Shavkat Mirziyoyev: Yangi O‘zbekiston, Yangi Qoraqalpog‘istonni birgalikda quramiz

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaPrezident Shavkat Mirziyoyev v Karakalpakstane
Prezident Shavkat Mirziyoyev v Karakalpakstane - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 02.07.2022
Obuna bo‘lish
Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqiga murojaat qildi.
TOShKENT, 2-iyun - Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari va faollari bilan uchrashuvda xalqiga murojaat qildi.
"Shu kunlarda mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha umumxalq muhokamasi davom etmoqda, - dedi Mirziyoyev. - Albatta, konstitutsiyaviy islohotlarimiz Vatanimizning bugungi va kelajak hayoti uchun g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘lgan masaladir.
Muhokamalarda ko‘pmillatli xalqimiz o‘zining ko‘plab taklif va tavsiyalarini bildirmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi e’lon qilingan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasidan o‘tkaziladi. Shundan so‘ng fuqarolar tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalar asosida Qonunchilik palatasi tomonidan takomiliga yetkaziladi.
Keyin esa mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi referendumiga qo‘yilib, fuqarolarimiz erkin ovoz berish orqali o‘zlarining bu masala bo‘yicha xohish-irodasini ifoda etadi.
Shundan keyingina O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar qonuniy tusga kiradi".
"Bir so‘z bilan aytganda, yangilanayotgan Konstitutsiyamizni takomiliga yetkazish uchun qancha vaqt va muddat kerak bo‘lsa, bu jarayon shuncha davom etadi. Bu borada faqat xalqimiz bilan bamaslahat ish olib boramiz.
Lekin, ayrim joylarda ushbu masalaning mohiyatini talqin qilishda tushunmovchilik holatlari uchramoqda.
Jumladan, loyihada ko‘zda tutilgan, Qoraqalpog‘iston Respublikasiga oid ayrim normalarga bir guruh shaxslar tomonidan norozilik bildirilgan. Buning natijasida joriy yil 1-iyul kuni Nukus shahrining markaziy ko‘chalarida namoyishlar uyushtirilgan.
Ular tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlari binolarini noqonuniy egallashga urinish harakatlari sodir etilgan.
Shu munosabat bilan quyidagi fikrlarni alohida ta’kidlashni zarur, deb hisoblayman.
Xalqimiz hukmiga havola etilgan mazkur Konstitutsiyaviy qonun loyihasi hali qabul qilinmagan, umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan, xolos.
Yana bir bor ta’kidlayman: fuqarolarimizning xohish-irodasi, taklif va fikrlaridan kelib chiqqan holda, ushbu loyiha o‘zgaradi va takomiliga yetkaziladi".
"Shundan kelib chiqqan holda hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining o‘ziga xos etnik, madaniy xususiyatlari, milliy urf-odat va qadriyatlari, alohida huquqiy maqomini e’tiborga olib, loyihadagi Qoraqalpog‘iston Respublikasining huquqiy maqomiga oid normalarni o‘zgartirishsiz qoldirish zarur, deb hisoblayman. Ya’ni, Konstitutsiyaning 70, 71, 72, 74, 75 moddalari o‘zgarishsiz qoldiriladi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidan ushbu masalani tez kunlarda ko‘rib chiqishni so‘rayman.
Qadrli Qoraqalpog‘iston ahli! Takror aytaman – asrlar davomida o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari o‘rtasida shakllangan azaliy do‘stlik va qardoshlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat, og‘izbirchiligimizni asrab-avaylaylash, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlik muhitini saqlash – barchamizning burchimizdir.
Konstitutsiyaviy islohotlarimizning bosh maqsadi ham aynan mana shundan iborat".
"Yangi O‘zbekiston, Yangi Qoraqalpog‘istonni albatta birgalikda quramiz. Shu sohadagi barcha islohotlarimiz, muhokamalarimiz, hech shubhasiz, demokratiya va huquqiy mezonlar asosida amalga oshirilishi zarur.
Ayni vaqtda tinchlik va osoyishtalik, jamoat xavfsizligini buzishga urinayotgan har qanday shaxslarga nisbatan qonun doirasida qat’iy choralar ko‘riladi.
O‘zbekistonda “Qonun – ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar” degan qoidani amalda ta’minlash uchun barcha kuch va imkoniyatlar yetarli.
Hozirgi vaziyatda barcha yurtdoshlarimizni hamjihatlik va birdamlikka, oqilona ish ko‘rishga, turli g‘arazli chaqiriq va harakatlarga berilmaslikka da’vat etaman.
Men olijanob va bag‘rikeng qoraqalpoq xalqining aql-idroki va donishmandligiga ishonaman", - dedi Shavkat Mirziyoyev so‘zining yakunida.
Yangiliklar lentasi
0