya darajasiga indeksatsiya qilib boriladi, 2026 yildan boshlab esa elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gazning ulgurji bozoriga oʻtiladi hamda narxlar erkin shakllanadi.
Fuqarolar 15 iyungacha loyiha yuzasidan oʻz fikrlarini bildirishlari mumkin.

Ijtimoiy norma kiritishga oid asoslar

Energetika vazirligi maʼlumotlariga koʻra, oxirgi besh yilda aholiga yetkazib berilgan elektr energiyasi 11 mlrd kVt.soatdan 16 mlrd kVt.soatgacha (1,5 barobarga koʻp), tabiiy gaz hajmi esa 10 mlrd kub metrdan 13 mlrd kub metrga (1,3 barobarga koʻp) oshmoqda.
Energiya taʼminotidagi uzilishlar (2021 yilda haqiqiy talabga nisbatan 2-3 mlrd kVt.soat elektr energiyasi yetkazib berilmagan), koʻrsatiladigan xizmatlar sifatining pastligi, soha korxonalarining moliyaviy holati barqaror emasligi sababli yuzaga kelayotgan energiya resurslariga boʻlgan qoʻshimcha talabni taʼminlash uchun yangi quvvatlarini barpo etish, xususiy investitsiyalarni keng jalb etish uchun energiya resurslari bozorini bosqichma-bosqich isloh qilishni talab etmoqda.
“Qaror loyihasini ishlab chiqishda, birinchi navbatda, aholining kam taʼminlangan qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish asosiy mezon qilib olindi. Xalqaro tajriba asosida aholining kam taʼminlangan va past daromadli qatlami manfaatlaridan kelib chiqib, ijtimoiy himoya samaradorligini oshirish uchun “ijtimoiy norma” tizimi butun respublika boʻyicha amalga kiritilishi belgilanmoqda”, - deyilgan xabarda.
Respublikada elektr energiyasi isteʼmol qiluvchi jami 7,3 mln abonent mavjud boʻlib, ularning 80 foizi oyiga oʻrtacha 200 kVt.soatgacha elektr energiyasini isteʼmol qiladi.
Lekin, mazkur xonadonlarning hissasiga aholi isteʼmol qiladigan jami elektr energiyasining bor-yoʻgʻi 31 foizi (5,7 mlrd kVt s) toʻgʻri keladi.
Shuningdek, tabiiy gaz isteʼmol qiluvchi jami 4 mln abonent mavjud. Ushbu xonadonlarning 85 foizi, yaʼni 3,4 mln ta abonent oyiga oʻrtacha 500 kub metrgacha tabiiy gaz isteʼmol qiladi. Lekin, ularning hissasiga aholi jami isteʼmolining bor-yoʻgʻi 35 foizi (4,5 mlrd kub m) toʻgʻri keladi.
Taʼkidlanishicha, Yuqoridagi koʻrsatkichlar energoresurslarni isteʼmol qilishning yil davomida oʻrtacha oylik darajasini ifodalaganligi sababli, oʻrtacha oylik isteʼmolning aniq miqdorlarini aniqlash maqsadida Toshkent va Namangan viloyatlari hamda Toshkent shahridagi abonentlarda tanlanma oʻrganish oʻtkazildi.
Misol uchun, oʻrganish natijalariga koʻra ushbu hududlarda yilning isitish talab etilmaydigan davrida eski qurilgan koʻp qavatli uylarda yashovchi 86 foiz, yangi qurilgan koʻp qavatli uylarda yashovchi 65 foiz hamda hovlilarda yashovchi 57 foiz abonentlar oyiga oʻrtacha 250 kVt.soatgacha elektr energiyasi isteʼmol qilgan.
Isitish mavsumida esa eski qurilgan koʻp qavatli uylarda yashovchi
78 foiz, yangi qurilgan koʻp qavatli uylarda yashovchi 77 foiz hamda hovlilarda yashovchi 44 foiz abonentlar oyiga oʻrtacha 250 kVt.soatgacha elektr energiyasi isteʼmol qilgan.
Shuningdek, yuqoridagi hududlarda yilning isitish talab etilmaydigan davrida eski qurilgan koʻp qavatli uylarda yashovchi barcha abonentlar, yangi qurilgan koʻp qavatli uylarda yashovchi 99 foiz hamda hovlilarda yashovchi 86 foiz abonentlar oyiga oʻrtacha 200 kub metrgacha tabiiy gaz isteʼmol qilgan.
Isitish mavsumida esa eski qurilgan koʻp qavatli uylarda yashovchi barcha abonentlar, yangi qurilgan koʻp qavatli uylarda yashovchi 93 foiz hamda hovlilarda yashovchi 64 foiz abonentlar oyiga oʻrtacha 700 kub metrgacha tabiiy gaz isteʼmol qilgan.
Avvalroq Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish, Moliya va Energetika vazirliklari mamlakat energetika sohasi isloh qilinishini maʼlum qilishgani xabar qilingan edi. Unda koʻra, mamlakat boʻylab gaz va elektr energiya uchun ijtimoiy norma joriy etilishi aytilgan edi.
Yangiliklar lentasi
0