Kechagi gʻalaba Timur Kapadzening yutugʻi - futbol sharhlovchilari
18:29 16.06.2022 (yangilandi: 18:54 16.06.2022)
Futbol sharhlovchilari va mutaxassislar Oʻzbekiston U23 terma jamoasining soʻnggi gʻalabalarida jamoa murabbiyning hissasi katta ekanini qayd etishmoqda.
TOSHKENT, 16 iyun - Sputnik. Kechagi gʻalaba Timur Kapadzening yutugʻi, dedi taniqli futbol sharhlovchisi Mirzahakim Toʻxtamirzayev, Sputnik muxbiri bilan boʻlgan suhbatda.
“Kechagi gʻalaba jamoa murabbiysi Timur Kapadzeni yutugʻi, deb hisoblayman. Chunki darvozabon hamda boshqa oʻyinchilar bilan bogʻliq muammolar boʻlgan vaqtda hamda tomoshabinlar stadionga kiritilmagan vaziyatda murabbiy jamoani ruhan tayyorladi va chiroyli oʻyin koʻrsatdi”, - deydi Toʻxtamirzayev.
Mutaxassis aytishiga koʻra, Yaponiya tezkor hujum va original harakatlarga qodir jamoa. Shu nuqtai nazarda kechagi gʻalabada murabbiyning jamoaga boʻlgan ishonchi ham yaqqol koʻrindi.
“Kecha oʻzimizning futbolchilar olgʻir yaponiyaliklar ustidan gʻalaba qozonishdi. Bu gʻalabaga faqat gollar hisobiga emas, tinimsiz mehnat va tezkorlik evaziga erishildi, desa ham boʻladi.
Yana bir holat, oʻyinning ikkinchi taymida hisob 1:0 boʻlib turgan vaqtda, Timur Kapadze qoʻrqmasdan oʻyinchilarni almashtirdi. Muhimi murabbiy oʻz shogirdlariga ishondi va bu ishonch xalqimizga gʻalabani tuhfa etdi”, - deydi faxr bilan Mirzahakim Toʻxtamirzayev.
© FacebookMirzahakim Toʻxtamirzayev

Mirzahakim Toʻxtamirzayev
© Facebook
Sohaning yana bir mutaxassis professional sharhlovchi Murodjon Rizayev ham Oʻzbekiston – Yaponiya oʻyinida Timur Kapadzening oʻrni qanchalik muhim ekaniga eʼtibor qaratdi.
“Timur Kapadze yaxshi tarkib tuzgan, tan olish kerak, u jahon maydonlarini koʻrgan professional murabbiy. Eʼtiborli jihati, stadionda muxlislarni koʻpligi baʼzida oʻyinchilarga turtki boʻlsa, baʼzida bosim beradi. Kechagi bahsda muxlislarning kiritilmagani oʻyinchilarning foydasiga ishladi, deb oʻylayman.
Yaponlarning hujumlari kuchli boʻlsada, bizning oʻyinchilar taktik sxema bilan ajoyib harakat qilishdi va ancha erkin oʻynashdi. Hakam ham oʻyinni mahorat bilan boshqardi. Bu yerda qoʻshimcha kuchlar, oʻyinchilarning vaqtida almashtirilganligi, murabbiyning “V”, “S” reja bilan ishlaganligi foyda boʻldi”, - deydi Rizayev.
© FacebookMurodjon Rizayev

Murodjon Rizayev
© Facebook
Oʻz tariximizda chempion boʻlib qolishimiz kerak! - Kapadze
U23 Osiyo Kubogi doirasida boʻlib oʻtgan oʻyinlardan soʻng muxlislarning cheksiz ishonchini qozongan murabbiy, boʻlajak oʻyindan yagona va oliy maqsad chempion boʻlish ekanini taʼkidladi.
“Har bir oʻyin murabbiy uchun bitta imtihon, u ogʻir va oʻziga xos darajada hayajonli boʻladi. Yaponiyaliklar ustidagi gʻalabada jamoa oʻyinchilari barcha topshiriqlarni aʼlo darajada bajarishdi. Oʻz tariximizda biz chempion boʻlib qolishimiz va ishonchni oqlashimiz zarur. Qaysi jamoa bilan bahsga kirishsak ham mana shu oliy maqsadimiz sari olgʻa intilaveramiz”, - deydi Kapadze.
Shu yubilan birga murabbiy Saudiya Arabistoni kuchli raqib ekanini qayd etib jamoa oʻzining eng yaxshi oʻyinini namoyish etishiga ishonch bildirdi.
“Saudiya Arabistoni tajribali oʻyinchilar toʻplangan juda kuchli jamoa, biz ushbu oʻyinga katta shijoat bilan tayyorlanamiz va muxlislarimizga eng yaxshi oʻyinni taqdim etamiz”, - deydi Kapadze.
Maʼlumot uchun, U23 Osiyo Kubogi 2022 musobaqasining Saudiya Arabistoniga qarshi hal qiluvchi bahsi “Bunyodkor” stadionida 19 iyun kuni muxlislar ishtirokida boʻlib oʻtadi. Bu Oʻzbekiston U23 jamoasi uchun soʻnggi 4 yildagi ikkinchi final bahsi boʻladi.