Rossiya

Rossiyalik olimlar saratonga qarshi zarari kam dori oʻylab topishdi

Onkologiya - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 06.06.2022
Obuna boʻlish
Yandex newsTelegram
Olimlarning fikricha, preparat organizmdagi sogʻlom hujayralar uchun zaharli boʻlmaydi.
TOSHKENT, 6 iyun – Sputnik. Moskva elektron texnika milliy izlanishlar universiteti - NIU MIET oʻpka saratoniga qarshi yangi samarali dori oʻylab topishdi. Polshalik hamkorlar bilan birgalikda ishlab chiqilgan dori organik majmuaga asoslangan.
Undan foydalanish tartibi oddiy hamda saratonga qarshi aksariyat dorilardan farqli oʻlaroq sogʻlom hujayralarga kam zarar yetkazadi, deb yozadi “RIA Novosti” Xalqaro Molekulyar fanlar jurnaliga tayanib.
Rossiyalik va polshalik tadqiqotchilar yuqori antitumor faollikka ega istiqbolli birikmani sintez qilishdi. Ularning fikricha, ushbu modda asosida oʻpka saratoniga qarshi kurashadigan, sogʻlom hujayralar uchun zaharli boʻlmagan yangi samarali dori yaratish mumkin.
"Ishlab chiqish organik ligand molekulalariga asoslangan boʻlib, ularning faol qismi mis, rux va kadmiy kabi metall komplekslaridir. Biz kumush nanozarrachalarini jismoniy yotqizish orqali ularning xususiyatlarini oshirdik. Tahlil shuni koʻrsatdiki, kadmiy bilan komplekslar oʻsimtaga qarshi eng yuqori faollikni namoyish etadi " - dedi NIU MIET dotsenti Sergey Dubkov.
MIETda ishlab chiqilgan texnologiya boʻyicha kompleks tarkibiga kiruvchi kumush nanozarrachalar preparatning membranaga kirib borishiga va saraton hujayralarining ichki qismlarida toʻplanib, ularni ichkaridan yoʻq qilishga yordam beradi.
Tadqiqotchilarning taʼkidlashicha, ular taklif qilayotgan kompleks asosidagi vosita "aqlli" yetkazib berish texnologiyalari yordamida saraton hujayralariga yetib boradi.
“Tadqiqotlar kumush nanozarrachalar kompleksning hujayraning deyarli barcha elementlari, jumladan, mitoxondriya, yadro va endoplazmatik toʻrga nisbatan taʼsirining kuchayishiga olib kelishini koʻrsatdi”, — deya qoʻshimcha qildi Dubkov.
Ayni paytda bir guruh olimlar yangi preparatning oʻsmaga qarshi xususiyatlarini oshirish boʻyicha keyingi tadqiqotlar ustida ishlamoqda. Bu boradagi ishlar Taʼlim va fan vazirligining “Ustuvor vazifa – 2030” Davlat dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) maʼlumotlariga koʻra, oʻpka saratoni dunyoda tarqalishi boʻyicha, koʻkrak saratonidan keyin ikkinchi oʻrinda turadi. Oʻpka saratoni erkaklar orasida eng koʻp uchraydi. Saraton kasalligining taxminan 80-90% chekish bilan bogʻliq.
Sisplatin asosidagi dorilar (kimyoterapiyada qoʻllaniladigan dori) endi saraton kasalligini davolash uchun ishlatiladi. Ular saraton hujayralarining oʻsishini sekinlashtirishi va toʻxtatishi mumkin. Shuningdek, ushbu dorilar sogʻlom hujayralarga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin, bu esa tananing umumiy holatiga salbiy taʼsir qiladi.
Yangiliklar lentasi
0