Mirziyoyev Nukus shahrida yuz bergan voqealar yuzasidan Bosh prokurorga topshiriq berdi

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaPrezident Shavkat Mirziyoyev
Prezident Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 06.07.2022
Obuna bo‘lish
Bosh prokurorga har bir holatni chuqur va xolisona o‘rganish va voqea ishtirokchilarining xatti-harakatlariga adolatli huquqiy baho berish topshirig‘i berildi.
TOShKENT, 6-iyul – Sputnik. Nukus shahrida yuz bergan voqealarda kuch tuzilmalarining harakatlari ham chuqur tahlil qilinadi. Prezident Nukusdagi harakatlarga adolatli huquqiy baho berish yuzasidan Bosh prokurorga topshiriq berdi.
Shavkat Mirziyoyev arxitektura, qurilish va shaharsozlik masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish avvalida Qoraqalpog‘istonda yuz bergan namoyishlarga ham to‘xtalib o‘tdi.
“Nukus shahrida yuz bergan voqealar natijasida, afsuski, bir qancha fuqarolar halok bo‘ldi va jabr ko‘rdi. Shu munosabat bilan o‘z yaqinlarini yo‘qotgan oilalarga chin yurakdan hamdardlik bildiraman. Shifoxonalarda davolanayotgan bemorlarga esa tezroq sog‘ayib ketishlarini tilayman”, deydi prezident.
Ta’kidlanishicha, bu harakatlarga chetdagi g‘arazli kuchlar tomonidan yillab tayyorgarlik ko‘rilgan. Ularning asl maqsadi O‘zbekistonning hududiy yaxlitligiga tajovuz qilish va millatlararo nizo keltirib chiqarishga qaratilgan.
Bo‘lib o‘tgan voqealarni har tomonlama chuqur va xolisona tergov qilish uchun Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari boshchiligida tergov va surishtiruv guruhi ish olib bormoqda.
Shuningdek, bu jarayonga xolis tomonlarni, ya’ni, jamoatchilik vakillari, deputatlar va faollarni ham jalb qilish zarurli qayd etildi.
Shuning uchun, Bosh prokuror N.Yo‘ldoshevga har bir holatni chuqur va xolisona o‘rganish va voqea ishtirokchilarining xatti-harakatlariga adolatli huquqiy baho berish topshirig‘i berildi.
Kuch tuzilmalarining harakatlari ham chuqur tahlil qilinishi, agar ular tomonidan noto‘g‘ri kuch ishlatilgan bo‘lsa, amaldagi qonunchilikka asosan ularning ham jinoiy javobgarligi ta’minlanishi ham aytib o‘tildi.
Shavkat Mirziyoyev o‘z so‘zida hozirgi vaqtda Qoraqalpog‘istondagi vaziyat izga tushayotgani, eng asosiysi, aholining tinchligi va hayotiga hech narsa xavf solayotgani yo‘qligi haqida ham gapirib o‘tdi.
Ma’lum qilinishicha, iqtisodiyot tarmoqlari ishlamoqda, odamlar kundalik ishlari va yumushlari bilan band. Dehqonlar o‘z dalasida ishlamoqda, peshona teri bilan yaratgan hosillarini yig‘ishtirmoqda.
Bozorlar, do‘konlar va boshqa xizmat ko‘rsatish obyektlari faoliyat yuritmoqda. Mamlakatning barcha hududlaridan bu yerga oziq-ovqat va boshqa zarur mahsulotlar yetkazib berilmoqda.
Davlat hokimiyati organlari, jamoatchilik vakillari va huquqni muhofaza qilish tuzilmalari tomonidan hududda barqaror vaziyatni ta’minlash bo‘yicha uyushgan va muvofiqlashgan holda ish olib borilmoqda.
Yangiliklar lentasi
0