Iqtisod

Markaziy bank asosiy stavka nega 16 foizgacha pasaytirilganini tushuntirdi

© Sputnik / Zafar XalilovTashkent. Tsentralnыy bank Uzbekistana
Tashkent. Tsentralnыy bank Uzbekistana - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 09.06.2022
Obuna boʻlish
Yandex newsTelegram
Bank xabariga koʻra, stavkaning pasaytirilishi “qatʼiy” pul-kredit sharoitlarini saqlab qolgan holda tashqi xatarlar uchun qoʻshilgan qoʻshimcha yuklamani neytrallashtirishga qaratilgan.
TOSHKENT, 9 iyun — Sputnik. Oʻzbekiston Markaziy banki asosiy stavkani yillik 17 foizdan 16 foizgacha pasaytirdi.
“Tashqi iqtisodiy xatarlarning qisqa muddatli salbiy toʻlqinlarining ortda qolganligi, aprel-may oylarida ichki valyuta bozorining barqarorlashuvi, valyuta oqimlari va milliy valyutadagi muddatli depozitlar oʻsuvchi dinamikasining tiklanganligini inobatga olib Markaziy bankning asosiy stavkasi yillik 16 foizgacha pasaytirildi”, - deyiladi bank xabarida.
Qayd etilishicha, stavkaning pasaytirilishi inflyatsion xatarlarni jilovlashga yoʻnaltirilgan “qatʼiy” pul-kredit sharoitlarini saqlab qolgan holda tashqi xatarlar uchun qoʻshilgan qoʻshimcha yuklamani neytrallashtirishga qaratilgan.

Tashqi iqtisodiy sharoitlar

MB savdo-hamkorlarda kuzatilgan xatarli vaziyatning mamlakat iqtisodiyotiga qisqa muddatli salbiy toʻlqinlari ortda qolgani va dastlabki baholashlardan farqli ravishda soʻnggi ikki oyda ijobiy tendentsiyalar kuzatilayotganini taʼkidlagan.
Xususan, tashqi savdo operatsiyalari hajmlari va pul oʻtkazmalarning yuqori surʼatlarda tiklanishi ichki valyuta bozorida taklifni koʻpaytirib, mos ravishda soʻm qadrining mustahkamlanib borishini qoʻllab-quvvatlamoqda.
Yanvar-mart oylarida mamlakatga oʻrtacha oylik 490 mln dollarlik pul oʻtkazmalari kirib kelgan boʻlsa, aprel-may oylarida bu koʻrsatkich 1,3 mlrd dollarga yetgan. Oylik eksport tushumlari hajmi yanvar-mart oylariga nisbatan 1,3 barobarga oshdi, eksport tushumlari hisobidan ichki valyuta bozorida sotilayotgan mablagʻlar miqdori 1,4 barobarga koʻpaydi.
Soʻmning AQSH dollariga nisbatan almashuv kursi 2022 yil mart oyining birinchi yarmida oʻzining yuqori darajasiga yetib, yil boshiga nisbatan 6,8 foizga qardsizlangan boʻlsa, mart oyining ikkinchi yarmidan bugungi kunga qadar 5,1 foizga mustahkamlandi. Natijada, soʻmning yil boshidan qadrsizlanishi 1,6 foiz doirasida shakllandi.

“Umuman olganda, may oyi yakunlari boʻyicha soʻmning real almashuv kursi oʻzining uzoq muddatli trendiga yaqinlashdi (2019 yil sentyabr oyidagi darajaga nisbatan mustahkamlanish 2 foiz) va tashqi raqobatbardoshlikka salbiy taʼsir koʻrsatmaydigan dinamika hosil qilmoqda”, - deyiladi xabarda.

Ayni paytda oltin valyuta zaxiralarining “neytrallik tamoyili” boʻyicha Markaziy bank ichki valyuta bozoriga aprel-may oylarida, soʻm almashuv kursning qisqa muddatda keskin mustahkamlanib ketishini oldini olish maqsadida bozordan 523 mln dollarlik valyuta mablagʻlarini sotib olgan.
Umuman olganda, yil boshidan “neytrallik tamoyili” boʻyicha ichki valyuta bozoriga interventsiya qilinmagan miqdor qariyb 1 mlrd dollarni tashkil etadi va kelgusida almashuv kursining barqarorligini taʼminlashga qoʻshimcha manba boʻlib xizmat kiladi.
Shu bilan birgalikda, yil soʻngigacha jahon iqtisodiyotida makroiqtisodiy jihatdan noaniqlik va xatarlar saqlanib qolmoqda.

Iqtisodiy faollik

Maʼlum qilinishicha, soʻnggi oylarda tijorat banklari tomonidan iqtisodiyotni kreditlash faolligi va surʼatlarida biroz sekinlashish dinamikasi kuzatilmoqda.
2022 yil may oyi yakuni boʻyicha iqtisodiyotga ajratilgan kreditlar qoldigʻining yillik oʻsishi 17,4 foizni tashkil etib, kutilayotgan YAIM nominal hajmining oʻsish surʼatidan maʼlum darajada past shakllanmoqda.
Shuningdek, iqtisodiyotga yoʻnaltirilayotgan kreditlar miqdori joriy yilning birinchi choragida oʻtgan yilga nisbatan 13,6 foizga oʻsgan boʻlsa, yanvar-may oylarida oʻsish surʼati 8,8 foizgacha sekinlashdi.
Markaziy bank kuzatuvlariga koʻra, soʻnggi ikki oyda iqtisodiyot tarmoqlarida faollik indeksi mart oyidagi 54 dan may oyida 53 bandgacha pasayganligi qayd etildi. Bunda, xizmat koʻrsatish va savdo sohalarida faollikning birinchi chorakka nisbatan maʼlum darajada susayishi kuzatildi.

Ichki narxlar dinamikasi va inflyatsion kutilmalar

May oyi yakuni boʻyicha yillik inflyatsiya darajasi 11 foizni tashkil qildi va prognoz trayektoriyasi doirasida boʻldi.
Bunda, tarkibiy jihatdan nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari yillik oʻsishi 10,3 foizni va xizmatlar narxlari – 6,2 foizni tashkil etib, umumiy inflyatsiyadan past darajada shakllandi. Oziq-ovqat tovarlari guruhidagi narxlar dinamikasi tashqi bozorlardagi narxlarga hamohang oʻsuvchi xarakterga ega boʻlmoqda.
MB meva-sabzavotlar guruhidagi mahsulotlar narxlarida mavsumiy pasayishlar, umumiy inflyatsiyaga kamaytiruvchi ahamiyat kasb etayotgan boʻlsa, ayrim turdagi asosiy oziq ovqatlar va nooziq-ovqat mahsulotlari narxlarida oʻsish kuzatilayotganini taʼkidlagan.
Yuzaga kelayotgan inflyatsion jarayonlar koʻproq taklif omillari bilan bogʻliq boʻlib, mintaqadagi joriy geosiyosiy vaziyatning mahsulot yetkazib berish, transport-logistika jarayonlariga salbiy taʼsirini oʻzida ifoda etadi.
Aholi va tadbirkorlik subʼyektlarining kelgusi oʻn ikki oylik kutilmalari joriy yil aprel oyida sezilarli darajada pasayish kuzatilgan boʻlsa, may oyida tartibga solinadigan narxlar bilan bogʻliq oʻzgarishlar boʻyicha informatsion oqimlar natijasida qisqa muddatli inflyatsion kutilmalarni oshishi kuzatildi.
Yoz oylarda meva va sabzavotlar narxlari yanada arzonlashishini, soʻnggi oylarda kuzatilgan soʻm almashuv kursining narxlarga oʻtkazma taʼsirlarining pasaytiruvchi xususiyat kasb etishi va kutilayotgan tarif erkinlashtirishlarni inobatga olib joriy yil yakunlari boʻyicha inflyatsiya prognozi 12-14 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirildi.
Ichki bozorlarda narxlarni muvozanatlashtirish maqsadida Hukumat isteʼmol bozorlarida mahsulotlar taklifini koʻpaytirish, logistik qiyinchiliklarni bartaraf etish, muqobil import yoʻnalishlari orqali asosiy isteʼmol tovarlariga boʻlgan talabni qondirish boʻyicha choralarni koʻrib bormoqda.

Pul-kredit sharoitlari

Aprel-may oylarida pul bozoridagi amaliyotlar boʻyicha oʻrtacha foizlar 18 foiz atrofida shakllanib, qisqa muddatli resurslar bozorida “qatʼiy” pul-kredit sharoitlarini taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Milliy valyutadagi muddatli depozitlar boʻyicha taklif etilayotgan foiz stavkalari (21-23 foiz) aholining inflyatsion kutilmalarga nisbatan ham ijobiy tafovutda shakllanib, milliy valyutada jamgʻarishning jozibadorligini taʼminlamoqda.
Mart oyida kuzatilgan milliy valyutadagi depozitlarning vaqtinchalik pasayuvchi surʼati aprel-may oylarida toʻliq oʻsuvchi tendentsiyaga oʻzgardi va aholining muddatli depozitlari hajmi yil boshiga nisbatan 22,4 foizga oʻsdi.
“Shu bilan birga, soʻnggi ikki oyda muomaladagi naqd pullar hajmining yuqori surʼatlarda oʻsishi kuzatilmoqda. Bu, asosan, aholi tomonidan transchegaraviy pul oʻtkazmalari orqali kelgan xorijiy valyuta mablagʻlarini banklarga sotish hajmining oshishi va bir martalik ijtimoiy yordam pullarini may oyida toʻlanishi bilan izohlanadi. Xususan, oʻtgan besh oyda banklarning aholidan valyuta xaridi va aholiga valyuta sotuvi oʻrtasidagi ijobiy tafovut 1,5 mlrd dollarni tashkil etdi”, - deyilgan xabarda.
Milliy valyutada ajratilgan kreditlar boʻyicha foiz stavkalar oʻrtacha 22-23 foiz doirasida shakllandi.

Maroiqtisodiy kutilmalar

Mamlakatga eksport tushumlari, pul oʻtkazmalari va toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar orqali kirib kelayotgan valyuta oqimlari ichki valyuta bozorida taklifni qoʻllab-quvvatlab, qisqa va oʻrta muddatli istiqbolda soʻm almashuv kursining barqarorlashuviga xizmat qilishi kutilmoqda.
Valyuta kursining barqarorligi, oʻz navbatida, narxlarga nisbatan “import inflyatsiyasi” taʼsirini yumshatuvchi ahamiyatga ega boʻladi.
Iqtisodiyotda real foiz stavkalar ijobiyligini taʼminlash orqali milliy valyutadagi aktivlar jozibadorligini oshirish hamda bank tizimi umumiy likvidligini tartibga solish orqali qabul qilinayotgan qarorlarning iqtisodiyotga samarali oʻtishiga erishish maqsadida yil yakuniga qadar:
likvidlikni jalb etishga qaratilgan overnayt depozit operatsiyalari va ikki haftalik depozit auktsionlari cheklovlarsiz amalga oshiriladi;
Markaziy bank tomonidan muomalaga chiqariladigan qisqa muddatli obligatsiyalar oylik oʻrtacha qoldigʻi boʻyicha limitlar 25 trln. soʻmgacha yetkaziladi;
tijorat banklari tomonidan auktsionlarda xarid qilinadigan Markaziy bank obligatsiyalari boʻyicha daromadlilik asosiy stavkaning yuqori chegarasi darajasi saqlab qolinadi.
Markaziy bank oʻrta muddatli makroiqtisodiy prognozlarni ikkinchi chorak yakunlari boʻyicha yangilashni rejalashtirmoqda. Asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi tayanch yigʻilishi 2022 yil 21 iyul sanasiga belgilangan.
Yangiliklar lentasi
0