Jamiyat

Transplantatsiya shartlarini buzganlar javobgarlikka tortiladi

© Sputnik / Ilya Pitalev / Fotobankka oʻtishXirurgi vo vremya operatsii
Xirurgi vo vremya operatsii - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 14.06.2022
Obuna boʻlish
Yandex newsTelegram
Inson aʼzolari va toʻqimalarini olish maqsadida odam oʻgʻirlaganlik yoki odam savdosi bilan shugʻullanganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
TOSHKENT, 14 iyun — Sputnik. Transplantatsiya sohasida qonunchilik normalarini buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Senatorlar yalpi majlisda “Inson aʼzolari va toʻqimalarining transplantatsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonunni muhokama qilishdi.
Aytilishicha, “Inson aʼzolari va toʻqimalarining transplantatsiyasi toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilingandan soʻng koʻplab fuqarolardan buyrak va jigar transplantatsiyasi masalasida murojaatlar kelib tushgan.
Ushbu hujjatda transplantatsiya sohasida qonunchilik normalarini buzganlik uchun Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga, shuningdek, “Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi hamda “Dafn etish va dafn ishi toʻgʻrisida”gi qonunlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Unga koʻra quyidagi holatlarda javobgarlik belgilanmoqda:
inson aʼzolari va toʻqimalarini olish, transplantatsiya qilishning belgilangan shartlari hamda tartibini buzganlik;
vafot etgan odamning aʼzolarini yoki toʻqimalarini u tirikligida uning roziligini olmay turib, ilmiy yoki taʼlim maqsadlarida buzilmaydigan holda saqlash uchun olganlik;
inson aʼzolarining va toʻqimalarining oldi-sotdisi bilan shugʻullaganlik;
insonning transplantatsiya qilinadigan aʼzolarini va toʻqimalarini mamlakat tashqariga olib chiqqanlik.
Qolayersa, koʻpchilikni xavotirga solayotgan inson aʼzolari va toʻqimalarini olish maqsadida odam oʻgʻirlaganlik yoki odam savdosi bilan shugʻullanganlik uchun ham javobgarlik belgilanmoqda.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Eslatib oʻtamiz, prezident tomonidan imzolangan OʻRQ-768-sonli qonunga koʻra, inson aʼzolarini yoki toʻqimalarini uning murdasidan olishga uning tiriklik chogʻidagi notarial tartibda tasdiqlangan yozma roziligi mavjud boʻlgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
Yangiliklar lentasi
0