Jamiyat

Birinchi iyundan nimalar oʻzgardi

© pexels.com/Anete LusinaZametki v kalendare
Zametki v kalendare - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 01.06.2022
Obuna boʻlish
Yandex newsTelegram
Oʻzbekistonda 1 iyundan ish haqi miqdori 12 foizga oshirildi, ayrim nogironligi boʻlgan shaxslarga nafaqa bilan birga stipendiya ham beriladi.
TOSHKENT, 1 iyun — Sputnik. Adliya vazirligi 1 iyundan mamlakat qonunchiligida roʻy beradigan oʻzgarishlar haqida maʼlumot berdi.
1. Ayrim yoshlar OTMga oʻqishga qabul qilishda test sinovlarida ishtirok etish uchun undiriladigan toʻlovlardan ozod etildi.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatga olingan shaxslar va ularning farzandlari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar OTMga oʻqishga qabul qilishda oʻtkaziladigan kirish test sinovlarida ishtirok etish uchun undiriladigan toʻlovlardan ozod etiladi.
Markazlarda aholi va tadbirkorlarga elektron davlat xizmatlaridan foydalanish uchun oʻziga oʻzi xizmat koʻrsatuvchi joylar tashkil etiladi.
2. Ish haqi miqdori oshirildi.
Prezident farmoni bilan byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori 12 foizga oshirildi.
Oʻzbekiston hududida:
mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori — oyiga 920 000 soʻm;
bazaviy hisoblash miqdori — oyiga 300 000 soʻm etib belgilandi.
3. 38 turdagi davlat xizmatlarini YAIDXPda elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
4. Yosh vatandoshlarga uy-joy uchun ipoteka kreditining dastlabki badalini qoplashga subsidiya beriladi.
Xorijdagi nufuzli OTMda oʻqiyotgan, yetakchi kompaniyalarda ishlayotgan Oʻzbekiston yoshlari (yosh vatandoshlar)ga vazirliklar, idoralar va tashkilotlarda ishlashi uchun shart-sharoit yaratish maqsadida:
yosh vatandoshlar faoliyati davomida xizmat turar joylari bilan taʼminlanadi;
davlat organlari va tashkilotlarida kamida 2 yil ishlagan yosh vatandoshlarga uy-joy uchun ipoteka kreditining dastlabki badali va foizlarning bir qismini qoplashga subsidiya beriladi.
5. Ayrim nogironligi boʻlgan shaxslarga nafaqa bilan birga stipendiya ham beriladi.
“Ishga marhamat” monomarkazlarida inklyuziv taʼlim asosida kasb-hunarga oʻqitilayotgan nogironligi boʻlgan shaxslarga nogironlik nafaqasi bilan bir vaqtda, BHMning 2 baravari (600 ming soʻm) miqdorida har oylik stipendiya toʻlab beriladi.
6. Davlat tibbiyot muassasalari xodimlarining ish haqi oshirildi.
Davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot, farmatsevtika va boshqa xodimlarining oylik lavozim maoshlari:
oliy va birinchi malaka toifalariga ega tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun – 15 foizga;
ikkinchi malaka toifasiga ega va toifaga ega boʻlmagan, shuningdek, boshqa tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun – 10 foizga;
tibbiyot muassasalarining boshqa xodimlari uchun – 15 foizga oshirildi.
7. Xodimlarga Oʻzbekiston boʻylab sayohat xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi.
“Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” dasturi doirasida:
jamoa shartnomalariga ish beruvchilar tomonidan xodimlar uchun yiliga bir marotaba mahalliy sayohatga chiqish imkonini yaratish qoidalari kiritiladi;
sayohat xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi.
8. Oilaviy poliklinika xodimlarining kunduzgi ish vaqti uzaytirilib, ularga qoʻshimcha ustama haqi toʻlanadi.
Oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinika va tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarida kunduzgi statsionar ish vaqti soat 20:00 ga qadar uzaytiriladi hamda ularda ishlovchi tibbiyot xodimlari uchun qoʻshimcha ustama haqi belgilanadi.
Shuningdek, qon bilan bevosita ishlayotgan davlat tibbiyot muassasalari xodimlari gepatit “V” kasalligiga qarshi bepul emlanishi yoʻlga qoʻyiladi.
9. Ayrim xorijiy davlatlarda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakili ish boshlaydi.
Rossiya, Turkiya hamda Qozogʻistonning tegishli hududlarida (12 ta) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakillik instituti joriy qilinadi.
Yangiliklar lentasi
0