Jamiyat

Mirziyoyev: ming afsuski, tinch aholi va huquq-tartibot xodimlari orasida qurbonlar bor

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev vыstupil s zayavleniyem po situatsii v Karakalpakstane
Shavkat Mirziyoyev vыstupil s zayavleniyem po situatsii v Karakalpakstane - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 03.07.2022
Obuna boʻlish
Yandex newsTelegram
Ming afsuski, tinch aholi va huquq-tartibot organlari xodimlari orasida qurbonlar bor - Shavkat Mirziyoyev.
TOSHKENT, 3 iyul — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesida deputatlar, faxriy va faollar bilan uchrashuv oʻtkazmoqda.
Davlat rahbari vatandoshlar va Joʻqorgʻi Kenges deputatlariga murojaat qildi.
"Soxta axborotlarni tarqatishning sinalgan texnologiyalaridan, ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatidan foydalangan holda, buzgʻunchi kuchlar aniq maqsadni koʻzlab, fuqarolarni Konstitutsiyaga xilof faoliyatga jalb etmoqda.
Ularning asosiy maqsadi jamiyatni parokanda qilish, davlatimiz tomonidan olib borilayotgan bunyodkorlik siyosatiga boʻlgan ishonchni susaytirish, Oʻzbekistonning hududiy yaxlitligiga putur yetkazishdan iborat", dedi prezident.
Prezident Shavkat Mirziyoyev:
"Ilgari xabar qilinganidek, bir guruh shaxslar 2022 yil 1 iyul kuni Nukus shahrida soxta shiorlarni oʻziga niqob qilib olgan holda, fuqarolarning ishonchiga kirib, ularning fikrini chalgʻitib, hokimiyat vakillarining qonuniy talablariga boʻysunmasdan, tartibsizliklar keltirib chiqardi, mahalliy davlat hokimiyati organlari binolarini egallab olishga urindi.
Ular 2022 yil 2 iyul kuni jamoat tartibini buzishga qaratilgan harakatlarni toʻxtatish haqidagi talablarga quloq solmasdan, respublikaning maʼmuriy markazidagi asosiy koʻchalarda buzgʻunchi harakatlarni davom ettirdi.
Bundan tashqari, tartibsizliklarda qatnashgan ayrim kimsalar huquq-tartibot organlari xodimlari bilan toʻqnashuvlarni keltirib chiqarishga, qoʻriqlanadigan hududlarga zoʻravonlik bilan bostirib kirishga urindi, binolarga tosh va turli buyumlar otishdi.
Shahar boʻylab yurish davomida ular infratuzilma obʼyektlariga sezilarli darajada zarar yetkazishdi. Binolarning oynalarini sindirib, yongʻinlar sodir etishdi. Bir nechta guruhlar qurol-yarogʻlarni qoʻlga kiritish maqsadida Nukus shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Milliy gvardiya boshqarmasi binolarini egallashga urinishdi.
Ushbu kimsalar son jihatiga koʻra nisbiy ustunlikdan foydalanib, huquq-tartibot organlari xodimlariga hujum qilishdi, ularni ayovsiz kaltaklab, ogʻir tan jarohatlari yetkazishdi.
Ming afsuski, tinch aholi va huquq-tartibot organlari xodimlari orasida qurbonlar bor".
“Mamlakatimiz Konstitutsiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasining “Favqulodda holat toʻgʻrisida”gi qonuniga muvofiq, fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonuniylik va huquq-tartibotni tiklash maqsadida men 2022 yil 3 iyuldan 2 avgustga qadar “Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida favqulodda holat joriy etish haqida”gi farmonni imzoladim.
Ishonchim komil, ushbu farmon ijrosini taʼminlash davomida koʻpmillatli Qoraqalpogʻiston xalqi mamlakatimiz ravnaqi va farovonligining poydevori boʻlgan tinchlik va barqarorlik, fuqarolar oʻrtasida hamjihatlikni taʼminlash uchun birlashib, barcha kuch va imkoniyatlarini safarbar etadi.
Yana bir bor taʼkidlab aytmoqchiman: “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi eʼlon qilindi va umumxalq muhokamasidan oʻtmoqda. U faqat Oʻzbekiston xalqining taklif va fikrlari asosida oʻzgartiriladi va takomilga yetkaziladi.
Shundan soʻng mazkur loyiha Oʻzbekiston Respublikasi referendumiga qoʻyiladi va fuqarolarimiz erkin ovoz berish yoʻli bilan oʻz xohish-irodasini ifoda etadilar. Faqat shundan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritiladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar qonuniy kuchga ega boʻladi.
Bunday yondashuv “Xalq – Konstitutsiyaning birdan-bir manbai va muallifi”, degan printsipga toʻla mos keladi. Faqat shundagina har bir vatandoshimiz “Yangi Oʻzbekiston Konstitutsiyasi – bu mening Konstitutsiyam”, deb gʻurur bilan ayta oladi.
Konstitutsiyaga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha muhokamalar jarayoni davom etmoqda. Qoraqalpogʻiston aholisi tomonidan bildirilayotgan fikrlarni oʻrganish asosida Joʻqorgʻi Kenges deputatlari, muhtaram nuroniylarimiz hamda Qoraqalpogʻiston faollari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda men Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining Qoraqalpogʻiston Respublikasining huquqiy maqomiga oid 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda, oʻzgartirmasdan qoldirishni taklif etdim.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yaqin kunlarda bu masalani koʻrib chiqadi".
Yangiliklar lentasi
0